QALAMPIR.UZ surishtiruvi: Andijonlik bloger nega qamaldi?
Tahlil
−
31 dekabr 2019
16007Ijtimoiy tarmoqlardan “Facebook” foydalanuvchisi, bloger Otabek Nuritdinovning qamalgani haqida ma’lumotlar tarqadi. QALAMPIR.UZ sayti bu borada o‘z jurnalistlik surishtiruvini olib bordi. Avvaliga sudga taqdim etilgan tegishli prokuratura ma’lumotlari o‘rganildi.
Unda aytilishicha, Asaka tumanida yashovchi fuqaro B.Qoxxorov tuman IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilgan. U 2019 yil 30 dekabr kuni soat 10:30da Asaka tuman Moliya bo‘limi ma’muriy binosidan chiqayotgan vaqtida, fuqaro Abdufatto Nuritdinovni ko‘rgan. Ijtimoiy tarmoqda tarqatayotgan ma’lumotlari asossiz ekanini tushuntirayotganda uni xech bir sababsiz uyatli so‘zlar bilan xaqorat qilganmish.
Bundan tashqari, Asaka tumanida yashovchi E.Yakubov ham O‘zbekiston Respublikasi IIV ishonch telefoniga murojaat qilgan. Facebook ijtimoiy tarmog‘i orqali 2019 yil 4 avgust kuni soat 14:57da “Otabek Nuritdinov” nomli akkaunt foydalanuvchisi tomonidan fuqarolarni xokimiyat vakillariga nisbatan ishonchsizlik kayfiyatini uyg‘otuvchi, ularni obro‘sizlantirish, shuningdek viloyat xamda tuman xokimlariga nisbatan tuxmat va bo‘xtondan iborat bo‘lgan ma’lumotlarni muntazam ravishda joylashtirib kelayotganligini aytgan. “Otabek Nuritdinov” nomli akkaunt foydalanuvchisiga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini so‘ragan.
Shunigdek, Asaka tumanida yashovchi M.Isaqova ham IIV ishonch telefoniga murojaat qilib, “Facebook” ijtimoiy tarmog‘idagi “Otabek Nuritdinov” nomli akkaunt foydalanuvchisi 2019 yil 18 oktyabr kuni uni sharmanda qiluvchi uydirmalar tarqatib, tuxmat qilganligi, u va uning jamoasini “korrupsion ochag” deb xaqorat qilganligini bildirib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini so‘ragan.
Yana Andijon shahrida yashovchi F.Buzrukov ham IIV ishonch telefoniga murojaat qilib, “Otabek Nuritdinov” nomli profil foydalanuvchisi o‘zining ushbu profili orqali 2019 yil 7 oktyabr kuni “Oxirgi paytlarda Andijon viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i F.Buzrukov ustidan shikoyatlar ko‘paymoqda. Yaqin kunlarda ushbu oyog‘i yerdan uzilgan amaldor xaqida maqola chiqarib, yerga tushirib qo‘yamiz. Sen xalqni nazaringga ilmasang, xalq xam seni nazarga ilmaydi. Hech kimmmasligingda onang tengi ayollarga paxtada kishan solmoqchi bo‘lganding. Tasavvur qilgin 33 million aholi bittadan tuflasa xam tupugiga cho‘kib o‘lasan. Oynaga bir qaragin, yaxshilab e’tibor berib qaragin” deb ushbu profilga uni shaxsiyatiga teguvchi “cho‘chqa” timsolidagi fotosuratni joylab, uni xaqorat qilganligini bildirib, “Otabek Nuritdinov” nomli akkaunt foydalanuvchisiga nisbatan qonuniy chora ko‘rilishini so‘ragan.
O‘tkazilgan tekshiruv jarayonida Facebook’dagi “Otabek Nuritdinov” nomli akkaunt 13.03.1983 yilda Surxandaryo viloyati Sariosiyo tumanida tug‘ilgan, millati o‘zbek, ma’lumoti to‘liqsiz Oliy, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, oilali, 4 nafar farzandi bor, muqaddam sudlanmagan, vaqtincha ishsiz, Asaka shahar Ibn Sino MFY Shinam ko‘chasi 23-uyda yashovchi Nuritdinov Abdufatto Kamolitdinovichga tegishli ekani aniqlangan.
Nuritdinov o‘zining yuqoridagi g‘ayriqonuniy xarakatlari bilan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 40,41-moddalarida ko‘rsatilgan ma’muriy xuquqbuzarlikni sodir etgan, deyiladi prokuratura ma’lumotida. O‘tkazilgan tergovga qadar surishtiruv harakatlari jarayonida A.Nuritdinov “Facebook” ijtimoiy tarmog‘idagi “Otabek Nuritdinov” nomli akkaunti orqali tarqatilgan ma’lumotlari nusxalari olinib, tegishli hujjatlarga ko‘shilgan.
Murojaat yuzasidan J.Ismoilov bilan suhbatlashilganida, u o‘zining tushuntirish xati orqali 2019 yil 30 dekabr kuni soat 10:30larda Asaka tuman Moliya bo‘limi binosidan chiqayotib, Moliya bo‘limi binosi oldida O.Nuritdinov bilan ko‘rishib qolganligini, shu vaqt Moliya bo‘limidan tuman Suvoqava boshligi O.Qoxxorov va Moliya bo‘limi boshlig‘i D.Rasulov xam chiqib ularni oldiga kelishganligini, suhbat jarayonida O.Qoxxorov bilan birga O.Nuritdinovga tuman gaz xamda suvoqava tashkilotini internet tarmog‘i orali noto‘g‘ri ma’lumot kiritib, tashviqot qilayotganligi, bu noto‘g‘ri ekanligini aytib tushuntirishgan vaqtida O.Nuritdinov “tuman gaz xodimlari xoramdan oylik olishib yotibdi” deb gapirganligini, u esa tuman gaz idorasi xodimlari bunday salbiy xolatlarga yo‘l qo‘ymasliklarini aytganligini, gap orasida Xonobod shahrida qurilayotgan kottejlarda vafot etgan gaz xodimi o‘limida viloyat gaz idorasi rahbarining aybi borligini, uni ham internet orqali chiqarib jinoiy javobgarlikka torttirishini aytganligini, o‘sha vaqt O.Qoxxorov xam O.Nuritdinovga internet tarmog‘i orqali noto‘g‘ri ma’lumotlarni tarqatish yaxshi emasligini aytib tushuntirgan vaqtida, O.Nuritdinov baland ovozda, jamoat joyida B.Qoxxorovni og‘izga olib bo‘lmas so‘zlar bilan so‘kib xaqorat qilganligini, shunda shu atrofda xizmat olib borayotgan IIB xodimlari kelganligini, B.Qoxxorov IIB xodimlariga O.Nuritdinovga nisbatan qonuniy chora ko‘rib berishni so‘rab ariza bilan murojaat qilganligini bildirgan.
F.Buzrukov o‘zining ko‘rsatmasida profil egasi u haqida bir necha bor post yozganini ta’kidlagan. Mana shunda postlardan biri:
“Korrupsiyaga oid malumotlarni keyingi maqolalarimda yoritaman. Shu sababli bir partaga 3 tadan o‘tirgan bolalarni rasmlari bular. Na yozisha oladi, na bir nimani o‘rganisha oladi, hattoki kitoblar xam berilmagan. Bir sinifda 50tagacha bolalar o‘qishadi. Familiyalari hatto jurnallarga xam yozilmagan. To‘g‘rida, 50 bolani qanday qilib jurnalga sig‘dira oladi. Direktor agar “Buzrukov”ga shu muammoni aytsa, haqoratomuz so‘zlar bilan izza qilib, sharmanda qildi. Nima bo‘lsa xam “Buyuk islohotlar davrida yashayapmiz’’. Bechora ayol duv-duv yig‘lab tik turgan holatida qolgan direktorlar ichida izza bo‘lib turgan. So‘kishining sababi bu direktor ayol maktabiga sport zali bilan bog‘lik muammo bo‘yicha yordam so‘ragan. “Xoy shayton malagi” sen egallab turgan lavozimingni mohiyatini tushunasanmi? Seni vazifang yig‘ilishlarda o‘zingni ko‘rsatib, ayollarni pastga urib xaqoratlash emas. Tibbiyot kollejiga kelib yig‘ilish o‘tkazganingda bir ayolni telefon apparati jiringlab ketganida bir nechtasini tur o‘rningdan rasvolar deb turg‘izib, senlar o‘zing oldindan rasvosanlar, deb haqorat kilib so‘kkanlaring esingdami?” deb yozib koldirilgan.
Bundan tashqari, 2019 yil 12 oktyabr kuni xam “Xalk talimi real mafiyaga aylanib ulguribdi. Buzrukov janoblari Andijon viloyatida shunday kuchli bir yacheyka tuzishga ulguribdi. Men shunchaki Andijon viloyatida ta’lim sohasini ayanchli holatga kelganini va korrupsiya holatlarini ochiqlagan edim. Maqsadim ta’limdan korrupsiyani ajratish edi. Poraxo‘rlar mafiyasi yacheykasini qo‘zg‘atib yuboribman. Buzrukov janobi oliylari qo‘lingdan kelganini qil, vahshiyligingni bilardim. Shuning uchun hozirgi holatda ajablanmadim”, deb boshqa bir postini yozib koldirgan.
Holat yuzasidan so‘roq qilingan M.Isaqovaga ko‘ra, “Otabek Nuritdinov” profili egasi 2019 yil 18 oktyabr kuni soat 18.00lar chamasida:
“Asaka tumani 27-maktabdagi uchiga chiqkan korrupsiya - direktor Isoqova Muhayyo boshchiligida. Bu ham Buzrukovni himoyasidami? Maktab hududida oilaviy oshxona ochgan. Barcha guruhlar shu oshxonada ovqatlanishga majbur. Har bir boladan 40 ming so‘mdan pul yig‘iladi. Oshxonani eri va o‘g‘li yurg‘izadi. Ha mayli, qaddini ursin desak, kirdikorlarining oxiri yo‘q ekan. O‘g‘lini ikkita shtatga ishga joylagan. O‘qituvchilarga premiya pullarini chiqaradi va ular bu pulni direktorni o‘ziga qaytarar ekan. Bu ishlarda o‘quv-tarbiyaviy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Nozila Xasanova yordam berar ekan. Buni isbotlash uchun plastik kartalarni ko‘tarib, direktor va o‘rinbosari kartalariga o‘qituvchilardan qaysi oyda qancha pul o‘tkazilganligini ko‘rish kifoya. Buni ham mayli deya turaylik, “profsoyuz” pullari degan tushuncha shu maktab o‘qituvchilarida yo‘q, bu pullar qani? Tekshiruvchi keldi deb o‘qituvchilardan pul yig‘ib komissiyalarni og‘zini berkitib jo‘natishar ekan. Qo‘shni tumandan bolalar maktabga olinadi. Shu joyida ham savollar tug‘iladi. Ha mayli, buni ham qo‘ya turaylik, ishga kirish pul, pulga o‘chligidan xohlagan o‘qituvchisini ishdan bo‘shatishi mumkin. O‘rin bo‘shasa, yangi daromad. Shu darajada vijdonini yutib yuborganmi bu ayol? Shuncha pulni nima qiladi yoki Buzrukovni to‘ydira olmayaptimi?” deya post yozib, u haqida turli xildagi bo‘xton va ig‘volarni tarqatib uni haqorat qilgan, deyiladi prokuratura ma’lumotida.
Fuqarolar B.Matisaqov, A.Mamajonov, R.Hakimov, S.Zaynobiddinov, F.Rahimova, X.Yuldashev, Ya.Abdug‘aniyev, B.Qoraboyev, Sh.Qosimov, Sh.Usmonovlar xam yuqoridagilarni tasdiqlab ko‘rsatmalar berib o‘tgan. Ko‘rsatib o‘tilgan holatlar yuzasidan Nuritdinov Abdufatto Kamoliddinovichga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 40 (tuhmat), 41 (haqorat qilish)-moddalari xamda 183 (mayda bezorilik)-moddasi bilan ma’muriy tartibda chora ko‘rish uchun to‘plangan xujjatlar Ma’muriy ishlar bo‘yicha Andijon viloyat sudiga xavola etilgan.
Ishni sud’ya O.Mizamahmudov shu kuniyoq ko‘rib chiqqan. “Otabek Nuritdinov” nomli profil egasi Abdufatto Nuritdinov yuqoridagi MJtKning uchchala moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilgan. Unga nisbatan 6.690.000 so‘m jarima jazosi hamda 183-moddada nazarda tutilgan 15 sutkaliq qamoq jazosi berilgan. Shuningdek, qamoqda saqlash xarajatlari ham uning zimmasiga yuklangan. Hammasi bir kunning ichida sodir bo‘lgani qiziq emasmi?
Yuqoridagi ma’lumotlarni olgandan so‘ng, “Otabek Nuritdinov” nomli profil egasi Abdufatto Nuritdinovning onasi Matluba Qurbonova bilan telefon orqali muloqot qildik. Unga ko‘ra, kecha soat 9:00lar atrofida tuman Moliya bo‘limiga tezda yetib keling deb qo‘ng‘iroq bo‘lgan. Nuritdinov o‘sha yerga borish uchun 10:00-10:30larda uyidan chiqib ketgan.
“Mening fikrimcha, u yerda bolamni “tuzoq” kutib turgan. Men uning qizi bilan shifoxonada edim. Chiqqach, bu voqealardan xabar topdim. Kechki soat 19:00larda bizninng MFYga Ichki ishlardan qo‘ng‘iroq bo‘lib uning mashinasini Moliya bo‘limi binosi yonidan olib ketishimiz kerakligini aytishgan. Keyin Asaka tuman Ichki ishlar bo‘limiga bordim. “Sirojiddin” ismli xodim mening bolam boshqalarni haqorat qilganini aytdi. Keyin mendan mashinasini olib ketishim to‘g‘risida tilxat olishdi. So‘ng ulardan bolam qayerda ekanini so‘radim. “Sirojiddin” ismli xodim yo‘q aytolmaymiz, baribir topa olmaysiz deb bolam haqida ma’lumot bermadi.
Kechadan beri nima qilishimizni bilmayapmiz. Kelinimning 3-4 kun ichida ko‘zi yorishi kerak. Kimdan najot kutishni bilmay o‘tiribmiz. Men onaman, Yangi yilni bolam bilan kutib olishim kerak. Menga yaxshi advokat ham kerak. Sudda bolamga advokat ham jalb qila olmadik.
Bolamga hech qanday rasmiy chaqiruv qog‘ozi ham kelmagan. Shaxsini tasdiqlovchi hujjati – pasporti ham yonida bo‘lmagan. Sudga ham bizdan hech kimni chaqirishmadi. Sudlanganini ham keyinroq bildik”, deydi uning onasi.
Onasiga ko‘ra, so‘nggi kunlarda Nuritdinov byudjet masalalarida talon-tarojliklar, Asaka, Jalaquduq va boshqa joylardagi saylovlardagi nohaqliklar haqida ma’lumotlar yig‘ib yurgan. Bir necha marta undan ijtimoiy tarmoqlardagi postlarini olishini iltimos qilishgan.
Yuqoridagi holatlarni o‘rgana turib bizda o‘z-o‘zidan bir nechta ma’lumotlar paydo bo‘ladi. Nega Nuritdinov e’lon qilingan ma’lumotlar chuqur o‘rganilmadi? Nuritdinovga tuhmat moddasi qo‘yilishidan avval bu haqda keng darajada surishtiruv-tergov harakatlari o‘tkazilmaydimi? Tuhmat ekanligi isbotini topgach, qaror qabul qilinmaydimi? Boshqa vaziyatlarda ishlarni bir necha kunga cho‘zdiradigan sudlar bitta blogerga kelganda, barcha protsessual harakatlarni bir kunning ichida ko‘rib chiqqanligi ajablanarli emasmi? Yoki qonunlar faqat oddiy aholi uchunmi?
Nega IIBning “Sirojiddin” ismli xodimi uning onasiga bolasi qayerda ekani haqida ma’lumot bermadi? Nega sudga uning yaqinlari jalb etilmadi? Sudlarda shaffoflikni ta’minlash prinsipi qayerda qoldi? Nega fuqaro Yakubovning murojaati 4 oydan keyin IIB tomonidan endi ko‘rib chiqilmoqda? Nega sud 183-moddada nazarda tutilgan sanksiya qismining jarima qismini qo‘llamay, birdaniga Nuritdinovni 15 sutkaga qamadi? Ayrim sudlar tomonidan og‘ir jinoyatlarni sodir etgan shaxslarga ham yengillashtiruvchi holatlar qo‘llanilayotgan vaqtda Andijonda sudlar fuqaroni qattiq jazolash bilan yechim bermoqchimi? Jazolardan maqsad qayta tarbiyalash emasmi? Endi Nuritdinov Yangi yilni qamoqda kutadimi?
Andijonda “Otabek Nuritdinov” profili ostida e’lon qilingan ma’lumotlar (moliya, saylov, ta’lim sohasidagi) yuzasidan keng darajada va xolis surishtiruv-tergov ishlari boshlanishi maqsadga muvofiq. Hozircha QALAMPIR.UZ sayti voqealar rivojini kuzatadi.
LiveBarchasi