Andijonda 7 dona jo‘jani o‘g‘irlagan erkak 10 yildan ortiq muddatga qamaldi

3-sahifa

image

Andijon viloyatida qo‘shnisining uyiga kirib, voyaga yetmagan bolaga zo‘rlik ishlatgan holda 7 dona jo‘jani o‘g‘irlagan shaxs 10 yil 2 oy muddatga qamaldi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.

Hujjatda keltirilishicha, Andijon viloyatining Baliqchi tumanida tug‘ilgan 39 yoshli erkak 2025 yil 3 may kuni soat 13:30 larda mahalladoshining xonadoniga o‘g‘rilik qilish niyatida kirgan. Hovlida xonadon egasining voyaga yetmagan o‘g‘lini ko‘rib qolib, unga hujum qilgan. Ayblanuvchi bolaga zo‘rlik ishlatib, urib-do‘pposlagan, bo‘ynidan bo‘g‘ib, og‘ir tan jarohati yetkazgan.

Shundan so‘ng hovli katagidan 7 dona jo‘jani bosqinchilik yo‘li bilan o‘g‘irlab, voqea joyidan qochib ketgan.

Aniqlanishicha, mazkur shaxs muqaddam ham turli jinoyatlarni sodir etgani uchun 7 marta sudlanib, jazo muddatlarini o‘tab chiqqan. 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Oltinko‘l tuman sudining 2025 yil 11 noyabrdagi hukmiga asosan u Jinoyat kodeksining 164-moddasi (bosqinchilik) 3-qismining “a, v, g” (xavfli retsidivist) bandlari bilan aybli deb topilib, 10 yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Jinoyat kodeksining 60- va 61-moddalari qo‘llanilib, yakuniy jazo 10 yil 2 oy ozodlikdan mahrum qilish etib belgilangan. Shuningdek, u Jinoyat kodeksining 34-moddasiga (Retsidiv jinoyat) asosan o‘ta xavfli retsidivist deb topilib, jazoni maxsus tartibli koloniyada o‘tashi belgilangan. 

Ayblanuvchi aybiga iqror bo‘lgan, biroq u o‘ta xavfli retsidivist deb topilganiga e’tiroz bildirib, apellyatsiya shikoyati kiritgan.

Joriy yilning 28 yanvar kuni Andijon viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasida video-konferens aloqa tizimi orqali o‘tkazilgan ochiq sud majlisida mazkur ish qayta ko‘rib chiqilgan. Apellyatsiya instansiyasi sudi birinchi instansiya tomonidan Jinoyat kodeksining 164-moddasi (bosqinchilik) 3-qismining “a” bandi (takroran, xavfli retsidivist) noto‘g‘ri qo‘llanilgan, degan xulosaga kelgan. Sud hay’atiga ko‘ra, ayblanuvchi avval mazkur modda yoki unga o‘xshash jinoyatlar uchun sudlanmagan bo‘lib, uning harakatlarida takroriylik belgisi mavjud emas. 

Shu asosda apellyatsiya sudi ayblovdan Jinoyat kodeksining 164-moddasi (bosqinchilik) 3-qismining “a” bandini (takroran, xavfli retsidivist) chiqarishga qaror qilgan. Biroq, sud jazo turi va muddatini adolatli deb topib, 10 yil 2 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘zgarishsiz qoldirgan. 

Sud qarorining qolgan qismi, jumladan, jazoni ijro etish tartibi ham o‘zgarishsiz qoldirilgan. Apellyatsiya shikoyati esa qisman qanoatlantirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

jinoyat o'g'rilik Andijon zo'rlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing