“Aristokratlar” “olifta shaharliklarni” yig‘latdi. Portuda bo‘lgan “jang” tafsilotlari
Sport
−
30 may 2021
7704Toshkent vaqti bilan bugun, 30 mayga o‘tar tunda boshlangan Chempionlar ligasi finali Angliyaning “Chelsi” klubi g‘alabasi bilan yakun topdi.
Angliyaning boshqa bir jamoasi “Manchester Siti”ga qarshi Portugaliya chimlarida maydonga tushgan yosh “aristokratlar” 1:0 hisobida g‘alaba qozondi va turnir bosh sovriniga ega chiqdi.
Portu shahrining "Drago" stadionida bo‘lib o‘tgan uchrashuvning 43-daqiqasida “Chelsi” yarimhimoyachisi Kay Xavers kechaning yagona golini Ederson qo‘riqlayotgan darvozaga joylab qo‘ydi.
Bosim va hissiyotlarga to‘la o‘tgan uchrashuvda har ikki klubdan ham yetarlicha yo‘qotishlar bo‘ldi. Jumaladan, “Chelsi” himoyachisi Tiago Silva o‘yinning 37-daqiqasida “Siti” yarimhimoyachisi Fil Foden bilan to‘qnashib, jarohat oldi va 39-daqiqada maydonni tark etdi. Uning o‘rniga Andreas Kristensen “aristokratlar”ga yordamga keldi.
“Manchester Siti”dan esa jamoa sardori Kevin De Bryoyne o‘yinning 60-daqiqasida “Chelsi” himoyachisi Antonio Ryudiger bilan to‘qnashib, jarohat oldi va maydonni ko‘z yoshlari bilan tark etdi. Chunki bu vaqtda uning jamoasi, allaqachon, hisobda orqada borar va klubning eng asosiy figurasi bo‘lgan belgiyalik yulduz endi o‘z jamoasiga yordam bera olmasligini ich-ichidan sezardi.
Shunday qilib, 1:0 ko‘rinishidagi hisob o‘yinning oxirigacha saqlanib qoldi va londonliklar ikkinchi marta Chempionlar ligasining bosh sovriniga ega chiqdi. Tarixida ilk marta Chempionlar Ligasining finaliga yetib kelgan “Siti” esa turnirda 2-o‘rinni olib, Manchesterga qaytib ketdi.
LiveBarchasi