Andijonda 100 gektar yerni 128 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan mansabdorlar ushlandi
Jamiyat
−
18 aprel 2021
5221Davlat xavfsizlik xizmati Andijon viloyati boshqarmasi xodimlari Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda yer sotish bilan bog‘liq bir nechta firibgarlik holatlariga chek qo‘ygan. Bu haqda DXX matbuot xizmatiga tayanib, “Xalq so‘zi” xabar bermoqda.
Xususan, viloyat hokimligi huzuridagi kichik sanoat zonalarini boshqarish direksiyasi xodimi 2 nafar sherigi bilan o‘zaro til biriktirib, mahalliy fuqaroga fermer xo‘jaligi tashkil qilishi uchun Xo‘jaobod tumani hokimligidagi mansabdor tanishlari orqali 100 gektar yer ajratib, tegishli hujjatlarni tayyorlatib berish evaziga undan 128 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Qayd etilishicha, tergovoldi surishtiruv harakatlari davomida mazkur shaxslar o‘zlarining bu yordamlari uchun muqaddam avans sifatida 7 ming AQSH dollari olganliklari aniqlangan.
Shuningdek, ular olgan pullarining 70 ming AQSH dollarini Andijon viloyat Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasida ishlovchi tanishiga berishi kerakligi ma’lum bo‘ldi va tezkor tadbir davom ettirilib, u ham pulni olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
LiveBarchasi