Aslida yo‘q avtomobillarni qariyb 5 mlrd so‘mga pullagan shaxs qamaldi
3-sahifa
−
20 yanvar 6696 2 daqiqa
Yuzlab fuqarolarni Telegram orqali aldab, 4 milliard 800 million so‘mdan ortiq moddiy zarar yetkazgan shaxs 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 1999 yilda Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida tug‘ilgan M.A. Telegram messenjerida “Yolg‘iz bo‘ri” nomli akkaunt ochgan. U avtomobil savdosiga aloqadaor kanallarda o‘ziga tegishli bo‘lmagan qimmatbaho avtomobillarni sotayotgandek e’lonlar joylashtirgan. Xususan, avtomobillarni bozor narxidan ancha arzonga xaridorlarga taklif qilgan. U o‘z ishini ishonchli ko‘rsatish uchun avtomobillarning ishlab chiqarilgan yili, yurgan masofasi, texnik holati kabi batafsil tavsiflarni keltirgan.
“Oson pul topish degan narsa – o‘zingizga tegishli bo‘lmagan narsalarni sotasiz. Oson pul, masalan, “zaklad” hisobida. 10 ming dollarlik yoki 5 ming dollarlik narsani qo‘yasiz. Qarabsizki, 10-20 daqiqa vaqtingiz ketadi. Yo‘q joydan 5-6 million pul keladi. Hammasi virtual”, deydi u.
Uning aytishicha, avtomobillarni salonlardagi 80–90 ming dollar atrofidagi narx o‘rniga 50 ming dollarga taklif qilgan. Arzon narxni ko‘rgan fuqarolar bunga ishonib, mashinani sotib olish mumkin deb o‘ylagan. Potensial xaridorlarga esa 2000 dollardan 5000 dollargacha miqdorda “zaklad” berishi kerakligini aytgan. Pul mablag‘lari uchinchi shaxslar nomiga rasmiylashtirilgan virtual hisoblar va akkauntlarga o‘tkazilgach, jinoyatchi aloqani uzgan va yozishmalarni o‘chirib tashlagan.
“Qilgan ishlarimdan pushaymon bo‘ldim. O‘sha men aldov yo‘li bilan olgan insonlar o‘sha pullarni yaxshi kunlariga ishlatish uchun, mashina olish uchun, uy-joy qurish uchun farzandlariga to‘y qilish uchun ishlatmoqchi bo‘lgan pullarini aldov yo‘li bilan olib qo‘ydim. Ulardan kechirim so‘rayman. Qilgan ishimdan pushaymonman”, deydi u.
Sud hukmi bilan erkak Jinoyat kodeksining 168-moddasida (firibgarlik) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlar orqali Bojxona qo‘mitasi nomidan soxta sahifalar ochib, fuqarolarning pullarini o‘zlashtirib kelgan jinoiy guruh qo‘lga olingandi.
Live
Barchasi