“Manchester siti” ostonasidagi o‘zbek
Sport
−
05 yanvar
12387Abduqodir Husanov faoliyatini qayerda davom ettirishi ancha oydinlashib qoldi, Eronda o‘ynayotgan o‘zbekistonlik futbolchilar klublari bilan hamkorlikni uzaytirdi. Eldor Shomurodov esa Romani tark etishga yaqin turibdi. O‘zbekiston terma jamoasi hali Jahon chempionatiga chiqmagan bo‘lsa ham, mamlakatning media jamoasi bu ishni uddaladi va ularning mundialdagi debyuti chakki chiqmayapti.
Assalomu alaykum. Yangi yilning ilk haftasida sport olamida sodir bo‘lgan eng muhim voqealar bilan QALAMPIR.UZ da Sport dayjesti.
O‘zbekiston MTJ a’zosi Eron klubi bilan shartnomasini uzaytirdi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi va “Istiqlol” klubi futbolchisi Jaloliddin Masharipov fors jamoasi bilan yana 2 yillik shartnoma imzoladi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, o‘zbekistonlik vingerning “Istiqlol” bilan yangi shartnomasi 2027 yilgacha amal qiladi. Masharipovga Farg‘onaning “Neftchi” klubi jiddiy qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar tarqalgandi, biroq futbolchi joriy klubida faoliyatini davom ettirishga qaror qildi.
Ma’lumot o‘rnida, futbolchi eronliklar safiga 2023 yilda kelib qo‘shilgan. U joriy mavsum jamoa tarkibida barcha musobaqalarda 21 ta o‘yinda maydonga tushib, 1 ta gol va 3 ta assist qayd etdi. 31 yoshli hujumkor yarim himoyachining narxi “Transfermarkt” portalida 1,80 million yevro etib belgilangan.
Eldor Shomurodovga yangi da’vogar paydo bo‘ldi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi va “Roma” klubi hujumchisi Eldor Shomurodov “Empoli”ga o‘tishga yaqin turibdi. Bu haqda jurnalist Fabritsio Di Marsio o‘z X sahifasida ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, o‘zbekistonlik futbolchi rimliklar murabbiyi Klaudio Ranerining rejalariga kirmaydi. Shu sabab, klub Shomurodovni qishki transferlar oynasidayoq sotib yubormoqchi. Ayni damga kelib, forvardga asosiy da’vogar “Empoli” jamoasi bo‘lib turibdi.
Ma’lumot o‘rnida, 29 yoshli hujumchi “Roma” safiga 2021 yilda kelib qo‘shilgan. Uning shartnomasi 2026 yilgacha amal qiladi. Shomurodov joriy mavsum klub tarkibida, barcha musobaqalarda 13 ta o‘yinda maydonga tushib, 2 ta gol urdi va 1 ta assist qayd etdi.
Abduqodir Husanov Fransiya chempionati ramziy jamoasiga kiritildi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi va “Lans” klubi himoyachisi Abduqodir Husanov Fransiya chempionatining yarim yillik ramziy terma jamoasiga kiritildi. Bu haqda liga matbuot xizmati xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, o‘zbekistonlik futbolchi ham kiritilgan himoya to‘rtligidan PSJ himoyachilari Ashraf Hakimi, Villiam Pacho va Nuno Mendesh joy oldi.
Ma’lumot o‘rnida, 20 yoshli markaziy himoyachi 2023 yilda klub safiga kelib qo‘shilgan va u joriy mavsum jamoa tarkibida barcha musobaqalarda 16 ta o‘yinda maydonga tushib, 1 ta assist qayd etdi. Husanovning narxi “Transfermarkt” portalida 12 million yevro etib belgilangan.
Abduqodir Husanov yanvar oyidayoq APLga ko‘chib o‘tishi mumkin
O‘zbekiston milliy terma jamoasi va “Lans” klubi futbolchisi Abduqodir Husanov qishki transferlar oynasidayoq “Manchester Siti”ga o‘tishi mumkin. Bu haqda insayder Fabritsio Romano o‘z X sahifasida ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, “Lans” markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov “shaharliklar”ning yanvar oyi uchun tuzgan rejasiga kiritilgan. Bir qancha top-klublar 20 yoshli futbolchiga qiziqmoqda, sababi u dunyoning eng iste’dodli markaziy himoyachilaridan biri deya baholanyapti. Hozirda “Manchester Siti” vaziyatni diqqat bilan kuzatib bormoqda.
Shuningdek, klub muxlislari ham o‘zbekistonlik himoyachi haqida iliq fikrda.
“Abduqodir katta himoyachi, u menga Vidich, Maldini va Pepeni eslatadi. Husanov himoyaning har qanday qismida bemalol o‘ynay oladi”, deydi “Manchester Siti” muxlisi.
Inoue Ahmadaliyev bilan jangga rozilik berdi
Ikkinchi eng yengil vazn toifasida yaponiyalik mutlaq jahon chempioni Naoya Inoue o‘zbekistonlik Murodjon Ahmadaliyev bilan jang qilishga rozi bo‘ldi. Bu haqda Inouening promouteri Bob Arum ma’lum qildi.
Arumga ko‘ra, Naoya 24 yanvar kuni Sem Gudman bilan jang qilganidan so‘ng, may yoki iyun oyida Las-Vegas shahrida WBC kamarini Alan Pikassodan himoya qiladi.
Shundan so‘ng navbat Murodjon Ahmadaliyev bilan jangga yetib keladi. O‘zbekistonlik sobiq jahon chempioni bilan bahs shu yil oxirida yoki 2026 yil boshida Saudiya Arabistonida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Qirg‘izistonda MMA taqiqlanishi mumkin
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev mamlakatda aralash yakkakurashlar bo‘yicha janglarni to‘xtatishga chaqirdi. Bu haqda u ijtimoiy tarmoqdagi jonli efirda aytdi.
Tashiyevning fikricha, MMA sport turi yoshlarda hayotda muvaffaqiyatga urishish, kuch ishlatish yoki bir-birini urish orqali erishish mumkin, degan noto‘g‘ri tasavvur uyg‘otadi.
“Qoidasiz jang sport emas, balki kurashning bir turi. Bunday musobaqalar yoshlarda muvaffaqiyatga kuch va tajovuz orqali erishish mumkin, degan noto‘g‘ri ishonchni uyg‘otadi. Ta’lim va ilmga tayanadigan avlodni tarbiyalashimiz kerak”, deydi Tashiyev.
U bunday faoliyat turi nafaqat axloqiy me’yorlarga, balki sog‘liq uchun ham xavfli ekanligini ta’kidladi. Tashiyevga ko‘ra, qoidasiz janglarning ko‘plab ishtirokchilari 40 yoshga kelib nogiron bo‘lib qoladi.
Tashiyev sportchilar va yoshlarni jismoniy rivojlanishga yordam beruvchi va davlat darajasida qo‘llab-quvvatlanadigan olimpiya sport turlariga o‘tish uchun kurashlarda qatnashishga chaqirdi.
U, shuningdek, boshqa mamlakatlarda jang san’atining mashhurligi uchun bahonalarni rad etib, Qirg‘iziston o‘z qadriyatlari va ustuvorliklariga e’tibor qaratishi kerakligini ta’kidladi. Tashiyevga ko‘ra, Islom dini nuqtai nazaridan ham bunday harakatlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, chunki bu sport zo‘ravonlik va bir-biriga zarar yetkazishga asoslangan.
LiveBarchasi