Armanistonda fillokseralar hujumi kuzatildi - bu O‘zbekiston uchun ham tahdidmi?
Bu qiziq
−
30 iyul 2019
6283Yaqinda bir qator xorijiy ommaviy axborot vositalarida Ararat vodiysidagi uzumzorlarda o‘ta xavfli zararkunanda hasharot — filloksera, boshqacha aytganda tok kushandasi tarqalayotgani xabar qilindi. Qayd etilishicha, keyingi yillarda Armaniston hududida zararlangan o‘choqlar soni tobora ortib bormoqda.
Ararat vodiysi — Armanistondagi eng yirik meva va uzumchilik markazi hisoblanadi. 2000-yillargacha ham bu hududga fillokseraning “qadami” yetmagan edi. Ammo bir necha yil oldin hasharotlarning keyinchalik zararlangan maydonlar kengayishiga sabab bo‘lgan ilk katta manbai aniqlandi. Hozirgacha ularni uzil-kesil yo‘q qilishning chorasi topilmagani fermer va dehqonlar xavotirini yanada oshirmoqda.
O‘zbekistonda ham uzum yetishtiriladi. Bu hasharot O‘zbekiston uchun ham xavfli. Uning qay darajada xavfli ekani haqida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi ma’lumot berdi.
“Zabt etilgan” hududlar
Filloksera “dahshati”ni to‘liqroq tasavvur qilish uchun ayrim ma’lumotlarga to‘xtalib o‘tsak. Ushbu ofatning “vatani” – Shimoliy Amerika. Birinchi bor 1854 yilda Aza Fitch tomonidan aniqlangan. Yevropa va O‘rta yer dengizi o‘simliklar karantini va himoyasi tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda dunyoning 59 ta mamlakatida tarqalgan.
Hasharotlar so‘nggi 20-30 yil davomida Yevropa davlatlaridagi 60 million gektarga yaqin tokzorlar qurishiga sabab bo‘ldi. O‘z vaqtida, filloksera “bosqini” Fransiya iqtisodiyotiga juda katta “zarba” bergan. Masalan, XX asr boshlarida ushbu mamlakatdagi 2,5 mln gektar uzum maydoni kushandalar dastidan to‘liq yo‘qotilgan yoki vayronaga aylangan. Ma’lumotlarga qaraganda, faranglar yurti 1888 yilda 10 milliard, 1894 yilda esa 20 milliard frank miqdorida zarar ko‘rgan. Umuman, filloksera o‘zi “zabt etgan” hududlardagi jami 6, 5 mln gektar uzumzorni kunpoyakun qilgan.
Juftsiz ko‘payuvchi “jallod”
Tok “jallodi” o‘zi uchun qulay, ya’ni nam iqlim sharoitida bemalol rivojlanadi hamda partenogenetik usulda — urg‘ochilari erkak hasharotlar bilan qo‘shilmasdan yaxshi ko‘payadi. Filloksera so‘ruvchi hashoratlar guruhiga kiradi va faqat tokda yashaydi. Tok navlarining zararkunanda tushgan joylarida chirish va to‘qimalarda yemirilish boshlanadi, so‘ngra ildizlar quriydi. Hasharot zararlagan tok tuplarining o‘sishi va hosildorligi keskin kamayadi, bir necha yildan so‘ng butunlay yaroqsiz holga keladi.
Filloksera ovalsimon shaklda, tanasi sarg‘ish-yashil rangda, uzunligi 0,8-1,2 millimetr bo‘ladi. Shu bois uni oddiy ko‘z bilan payqash qiyin. Hasharotning ikki xil turi bor: biri ko‘proq tok ildizlari hamda uzum tupining yer osti poyasida “umrguzaronlik” qilsa, boshqasi tok bargi, ba’zan yaproq bandi yoki qalamchasida hayot kechiradi. Bargsevar turi Yevropa mintaqasidan keltirilgan uzum navlariga xavf solmaydi, ular asosan Shimoliy Amerika navlari yoki ular bilan chatishgan duragaylarini “xush ko‘radi”.
Zararlangan hududlarda tok faqat yovvoyi tokka payvand qilingan holda ekiladi hamda bir yilda 20 martadan — 50-60 martagacha kimyoviy kurash olib boriladi. Bu esa, o‘z-o‘zidan uzumning ta’mi va sifatiga ta’sir etmay qolmaydi.
O‘zbekiston xavfdan holi, biroq...
O‘zbekiston filloksera “hujumi”ga uchramagan kamsonli davlatlardan hisoblanadi. Ammo bu, aslo — xavotirga o‘rin yo‘q, degani emas. “Dushman” istalgan paytda mahalliy uzumzorlarga ham “tahdid” solishi mumkin. Bu esa ushbu ofat kirib kelishining oldini olishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni muntazam amalga oshirib borishni taqozo etadi.
Eng avvalo, filloksera tarqalgan mamlakatlardan tok ko‘chati va qalamchalarini keltirib ekish mumkin emasligini dehqon va fermerlar, tadbirkorlar yaxshi bilishi shart. Ayni paytda, fuqarolar chetdan qo‘l yuki orqali tok ko‘chati olib kelinishi mamlakatdagi bebaho uzum navlarining yo‘qotilishiga, umuman — milliy uzumchilik sanoatining inqiroziga sabab bo‘lishi mumkinligini unutmasligi lozim.
O‘z navbatida, mamlakatdagi barcha bog‘bon, fermer va dehqonlar, issiqxona hamda tomorqa yer egalaridan uzumzorlarda tok kushandasi — fillokseralar paydo bo‘lganidan ogoh etuvchi shubhali belgi-ishoralarni payqaganda zudlik bilan hududiy karantin inspeksiyalariga xabar berishlari so‘raldi.
Xulosa qilib aytganda, nafaqat tibbiyot, balki o‘simliklar himoyasida ham donishmandlar tomonidan aytilgan bebaho hikmatni unutmaslik kerak: “Kasalni davolashdan ko‘ra, uni oldini olish osonroq”.
LiveBarchasi