Andijonda 53 yoshli erkak “sobutilnik”ini o‘ldirib qo‘ydi
3-sahifa
−
25 mart 2022
9377Andijonda ikki fuqaro o‘rtasida janjal kelib chiqishi ortidan biri ikkinchisini pichoqlab qo‘ydi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.
Qayd etilishicha, joriy yilning 22 mart kuni 50 yoshli A.R. hamda 53 yoshli B.A. Andijon shahar “Islomobod” MFYda joylashgan 53 yoshli M.M.ning yashash xonadoniga mehmonga kelib, birga spirtli ichimlik iste’mol qilgan. Keyinroq A.R. hamda B.A. mast bo‘lgan holda bir-birlarini haqorat qilgan, shundan so‘ng, ikkisining o‘rtasida janjal yuzaga kelgan.
Mojaro ortidan B.A. stol ustida turgan xo‘jalik pichog‘ini olib A.R.ning ko‘krak sohasiga bir marotaba urib tan jarohati yetkazgan. A.R. esa hodisa joyida vafot etgan.
Sud-tibbiy ekspertiza xulosasida A.R.da ko‘krak qafasi o‘ng tomon sohasidan ko‘krak bo‘lig‘iga teshib o‘tuvchi sanchma kesma jarohat aniqlangan bo‘lib, mazkur jarohat og‘irlik darajasiga ko‘ra, hayot uchun xavfli bo‘lgan “og‘ir” tan jarohatlari sifatida baholanishi ko‘rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Andijon shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan B.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
LiveBarchasi