Angrendagi IESda portlash sodir bo‘ldi. 3 kishi vafot etgan
Jamiyat
−
20 yanvar 2021
7973Bugun, 20 yanvar kuni soat 11:42 da Yangi-Angren issiqlik elektr stansiyasining profilaktika choralarini ko‘rish uchun to‘xtatilgan 5-energiya blokida chang-ko‘mirli havo aralashmasining chaqnashi oqibatida portlash sodir bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Rejali xizmat ko‘rsatish paytida sodir bo‘lgan hodisa oqibatida uch kishi olingan jarohat sababli vafot etgan, yana uch kishi turli darajada kuyish tan jarohatini olgan. Vafot etgan va jarohat olganlar 5-energiya blokida profilaktika ishlarini olib borayotgan xizmat ko‘rsatish xodimlari bo‘lgan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligining kuch va vositalari voqea joyida vaziyat oqibatlarini bartaraf etish ishlarini olib bormoqda. Chaqnashning kelib chiqish sabablari bo‘yicha surishtiruv ishlari boshlangan.
Hodisa natijasida Yangi-Angren issiqlik elektr stansiyasining infratuzilmasi va texnologik uskunalariga shikast yetmagan.
Qo‘shimcha ma’lumot kelib tushishi bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligi rasmiy veb-resurslari orqali ma’lumotlar e’lon qilinadi.
LiveBarchasi