Andijon tumani sobiq hokimi oqlangani rostmi?
3-sahifa
−
23 yanvar 2024
8899Avvalroq, ijtimoiy tarmoqlarda Andijon tumanining sobiq hokimi Abdujabbor Egamberdiyev javobgarlikdan ozod qilingani haqida xabarlar tarqalgandi. Oliy sud mazkur xabarlar yuzasidan ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Marhamat tuman sudining 2023 yil 8 fevraldagi hukmiga muvofiq Abdujabbor Egamberdiyev (1974 yilda Andijon viloyatida tug‘ilgan, Andijon tumani hokimi lavozimida ishlagan) Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi "a" bandi, 207-moddasi 1-qismi va 229-4–moddasi 2-qismi "a", "b" bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi 2-qismi va 61-moddasi tartibida 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilgan holda, oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolish sharti bilan 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
Abdujabbor Egamberdiyev va uning himoyachisi tomonidan sudga o‘talmay qolgan mansabdorlik lavozimlari va moddiy javobgarlik yuklatilgan vazifalarda ishlash huquqidan mahrum qilish jazosidan Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan muddatidan ilgari shartli ozod qilish haqidagi arizasi taqdim etilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Oltinko‘l tuman sudining 2024 yil 18 yanvardagi ajrimi bilan Abdujabbor Egamberdiyevning arizasi qanoatlantirilib, u faqatgina o‘talmay qolgan 1 yil 3 oy 16 kun mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilish qo‘shimcha jazosini o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilingan.
"Bugungi kunda Abdujabbor Egamberdiyev unga sud hukmi bilan tayinlangan axloq tuzatish ishlari asosiy jazosini belgilangan tartibda probatsiya guruhi hisobida o‘tab kelmoqda.
Bundan ko‘rinadiki, Abdujabbor Egamberdiyev oqlanmagan va uning oqlangani to‘g‘risida tarqatilgan xabar haqiqatga mos kelmaydi", deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Abdujabbor Egamberdiyev 2016-2021 yillarda Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari bo‘lgan. 2021-2022 yillarda Andijon tumaniga hokimlik qilgan, 2022 yil sentyabrida davlat xizmatchisi etikasiga nomunosib xatti-harakatlari, rahbarlik madaniyatini saqlamagani, o‘tkazilgan qabullarda fuqarolarga hurmatsizlikka yo‘l qo‘ygani va faoliyatidagi boshqa kamchiliklari uchun Andijon tumani hokimi lavozimidan ozod etilgandi.
LiveBarchasi