AOKA munosabat bildirdi: “Human” ustidan fuqarolar arz qilgan

Jamiyat

image

Avval xabar berganimizdek, bugun, 27 yanvar kuni O‘zbekistonda rasman ro‘yxatdan o‘tgan “Human” internet-nashri direktori Xurshid Daliyev, sayt bosh muharriri Muslim Mirzajonov va saytning boshqa xodimlari o‘zini “organ xodimlari” deb tanishtirgan shaxslar tomonidan nashrning Toshkent davlat agrar universiteti hududida joylashgan ofisidan olib ketilgan edi.

Mazkur holat yuzasidan Prezident Adminstratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) munosabat bildirib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va Raqamli texnologiyalar vazirligiga tegishli so‘rovlarni yuborganini ma’lum qildi.

AOKAning bildirishicha, sayt jurnalistlari fuqarolar murojaati ortidan hibsga olingan va ofisi tintuv qilingan. 

“Aniqlanishicha, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga fuqarolardan ushbu internet-nashrda ishlovchi xodimlar bilan bog‘liq murojaatlar kelib tushgan. Ularga asosan Toshkent viloyati, Qibray tumani, Universitet ko‘chasi, 2-uyda tezkor tadbir tashkil etilgan. Tez orada batafsil ma’lumot berilishi ta’kidlandi”, deyiladi AOKA munosabatida.

“Human” nashri direktori hamda uning bosh muharriri idoralarga olib keltilishi ortidan sayt ham yopildi, unga kirish imkoniyati butkul yo‘qoldi. Bu esa O‘zbekistonda so‘z erkinligining cheklanishi bilan bog‘landi. 

Raqamli texnologiyalar vazirligi AOKAning so‘roviga javoban ma’lumot berishicha, sayt taqiqlangan saytlar reyestriga kiritilmagan.

“Raqamli texnologiyalar vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, “Human” veb-sayti O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborot mavjud bo‘lgan Internet tarmog‘i Reyestriga kiritilmagan va O‘zbekiston Respublikasi hududida undan foydalanilishiga cheklov qo‘yilmagan”, deya qo‘shimcha qilingan xabarda.

Qolaversa, AOKA huquqni muhofaza qiluvchi organlarini “Human” internet-nashri xodimlari bilan bog‘liq vaziyatda amaldagi qonun hujjatlariga rioya qilinishiga hamda fuqarolarning huquqlari va erkinliklari ta’minlanishiga chaqirgan.

O‘zbekistonda fuqaroning murojaati asosida bir necha shaxsning qo‘lga olinishi va ofisi tintuv qilinishi mumkinmi?
Agar bu jurnalist bilan emas, boshqa shaxslar bilan bog‘liq bo‘lganida ham shunday qilinarmidi?

Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur holat yuzasidan Mass-media fondi munosabat bildirib, xavotirda ekanini aytgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing