Asosiy maqsadimiz Olimpiadaga yo‘llanma olish – Kapadze

Sport 16665
image

O‘zbekiston U-23 terma jamoasi bosh murabbiyi Temur Kapadze asosiy maqsadi 2024 yilda Parijda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olish ekanligini ma’lum qildi. U bu haqda Osiyo kubogi U-23 ning final uchrashuvidan keyin o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tgan.

“Bugun g‘alaba qozonib, butun xalqimizni xursand qilmoqchi edik. Biroq bu ishni uddalay olmadik. Buning uchun uzr so‘rayman. Nasib qilmagan ekan. Barcha muxlislarimizga rahmat aytamiz. Keyingi musobaqalarda yaxshiroq natija qayd etishga harakat qilamiz. Bizning bu jamoani tashkil qilganimizdan asosiy maqsad – Olimpiadaga yo‘llanmani qo‘lga kiritish bo‘lgan. Biz bu turnirda yoshroq futbolchilar bilan ishtirok etgan bo‘lsak ham yaxshi natija qayd eta oldik, deb o‘ylayman. Bu turnirda futbolchilarni ham ruhan, ham jismonan tekshirib oldik. Bolalar zo‘r o‘ynadi, men ular bilan faxrlanaman”, degan bosh murabbiy.

Kapadzening qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston U-23 terma jamoasi futbolchilarida ruhiy va jismoniy tomondan biroz toliqish bo‘lgan.

“Aytishim kerak, hali yanada o‘sishimiz kerak. Futbol shunday narsa – uzoq dam ololmaysiz. O‘yin tugagandan keyin tarixga kiradi. Siz keyingi o‘yinga tayyorgarlik ko‘rishingiz kerak. To‘g‘ri, futbolchilarimda ruhiy va jismoniy tomonlama biroz toliqish bor edi. Lekin hayot davom etadi”, degan Temur Kapadeze.

Avvalroq, yoshlar o‘rtasidagi Osiyo kubogining final bahsida O‘zbekiston yoshlari saudiyalik tengdoshlariga imkoniyatni boy bergani haqida xabar berilgandik.

Ma’ruf Abdumalikov

.
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 631
Reyting: 3
t
×