Andijon va Farg‘ona MIB rahbarlari o‘rin almashdi
Jamiyat
−
09 noyabr
3488Bosh prokuror buyrug‘i bilan Majburiy ijro byurosining Andijon va Farg‘ona viloyatlari boshqarmalariga yangi rahbarlar tayinlandi. Bu haqda Majburiy ijro byurosi matbuot xizmati xabar berdi.
Ayubxon Alimovich Alimov MIBning Andijon viloyat boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U tayinlovga qadar byuroning Farg‘ona viloyat boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.
Ayubxon Alimov 1981 yil Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. U ish faoliyatini 2007 yilda Sud ijrochilari Farg‘ona viloyati Bag‘dod tuman bo‘limi sud ijrochisi vazifasidan boshlagan. Byuro organlarida ish faoliyatini 2018 yildan boshlab, bir qator mas’ul lavozimlarda ishlab kelgan. 2021 yilda Dang‘ara tuman, keyinchalik Qo‘qon shahar bo‘limlari boshlig‘i sifatida xizmat qilgan.
Shu paytgacha byuroning Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan Otabek Bahodirovich Salmonov esa MIBning Farg‘ona viloyati boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Otabek Salmonov 1982 yil Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan. U ish faoliyatini 2009 yilda cud ijrochilari Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shahar bo‘limi sud ijrochisi vazifasidan boshlagan. 2014 yilda Sud departamenti Namangan viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan. So‘ngra 2017 yilda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Farg‘ona viloyat boshqarmasi boshlig‘i birinchi o‘rinbosari lavozimida o‘z ishini davom ettirgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil boshida Jumanazar Jumaniyozov Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining Xorazm viloyati boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangandi.