APL: “City” 8-marta chempion bo‘ldi. “United” va “Arsenal” YeCHLdan quruq qoldi

Sport

image

Angliya Premer ligasining 2021-2022 yildagi mavsumi “Manchester Siti”ning chempionligi bilan yakun topdi. So‘nggi 38-turda “shaharliklar” “Aston Villa” ustidan 3:2 hisobida irodali g‘alabaga erishdi. Shu tariqa, “Siti” 8-marta Angliya chempionligini qo‘lga kiritdi.

Oxirgi yillarda “Siti”ga munosib raqobat ko‘rsatayotgan “Liverpul” 38-turda “Vulverxempton”ni 3:1 hisobida mag‘lub etganiga qaramay, 92 ochko to‘plagan holda musobaqani 2-o‘rin bilan yakunlashga majbur bo‘ldi.

Yevropa Chempionlar ligasiga yo‘llanma beruvchi 3 va 4-o‘rinni Londonning “Chelsi” va “Tottenxem” jamoalari egalladi. Shu tariqa, kelasi yili Yevropa Chempionlar ligasida “Manchester Yunayted” va “Arsenal” ishtirok etmaydigan bo‘ldi.

E’tiborlisi, joriy yilda Angliya Premer ligasi chempionati to‘purari uchun kechgan poygada 23 tadan gol urgan Son Xyon Min va Muhammad Saloh g‘alaba qozondi. Qayd etish joizki, Son APL “Oltin butsa”sini qo‘lga kiritgan osiyolik birinchi futbolchiga aylandi va tarixga kirdi. Shuningdek joriy mavsumda 13 ta golli uzatma muallifiga aylangan Saloh APLning eng yaxshi assistentiga ham aylandi.

Angliyada mavsumning eng yaxshi futbolchisi deb “Manchester Siti” futbolchisi Kevin de Bryuyne e’tirof etildi. De Bryuynening jamoadoshi Fil Foden esa yilning eng yaxshi  yosh futbolchisi unvoniga sazovor bo‘ldi.

“Shaharliklar” bosh murabbiyi Pep Gvardiola 4-marta APLda (APL 1992 yilda tashkil etilgan) chempionga aylandi. Bu borada ispaniyalik mutaxassis Joze Mourino va Arsen Vengerni ortda qoldirdi. Har ikkala murabbiy ushbu musobaqada 3 martadan g‘olib bo‘lgan edi.

Angliya chempionligini qo‘lga kiritish bo‘yicha Aleks Fergyuson yetakchi hisoblanadi. Shotlandiyalik sobiq murabbiy “Manchester Yunayted” bilan birga 13 marta APLda chempionga aylangan.

Gvardiola o‘z faoliyati davomida 10-marta chempionat g‘olibligini qo‘lga kiritmoqda. “Manchester Siti” bilan 4-marta Angliyada birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, Germaniya chempionatida “Bavariya” bilan, Ispaniyada “Barselona” bilan 3 martadan bu natijaga erishgan.

Pep 2008/09 yilgi mavsum “Barselona”dagi debyut mavsumidan buyon mamlakat chempionligini qo‘lga kiritish bo‘yicha top-5 ligalarda yetakchi hisoblanadi. 13 yildan buyon hech bir murabbiy 10 marta chempion bo‘lmagan.

Ma’ruf Abdumalikov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

17

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing