Andijonda o‘qituvchi o‘quvchisiga ariq suvi ichirib, barg yedirgani aytilmoqda
Jamiyat
−
18 aprel 2022
14593Andijonda o‘qituvchi 6-sinf o‘quvchisini darsga kech qolgani va qo‘polligi uchun 2 litr ariq suvi ichishga va nok bargini yeyishga majburlagani aytilmoqda. Ushbu holat yuzasidan “Zamon” informatsion dasturida ma’lumot berildi.
Gap shundaki, Izboskan tumanidagi maktablardan birida 6-sinf o‘quvchisi darsga kechikib, o‘qituvchiga qo‘pol munosabatda bo‘lgan.
O‘qituvchining so‘zlariga ko‘ra, u bunga javoban o‘quvchiga 100 gramm suv ichirib, nok barglarini yeyishga majburlagan.
“O‘sha kuni men maktabga kiraverishda navbatchi edim. Bu o‘quvchi 2 soatga kechikdi. Sababini so‘rasam, men bilan bahslasha boshladi. U mening qarindoshim bo‘lgani sababli uni tinchlantirmoqchi bo‘lib, 100 gramm yoki bir piyola suv ichirdim. O‘quvchini og‘ziga majburlab bargni tiqqan taqdirda ham u yutmaydi-ku. Balki o‘qituvchi tiqqandir, lekin yoyishiga majburlay olmaydi-ku, agar o‘zi yutmasa. Men uni majburlay olmayman, shunday emasmi? Shunaqa gaplar aytishdan oldin biroz o‘ylab ko‘rish kerak”, deya holatga izoh bergan o‘qituvchi.
O‘quvchining aytishicha, voqea sodir bo‘lgan kunning ertasiga o‘qituvchisi uni shifoxonaga olib borgan. Ko‘rikdan o‘tkazilganda unda buyragida tuz borligi va shamollagani aniqlangan. Shifokorlar qon va siydikni tahlil qilishni aytgan, biroq shifoxonada navbat ko‘pligi sababli o‘qituvchi uni qishloqdagi poliklinikaga olib borgan. U yerdagi shifokorlar o‘quvchining gemoglobin miqdori 9,8 chiqqani, siydigida esa hech qanday shamollash yo‘qligi va tibbiy muolajaga muhtoj emasligini aytgan.
LiveBarchasi