Anchelotti “Real”ning g‘alabalari sirini aytdi

Sport 2911
image

“Real Madrid” bosh murabbiyi Karlo Anchelotti jamoaning boy tarixi hamma narsa tugagandek tuyulgan paytda ham kurashni davom ettirishga yordam berishi haqida gapirgan. Bu haqda “los blankos” ustozining so‘zlariga tayanib, UEFA rasmiy sayti ma’lum qildi.

“Biz ketma-ket ravishda PSJ, “Chelsi” va “Manchester Siti” kabi jamoalarni mag‘lub qildik. Agar, biz buni qanday uddalaymiz, deb so‘rasangiz, men shunday javob beraman: jamoamizning boy tarixi bizga hamma narsa allaqachon tugagandek tuyulsa ham kurashni davom ettirishga yordam beradi. Haqiqatdan “Real” dunyoning eng buyuk klubi hisoblanadi.

Uchrashuvda deyarli mag‘lubiyatga uchragan edik, ammo biz baribir oxirgi zarbalarni bera oldik. Kuchli raqibga qarshi yaxshi o‘yin o‘tkazdik. Urilgan gollar hisobni tenglashtirishga imkon berdi. Qo‘shib berilgan bo‘limlarda esa biz raqibdan kuch, ishonch va psixologik jihatdan ustun edik”, degan Anchelotti.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 4 may kuni Yevropa Chempionlar ligasi yarim final javob uchrashuvlari doirasida “Real Madrid” va “Manchester Siti” o‘rtasida bahs bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv deyarli o‘z yakuniga yetayotgan bir pallada “Manchester Siti” “Real”ni 1:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratayotgan edi. Go‘yoki “shaharliklar” final yo‘llanmasini naqd qilgandi. Biroq 90 va 91-daqiqalarda Rodrigo Gois ikkita gol urdi. Qo‘shimcha bo‘limlarda Karim Benzema penaltidan hisobni 3:1 ko‘rinishiga keltirdi. Natijada umumiy hisob 6:5 ko‘rinishiga keldi. Birinchi o‘yin “Manchester Siti”ning 4:3 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan edi. Shu tariqa, ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, “Real Madrid” YeCHL finaliga yo‘l oldi.

Ma’ruf Abdumalikov

.
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 43
Reyting: 3
t
×