Andijonda mast erkak shifokorni do‘pposladi

3-sahifa

image

Joriy yil 17 oktyabr kuni Andijon viloyatida mast holatda tez tibbiy yordam shifokorini do‘pposlab, unga og‘ir tan jarohati yetkazgan shaxs qamoqqa olindi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar qildi.

Aniqlanishicha, fuqaro B.T. bemor onasi G.U.ni o‘z shaxsiy avtomobilida “tez yordam” shoxobchasiga olib kelgan. 27 yoshli navbatchi shifokor Shohruh Zokirov bemorga zarur tibbiy yordamni ko‘rsatgan.

Ammo bemor G.U.ning qon bosimi me’yorlashib, umumiy holati yaxshilanishiga qaramay, fuqaro B.T. onasiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordamdan qoniqmagan. Shu sabab shifokorlarni uyatli so‘zlar bilan haqorat qilib, o‘z xizmat vazifasini o‘tayotgan yana bir shifokor – M.Dehqonovning yoqasidan olgan va uni bo‘g‘gan. 

Shundan so‘ng, B.T. hamkasbini ajratish uchun borgan shifokor Sh.Zokirovning yuziga ham musht tushirgan. Shifokorning musht zarbidan yerga yiqilishiga qaramasdan mushtumzo‘r uning yuzi va tanasining turli joylariga urib, jiddiy jarohat yetkazgan. 

Oqibatda, Sh. Zokirov Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasiga yotqizilgan. O‘tkazilgan sud-tibbiy ekspertizasi davomida Sh. Zokirovga bosh miya chayqalishi, burun suyagining sinishi, ikkala ko‘z qovoqlari va burun sohasidagi qontalash tashxisi qo‘yilgan.

Xabarga ko‘ra, hozirda ushbu holat yuzasidan tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi  3-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va tibbiyot xodimiga tajovuz qilgan  B.T.ga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

79

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing