Armaniston bilan chegarada Ozarbayjon harbiy xizmatchisi yaralandi — rasmiy Baku
Olam
−
20 iyul 2021
3948Ozarbayjon Qurolli kuchlari harbiy xizmatchisi ikki mamlakat davlat chegarasining Naxichevan yo‘nalishida Armaniston tomonidan o‘qqa tutilishi oqibatida yaralandi. Bu haqda bugun, 20 iyul kuni Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
“Armaniston Qurolli kuchlarining bo‘linmalari 19 iyul kuni soat 23:40 da Vedi rayonining Arazdeyen qishlog‘i yaqinidagi pozitsiyalardan Ozarbayjon armiyasining Sadarak rayoni Haydarobod aholi yashish punktining yo‘nalishidagi pozitsiyalariga turli kalibrli qurollardan o‘q uzdi. Otishma oqibatida Ozarbayjon armiyasining harbiy xizmatchisi katta leytenant Ramal Badalli oyog‘idan jarohat oldi”, deyiladi xabarda.
Mudofaa vazirligining qayd etishicha, yarador shifoxonaga yotqizilgan. Vazirlik, shuningdek, dushman hujumi javob o‘qi bilan bostirilganini qayd etgan.
“Hozirda bu yo‘nalishdagi vaziyat barqaror, holat bizning Qurolli kuchlarimiz tomonidan nazorat qilinmoqda”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot o‘rnida, Tog‘li Qorabog‘ atrofidagi mojaro 2020 yil 27 sentyabrda faol jangovar harakatlar boshlanishi bilan keskinlashdi. O‘sha yilning 9 noyabrida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan imzolagan uch tomonlama bayonot mojaro zonasida harbiy harakatlarning to‘liq to‘xtashiga imkon yaratdi. Ozarbayjon va Armaniston tomonlari egallab olgan pozitsiyalarida to‘xtashdi, bir qator hududlar Baku nazorati ostiga o‘tdi, Rossiya tinchlikparvar kuchlari aloqa liniyasi va Lochin yo‘lagi bo‘ylab joylashtirildi.
LiveBarchasi