Andijondagi suv toshqiniga Rossiya qurilishi sababchi ekani ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
08 may 44072 2 daqiqa
Bugun, 8 may kuni Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida “Sarvontepa” MFY hududidan oqib o‘tuvchi Janubiy Farg‘ona kanali qirg‘oqlarining biriga shikast yetgani oqibatida ko‘chalarni suv bosgani haqida xabar berilgan edi. Keyinchalik, sodir bo‘lgan suv toshqiniga qo‘shimcha GES qurilishi vaqtida kanalga ortiqcha suv tashlangani sabab bo‘lgani aytildi. Ushbu toshqinlarga sabab bo‘lgan GES Rossiya tomonidan qurilayotgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorik jamiyati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 31 dekabrdagi 800-sonli qaroriga asosan Rossiyaning MPR moliya instituti mablag‘lari hisobiga Janubiy Farg‘ona kanalida “JFK-3 kichik GES qurilishi” loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyihaning quvvati 6,9 MVt bo‘lib, yiliga 33 mln. kVt.soat elektr energiya ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Qurilish ishlari “tayyor holda topshirish” sharti asosida Rossiyaning “Energosila” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilmoqda.
Qurilish ishlari doirasida GES qurish ishlarini tashkil etish hamda vegetatsiya davrida qishloq xo‘jaligini suv bilan ta’minlash maqsadida, Janubiy Farg‘ona kanalida suv to‘sish inshooti qurilib, suv sarfi vaqtincha aylanma kanal orqali quyi qismiga yo‘naltirilgan.
Aylanma kanalning loyihaviy suv o‘tkazish qobiliyati 60 metr kubga mo‘ljallangan bo‘lib, amalda suv sarfi miqdori 70 metr kub kelgani sababli, Janubiy Farg‘ona kanalining o‘ng qirg‘og‘ini yuvib ketish holati yuz bergan.
“Hozirda Janubiy Farg‘ona kanalida yuz bergan texnogen holatni bartaraf etish bo‘yicha barcha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, ta’mirlash-tiklash ishlari jadallik bilan olib borilmoqda. Buning uchun zarur bo‘lgan barcha texnika va ishchi kuchi resurslari jalb etilgan”, deyiladi xabarda.
Bildirilishicha, mazkur chora-tadbirlar ertaga, 9 may kuni soat 14:00 ga qadar to‘liq bartaraf etiladi va Janubiy Farg‘ona kanalining odatiy ish rejimi tiklanadi. Bunda aholi uy-joy va tomorqa xo‘jaliklariga yetkazilgan zararlar kompensatsiya qilinishi ta’minlanadi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr