Andijonda fuqaro MIB xodimini pichoqladi

3-sahifa

image

Andijon viloyati Asaka tumanida fuqaro Majburiy ijro byurosi xodimini haqorat qilib, unga pichoq bilan jarohat yetkazdi. Bu haqda MIB Matbuot xizmati QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Asaka tumanlararo sudining 2021 yilning 21 oktyabridagi ijro varaqasiga ko‘ra, Asaka tumani Najmiddin Kubro ko‘chasida joylashgan avtoshohbekatning yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan kutish hududida qarzdor A.J tomonidan o‘zboshimchalik bilan qurib olingan savdo do‘koni qurilmasi uning hisobidan majburiy tartibda buzdirilishi belgilangan.

Mazkur sud qarori ijrosi bo‘yicha byuroning Asaka tuman bo‘limi davlat ijrochisi X.Mehmonov tomonidan 20 noyabr kuni ijro ishi yuritish uchun qo‘zg‘atilib, sud hujjati talabini bajarish haqida qarzdor bir necha bor ogohlantirilishiga qaramasdan, qonuniy talablarni bajarmagan. 22 dekabr kuni o‘tkazilgan majburiy ijro harakatlarida A.J. ishtirok etmagani sabab boshqa kunga qoldirilgan.

Sud qarori ijrosini ixtiyoriy bajarmaganligi uchun 2021 yilning 25 dekabr kuni A.J.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 198-1-moddasi (qarzdorning ijro hujjatini ijro etmasligi)ga asosan 540 ming so‘m jarima jazosi tayinlangan.

Joriy yilning 11 yanvarida noqonuniy qurilmani buzish uchun vakolatli idoralar vakillari ishtirokida majburiy ijro harakatlari o‘tkazilgan. Ijro harakatlari davomida qarzdorning o‘g‘li S.J. do‘konda bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan taraflarni qo‘rqitib, davlat ijrochisi X.Mehmonovga tan jarohati yetkazgan. Oqibatda majburiy ijro harakatlari boshqa kunga qoldirilgan.

“Qonunbuzarlarga albatta qonuniy chora ko‘riladi, xodimlarning xatti-harakatlariga baho beriladi. Natijasini OAVlarda tez kunlarda ma’lum qilamiz”, dedi MIB Matbuot xizmati rahbari Farrux Toshpulatov. 

Ta’kidlanishicha, hozirda mazkur hodisa bo‘yicha Asaka tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

183

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing