Andijonlik shifokorlar O‘zLiDePga ovoz beradi
Jamiyat
−
17 Oktabr
2405O‘zLiDeP raisi Aktam Hayitovning navbatdagi uchrashuvi Andijon davlat tibbiyot institutida bo‘lib o‘tdi. Muloqotda malakali shifokorlar va hamshiralar, tibbiyot sohasiga endi qadam qo‘yayotgan yoshlardan iborat 150 nafardan ziyod saylovchi ishtirok etdi.
Uchrashuv avvalida O‘zLiDeP yetakchisi 5 maqsad va 500 vazifa doirasida partiyaning kelgusi besh yillikka mo‘ljallangan taklif-tashabbuslarning o‘zbek xalqi hayotidagi ahamiyati haqida fikr yuritdi.
Ta’kidlanganidek, aholi o‘rtasida kasalliklarni keskin kamaytirish, sog‘lom turmush tarzini joriy etish, o‘rtacha umr davomiyligini 78 yoshga yetkazish hamda byudjetdan tibbiyotga ajratiladigan yillik mablag‘ hajmini kamida 2 karra oshirish partiyaning asosiy maqsadlari sirasiga kiradi. Shuningdek, asosiy e’tiborni kasalliklar profilaktikasiga qaratish, onalar va bolalar o‘limi, bolalar o‘rtasidagi irsiy kasalliklarni kamida 2 barobarga, onkologik, yurak-qon tomir, qandli diabet bo‘yicha erta o‘limni esa 2,5 barobarga kamaytirish partiyaning ustuvor vazifalaridir. Xotin-qizlar o‘rtasida onkologik kasalliklarni kamaytirish maqsadida 40 yoshdan oshgan ayollar uchun tegishli davriylikda tibbiy ko‘rikdan o‘tish tizimini joriy qilish, kafolatlangan bepul tibbiy yordam, uning aniq hajmining huquqiy asoslarini ishlab chiqishi kabi dolzarb masalalarga ham partiya saylovoldi dasturida keng o‘rin berilgan.
Tadbirda ta’kidlanganidek, “Tibbiy sug‘urta to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqishni tezlashtirish, sog‘liqni saqlash tizimini to‘liq raqamlashtirish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifadir. Fuqarolarga tibbiy xizmatlar uchun kredit ajratish tizimini joriy qilish, salomatlikni tiklash uchun bankdan 3 yil imtiyozli muddat bilan kredit olish imkoniyatini yaratish, yuragida nuqsoni bor 5 ming bolani va ko‘rish qobiliyatini yo‘qotish ehtimoli yuqori bo‘lgan 10 ming chaqaloqni har yili bepul davolash choralarini ko‘rish partiyaning kelgusi besh yillikdagi saylovoldi dasturida o‘z ifodasini topgan.
Shuningdek, partiya chekka hududlarda ta’lim va sog‘liqni saqlash tashkilotlarida mehnat qilayotgan yuqori malakali mutaxassislar uchun tibbiy xizmat ko‘rsatish, qo‘shimcha ta’til kunlari, sayohat uchun to‘lovlar, uy-joy ijarasini o‘z ichiga olgan “Ijtimoiy paket” tizimini joriy etadi. Shifokorlarni xorijiy mamlakatlarga tajriba almashish uchun davlat hisobidan yuborishda nodavlat tibbiyot tashkilotlari vrachlari uchun ham kvotalar ajratish, davlat tibbiy sug‘urtasi bilan birga nodavlat tibbiy sug‘urta tizimini joriy etish ham muhim tashabbuslardir.
Yuqori kayfiyatda o‘tgan uchrashuvda andijonlik tibbiyot sohasi vakillari bo‘lajak saylovda O‘zLiDePni qo‘llab-quvvatlab ovoz berishlarini bildirishdi.
LiveBarchasi