Andijon hokimi quruvchilarni nogironlar aravachasiga mindirib, panduslarni sinovdan o‘tkazdi
Jamiyat
−
30 noyabr 2022
11901Andijon viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Yangi Andijon shaharchasidagi qurilish ishlari bilan tanishib, quruvchilar ishtirokida maxsus tekshiruv o‘tkazdi. Tekshiruv jarayoni aks etgan video Shuhrat Abdurahmonovning rasmiy Telegram kanaliga joylangan.
Unda viloyat rahbari barcha quruvchilardan o‘zlari qurgan yo‘laklar bo‘ylab nogironlar aravachasida harakatlanib ko‘rishni, panduslardan aravachada chiqishni va uning qiyaligini qanchalik standartlarga javob berishini, nogironligi bor shaxslarga qanchalik sharoit yaratilganini tekshirib ko‘rishni so‘radi.
“Qani o‘tiring, men siz bilan hazillashmayapman. Ko‘ryapsizmi, chiqolmadingiz, darrov tushib oldingiz. Sog‘lomsiz-da. Endi tasavvur qiling, nogiron odam nima qiladi? Nimaga to‘g‘irlab qo‘yishmaysan?” degan hokim zinaning imkoniyati cheklanganlar uchun mo‘ljallangan qismidan harakatlana olmagan quruvchiga.
Shuningdek, hokim boshchiligidagi jamoa hatto tekis yo‘llarning, uylarga kiraverishdagi yo‘laklarning ham imkoniyati cheklangan odamlar uchun noqulayligini ko‘rsatib bergan.
“Tasavvur qil, bu kvartirani nogiron odam sotib oldi. Qanday kiradi uyga? Mayli, hozir sog‘ odam olar, lekin, u ertaga boshqa odamga, nogironga uyini sotar. O‘sha paytda nima qiladi? Hammang qo‘rdim-qurdim deb ketyapsan, lekin nogironlar ham inson-ku?!” deydi Abdurahmonov.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Senati tomonidan 2020 yilning 11 sentyabr kuni “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilingan bo‘lib, ushbu Qonunning 9-moddasida shunday yozilgan:
“Ob’ektlar va xizmatlarning qulayligi nogironligi bo‘lgan shaxslarning binolardan, inshootlardan, transportdan, axborotdan va aloqa vositalaridan, shu jumladan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va tizimlaridan, shuningdek boshqa ob’ektlardan va aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlardan o‘zga fuqarolar bilan teng ravishda foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratish yo‘li bilan ta’minlanadi.
Shaharlarni, boshqa aholi punktlarini rejalashtirishga va qurishga, turar joy va rekreatsiya zonalarini shakllantirishga, yangi qurilish uchun mo‘ljallangan loyiha yechimlarini ishlab chiqishga, binolarni, inshootlarni va ularning majmualarini rekonstruksiya qilishga, shuningdek umumiy foydalanishdagi transport vositalarini, axborotni hamda aloqa vositalarini ishlab chiqishga va ishlab chiqarishga mazkur ob’ektlarni nogironligi bo‘lgan shaxslarning ulardan moneliksiz foydalanishi uchun moslashtirmasdan yo‘l qo‘yilmaydi”.
LiveBarchasi