Andijondagi “tozalash”da konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darish bo‘yicha sudlangan 62 yashar otaxon qo‘lga olindi

3-sahifa

image

Andijon viloyatida ham kriminogen vaziyatni yaxshilash bo‘yicha tezkor-profilaktik tadbirlar davom ettirilmoqda va unda viloyatda o‘zidan “avtoritet yasab olgan” uch kishi qo‘lga olindi. Ular orasida muqaddam O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish bilan ayblanib, sudlangan 62 yashar otaxon ham bor. Bu haqda Andijon viloyatti Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi. 

Qayd etilishicha, ayni vaqtda ichki ishlar idoralari tomonidan uch kishiga nisbatan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (Tovlamachilik), 251-1-moddasi (Kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish), 273-modda (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, jinoyat sodir etishda gumonlanayotgan shaxslar huquq-tartibot organlari tomonidan qo‘lga olingan.  

Xususan, joriy yilning 2 dekabr kuni o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Jinoyat kodeksining 159-moddasida (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganligi uchun sudlangan, Qo‘rg‘ontepa tumanida yashovchi, 1961 yilda tug‘ilgan Dilmurod Adxamjanovich Mamajanov qo‘lga olingan. 

Shuningdek: 

•    muqaddam Jinoyat kodeksining 219, 238, 241, 165-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganligi uchun bir necha marotaba sudlangan, Andijon tumanida yashovchi, 1985 yilda tug‘ilgan Noufal Alisherovich Bayxanov;

•    muqaddam Jinoyat kodeksining 97, 164, 165-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganligi uchun bir necha marotaba sudlangan, Andijon shahrida yashovchi,1989 yilda tug‘ilgan Umidbek Rafukjonovich Umarov ushlangan. 

Yuqoridagi shaxslar viloyat hududida mayda bezorilik, tovlamachilik, kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish, giyohvandlik vositalarini qonunga xilof ravishda o‘tkazish bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgani aniqlangan va tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan. 

“Hurmatli fuqarolar! Agar Sizlar ushbu shaxslardan jabr ko‘rgan bo‘lsangiz yoki ushbu shaxslarning jinoiy xatti-harakatlari bo‘yicha ma’lumotlarga ega bo‘lsangiz, Andijon viloyati IIBning “102” raqami yoki 97-432-10-20 telefon raqamiga murojaat qilishingizni so‘raymiz. Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi”, deyiladi xabarda. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing