“Andijoncha spektakl” davom etadi. Rollarda.... 

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, joriy yilning 17-18 iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlardagi o‘zgarishlar hamda aholi hayoti bilan yaqindan tanishish maqsadida Andijon viloyatida bo‘ldi. 

Ijtimoiy tarmoqlarda Prezidentning Andijonga tashrifidan so‘ng, markaziy ko‘chalar bo‘yiga ekilgan archalar va gullar davlat rahbari qaytib ketgach, yana kavlab olingani aks etgan videolavha tarqaldi. Andijon viloyati hokimligi mazkur voqea yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, videolavhada aks etgan holat shahar obodonlashtirish bo‘limi tomonidan hududda obodonlashtirish ishlari olib borilayotgan vaqtda tasvirga tushirilgan. Obodonlashtirish ishlari olib borish jarayonida gullarga shikast yetmasligi uchun ular tasvirda aks etgan avtomobil yordamida soya-salqin joyga, biroz muddatga ko‘chirib turilgan.

“Yo‘lning 50 metr uzunlikdagi qismida olib borilgan bu tadbir davomida ekologlar tavsiyasiga ko‘ra, qayta o‘tqazilgan ko‘chatlarning yanada o‘sib rivojlanishi uchun zarur agrotexnik shart-sharoit yaratilgan. Ayni paytda bu manzarali butalar yana o‘z joyiga qayta o‘tqazilgan”, deyiladi hokimlik bayonotida.

Qayd etish kerakki, hokimlik xabarida archalar va gullar qachon salqinga olingani va yana o‘rniga qaytarilganiga aniqlik kiritilmagan. Avtomobilda olib ketilayotgan archa masalasiga ham izoh berilmagan. Yana shuni ham alohida ta’kidlash o‘rinliki, avval obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgan hududlarda daraxtlar yoki gullar yerdan qo‘porilib, boshqa joyga olib turilishi bilan bog‘liq holat kuzatilmagan. Yoki biz bexabarmiz. 

Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 2019 yilda Andijonga amalga oshirgan tashrifidan keyin ham xuddi shunga o‘xshash holat ro‘y bergan edi. O‘shanda Prezident pana-pastqam uylarda yashayotgan ayollar bilan muloqot qilgan va ayollar yangi uyga ko‘chib o‘tganini aytib, Prezidentga minnatdorlik bildirgan. Oradan ko‘p o‘tmay, ayollar mutasaddilar bosimi va buyurtmasi asosida “O‘zbekiston-24” telekanaliga yolg‘on intervyu bergani ma’lum bo‘lgan va bu OAVda “Andijoncha spetakl” nomi bilan tilga tushgan. Bu voqealar ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuvga sabab bo‘lgach “Andijoncha spektakl” qahramonlari yangi uy bilan ta’minlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

376

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing