Aripov ilk bor Kampirobod qanday qilib O‘zbekistonga o‘tayotganiga aniqlik kiritdi

Jamiyat

image

Bugun, 14 noyabr kuni bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston Respublikasii Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasidagi so‘nggi o‘zgarishlar, xususan, Bosh vazir Abdulla Aripov va Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev tomonidan imzolangan shartnoma masalasi muhokama qilindi. 

Majlisda deputatlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida o‘zbek-qirg‘iz Davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi Shartnomani (Bishkek, 2022 yil 3 noyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi hamda “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o‘rtasida Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi Bitimni (Bishkek, 2022 yil 3 noyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihalari ko‘rib chiqildi. 

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov ushbu kelishuv bo‘yicha tushuntirish berdi. U gapni chegaralar bo‘yicha ishlash jarayoni oson kechmayotganini aytishdan boshladi. 

“Kezi kelganda shuni aytish lozimki, qo‘shni davlatlar bilan chegara masalasida muzokaralar o‘tkazish oson bo‘lmayapti. Uzoq tortishuvlar va mashaqqatli yo‘llar bilan chegarada qadamba-qadam yurib, bir necha bor Hukumatlararo komissiyalar yiig‘ilishlarini o‘tkazib, arxiv hujjatlarini o‘rganib, shundan keyiin takliflar tayyorlanyapti”, deydi Aripov. 

Uning qayd etishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning qo‘shni Qirg‘iz Respublikasi bilan o‘zaro do‘stona aloqalarni mustahkamlash tashabbusi asosida kelishilmay qolayotgan 35 ta uchastkalar – jami 302 km kelishish jarayoni yakuniy bosqichga yetkazilgan.

“Bu kelishuvga erishish uchun 5 yildan oshiq vaqt sarf qildik. Bugun sizlarga taqdim qilinayotgan qonun loyihasi bilan tasdiqlanayotgan shartnomaga ham osonlikcha erishilgani yo‘q. Imzolangan shartnomada respublikamiz uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan bir qator muhim masalalar o‘z yechimini topmoqda”, deydi Hukumat raisi. 

Uning qayd etishicha, Qirg‘iz Respublikasi hududidagi Andijon (Kampirobod) suv ombori respublika qishloq xo‘jaligi uchun juda muhim strategik ob’ekt hisoblanadi. 

“Hozirda vodiy viloyatlarimizdagi 175 ming gektardan ortiq hamda Qirg‘iz Respublikasining 25 gektar qishloq xo‘jaligi yer maydonlari ushbu suv ombori orqali sug‘oriladi. Suv omborining sig‘imi 1 mlrd 576 million kub metr. Egallagan hududi 4957 gektarni tashkil etadi. Biz ushbu suv omborini egallagan maydon o‘rniga, Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumani Poshaxo‘r uchastkasidan 1019 gektar yaylov-yer maydoni ajratishni taklif etyapmiz. Sobiq Ittifoq davrida 4127 gektar yer maydoni O‘zbekiston SSSR hududidan suv ombori uchun kompensatsiya sifatida berilgan”, deydi Bosh vazir. 

Unga ko‘ra, suv ombori egallagan hudud va to‘g‘onga xizmat ko‘rsatish uchun yana 19,5 gektar maydon Qirg‘iziston hududidan O‘zbekiston hududiga o‘tkazilyapti. 

“O‘z navbatida qo‘shnilar bilan do‘stona aloqalarni saqlab qolish uchun suv omborini Qirg‘iziston fuqarolari ayrim maqsadda foydalanishi uchun ruxsat berilyapti. 

Shu o‘rinda bir masalani aytib o‘tishimiz kerak: suv omborining linzasini 906 metrdan 900 metrgacha tushirish masalasida kelishdik . Qirg‘iziston tomoni ko‘proq tushirish masalani qo‘ygandi, lekin biz kelishganimiz bo‘yicha 900 metrda qoldi. Shunda 1 mlrd 578 million kub metr suv sig‘imiga ega bo‘lgan suv ombori ishlash rejimi tashkil etiladi”, deydi Aripov. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1345

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing