Asalning ham ozi shirin: Qandli diabet qanday kasallik?

Tahlil

image

1922 yil yanvar oyida kanadalik olim Frederik Banting qandli diabet kasalligiga chalingan 14 yoshli bolaga insulin yuborish orqali uning hayotini saqlab qolgan edi. 1991 yilga kelibgina Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va Xalqaro diabet federatsiyasi tomonidan kasallikka qarshi jiddiy kurash boshlandi. 2007 yildan boshlab Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan 14 noyabr – Butunjahon diabet kuni sifatida nishonlanadi.

Diabet shunchalik xavflimi?

Qandli diabet yil sayin kuchayib borayotgan tibbiy va ijtimoiy muammo. Bugungi kunda diabet mellitus, ateroskleroz va saraton kabi odamlarning nogironligi va o‘limiga olib kelishi mumkin bo‘lgan uchta kasallikdan biridir. Bu qon glyukoza miqdorining doimiy o‘sishi bilan tavsiflanadi, Qandli diabetning birinchi turini (insulinga bog‘liq) va diabetning ikkinchi turini (insulinga bog‘liq bo‘lmagan) ajratib olish kerak. 

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, diabet mellitus o‘lim ko‘rsatkichini 2-3 baravar oshiradi va umr ko‘rish davomiyligini qisqartiradi. Bundan tashqari, muammoning dolzarbligi ushbu kasallikning tarqalish ko‘lami bilan ham bog‘liq. Taxminan 2014 yilda dunyo bo‘ylab 422 million kishi diabetga chalingan. Kasallar soni har yili 5-7 foizga ko‘paymoqda. Agarda qandli diabet bemorlari ko‘payishi shu tarzda davom etadigan bo‘lsa 2030 yilga borib ularning soni 552 mln nafarni tashkil etishi mumkin. 

Kasallikning tabiiy o‘sishi diabetning ikkinchi turi bilan bog‘liq bo‘lib, u barcha holatlarning 85 foizdan ko‘prog‘ini tashkil qiladi va bu asosan ortiqcha vazn va jismoniy harakatsizlik natijasida kelib chiqadi.

Qandli diabet nima?

Qandli diabet – organizmda insulin yetishmasligidan va moddalar almashunivining tanqisligidan kelib chiqadigan kasallik. Insulin qonda shakar miqdorini tartibga soluvchi gormondir. Shakar miqdorining ortib ketishi vaqt o‘tishi bilan ko‘plab tana tizimlariga, ayniqsa asab va qon tomirlariga jiddiy zarar yetkazadi. Kasallik oqibatida giperglikemiya – qonda qand miqdorining turg‘un oshishi kuzatiladi. Diabet davrida uglevod, yog‘, oqsil, mineral va suv-tuz metabolizmi buzilishi mumkin. 
 
Kasallik sabablari

Diabet mellitus rivojlanishining asosiy sababi immunitet tizimining noto‘g‘ri ishlashi va keyinchalik oshqozon osti bezi hujayralarini yo‘q qiladigan antikorlarni ishlab chiqarishdir. Kasallikning rivojlanishidagi asosiy omil – bu genetik moyillik bilan to‘la bo‘lgan virusli infeksiya (suvchechak, qizilcha, parotit, gepatit).

Kasallik belgilar 

Quyida diabetning eng keng tarqalgan va hamma bilishi kerak bo‘lgan bir necha belgilarini ko‘rib chiqamiz. 

Qonda qand miqdori oshib ketgach buyrak ortiqcha glyukozani peshob orqali chiqarishga harakat qiladi. Oqibatda kaliy, magniy va boshqa foydali minerallar ham kamayadi. Tez-tez chiqarilgan peshob tananing suvsizlanishiga olib keladi. Tabiiyki, odam doimo chanqaydi. Bu holatda odam qanchalik ko‘p suyuqlik ichmasin, tanaga yetarli darajada singmaydi.

Hazm qilish tizimi oziq-ovqatlarni oddiy shakarga aylantiradi, keyinchalik organizm undan foydalanadi. Qandli diabet bilan og‘rigan odamlarda qon oqimidagi glyukoza hujayra devorlariga kira olmaydi. Natijada qanchalik ko‘p ovqat tanovul qilinmasin, diabetga chalingan bemorlar ochlikni his qilaveradi. Ochlik o‘z-o‘zidan charchoqqa sabab bo‘ladi. 

Qonda to‘plangan ortiqcha shakar qon tomirlari va kapillyarlariga zarar yetkazadi. Natijada ko‘zning ko‘rish qobiliyati pasayadi. Eng yomoni kasallik vaqtida davolanmasa vaqt o‘tishi bilan ko‘rish qobiliyati yo‘qolishi ham mumkin. 

Bundan tashqari, immunitet kamayishi, oyoq va qo‘llarning uvishib qolishi, terining qorayishi, qichishish va tanadagi toshma diabetdan ogohlantiruvchi belgilardir. 

Qandli diabetni vaqtida davolamaslik insonning barcha organlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bu esa sog‘liq va hayot uchun xavfli bo‘lishi mumkin. Kasallik ko‘p hollarda sog‘liq bilan bog‘liq boshqa muammolarni ham keltirib chiqaradi:

•  yurak bilan bog‘liq muammolar;
•  insult;
•  asab shikastlanishi;
•  oyoq og‘rig‘i;
•  buyrak kasalligi;
•  erkak va ayollarda jinsiy kasallik.

Kasallikni oldini olish

Yuqorida diabet ikki turga bo‘linishi haqida gapirgan edik. Kasallikdan himoyalanish haqida gap ketganda asosan, birinchi turdagi diabetni oldini olish qiyinroq ekanini aytib o‘tish kerak. Chunki uning asosiy sabablari irsiy omillar va kichik viruslardir. Lekin kasallik hammada ham rivojlanavermaydi. Olimlar ko‘krak suti bilan ko‘proq oziqlangan bolalarda qandli diabet kamroq uchrashini ta’kidlashadi, ammo bu hali o‘z isbotini topgani yo‘q.

Ikkinchi turdagi diabet esa noto‘g‘ri ovqatlanish va hayot tarzidagi nuqsonlar natijasida rivojlanadi. Uning oldini olish uchun:

•  tana vaznini normallashtirish;
•  qon bosimi va yog‘lar almashinuvini nazorat qilish;
•  yengil hazm bo‘ladigan ovqat iste’mol qilish;
•  jismoniy faollikka amal qilish va shu bilan birga haddan ziyod zo‘riqishlardan o‘zini tiyish kerak. 

Qandli diabet va COVID-19 

2020 yilgi koronavirus pandemiyasi biz so‘z yuritayotgan diabet kasalligining qanchalik xavfli ekanini yana bir bor isbotladi. COVID-19 diabetga chalingan odamlarda og‘ir kechishi va o‘lim xavfini olti baravargacha oshirishi mumkin. 

Buning o‘ziga xos bir qancha sabablari bor. Qandli diabet bilan og‘rigan bemorlar turli infeksiyalarga moyil bo‘ladi. Chunki mikroblar tanadagi shakardan ozuqa sifatida foydalanadi. 

Tekshiruvlar natijasida shu narsa aniq bo‘ldiki, koronavirus yuqqan paytda immunitetni sun’iy ravishda oshirib bo‘lmaydi. Ammo C va D vitaminlari, sink va magniy kabi vitaminlarni qabul qilish tavsiya etiladi. Bular koronavirusni davolamaydi, lekin immunitetni bir maromda ushlab turishga xizmat qiladi.

O‘zbekistonda ham bu kasallik bilan og‘rigan bemorlar yil sayin ortib bormoqda. Katta yoshli aholining 5 foizga yaqini diabet kasalligi bilan kurashadi. 2011 yilda bemorlar soni 122 460 dan ortib ketdi. Bulardan 15,8 foizi qandli diabet kasalligini 1-turiga, 84,2 foizi esa, kasallikning 2-turiga chalingan. Ularning 16 foizi muntazam ravishda insulin qabul qiladi. Boshqalari esa parhez saqlashadi. Jismoniy faollik va qand miqdorini kamaytiruvchi dorilar ichadilar. Qandli diabeti bo‘lgan bemorlarning deyarli yarmini ayollar tashkil qiladi. JSST ma’lumotiga ko‘ra, tug‘ruq yoshidagi 0,35 foiz ayol qandli diabet bilan xastalangan. 

Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yilgi ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda ushbu kasallik bilan 230 ming 610  kishi ro‘yxatga olingan. 2015 yilda bu ko‘rsatkich 170 ming 536 kishini tashkil qilgan edi. Mamlakatda o‘limga olib kelivchu kasalliklar orasida yurak qon-tomir va onkologik kasalliklardan keyin aynan qandli diabet va uning asoratlari uchinchi o‘rinda turibdi.

Takror va takror aytayotganimiz – sog‘lom turmush tarziga amal qiling. To‘g‘ri ovqatlaning, to‘g‘ri yashang.

Karim ZARIPOV


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

195

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing