Amerikaning eng yirik shahrini endi musulmon mer boshqaradi

Tahlil

Bu Zohran Mamdani. AQSHning eng yirik shahri Nyu-York tarixidagi birinchi musulmon mer. U mashhur hind filmi sautreki sadolari ostida oilasi bilan g‘alabasini nishonlamoqda.

Demokratik sotsialist, Kvinsdan saylangan 34 yoshli assambleya a’zosi bo‘lgan Mamdani Nyu-York shahar merligiga nomzodini ilgari surganidan beri, qisqa vaqt ichida deyarli noma’lum siyosatchidan milliy darajadagi e’tibor markaziga aylandi.

Uning jasur, chap qanotga moyil dasturi progressiv saylovchilarni ruhlantirdi, Demokratik partiyani silkitdi va Prezident Donald Tramp hamda boshqa respublikachilarning qattiq tanqidiga sabab bo‘ldi.

Mamdanining tajribali raqiblaridan farqli ravishda, uning yoshligi, yangicha dunyoqarashi va ilg‘or siyosiy dasturi yangi avlod saylovchilarini ruhlantirdi hamda ularning ishonchini qozondi.

Mamdani Ugandada tug‘ilgan, yetti yoshligida oilasi bilan birga Nyu-Yorkka ko‘chib kelgan. U Bronks o‘rta maktabini tamomlagan va keyinchalik Boudoyn kollejida Afrika tadqiqotlari bo‘yicha ta’lim olgan. U yerda u “Falastin adolati uchun talabalar” deb nomlangan talabalar uyushmasining kampus bo‘limiga hammuassis bo‘lgan.

Bu yosh avlod vakillari orasidagi progressiv siyosatchi o‘z ildizlariga hamisha sodiq qoldi. Mamdani kampaniyasi davomida o‘zining musulmon e’tiqodini ham ochiq namoyon qildi: u muntazam ravishda masjidlarga tashrif buyurib turdi va shahardagi yashash xarajatlari inqirozi haqida urdu tilida saylov videosini e’lon qildi.

Mamdanining otasi  – Kolumbiya universiteti professori Mahmud Mamdaniy, Onasi esa – mashhur kinoijodkor Mira Nair, ularning har ikkisi ham Garvard universiteti bitiruvchilari hisoblanadi. Zohranning hayotidagi muhim shaxslardan biri – uning 27 yoshli turmush o‘rtog‘i, Bruklinda yashovchi suriyalik rassom Rama Duvajiy. Ular tanishuvlar ilovasi orqali bir-birini topgan.

Mamdani siyosatga kirishishdan avval musiqa sohasida faol bo‘lgan, ammo 2020 yilda Kuins okrugidan Nyu-York Shtat Assambleyasiga saylangach, bu yo‘nalishdagi faoliyatini vaqtincha to‘xtatgan. Shu bilan birga, u rasmiy moliyaviy hisobotlarida ham “o‘zini o‘zi ish bilan ta’minlagan repper” deb ko‘rsatgan va “Yang Kardamom” va “Mr. Kardamom” sahna nomlari bilan ijro etgan qo‘shiqlaridan hozir ham ozgina mualliflik haqi oladi.

Mamdani Kvinsda uy-joy masalalari bo‘yicha maslahatchi bo‘lib ishlagan va kam daromadli aholiga hujjatlar va sud orqali o‘z uylarini saqlab qolishda yordam bergan.

Raqiblari singari, Mamdani ham shahar xavfsizligini oshirish va yashash narxini pasaytirish masalalariga jiddiy e’tibor qaratgan, ammo bu maqsadlarga yetishish uchun u taklif etgan chora-tadbirlar Nyu-York shahri uchun yangi va radikal yo‘nalish bo‘lishi mumkin.

Mamdanining mashhurlikka ko‘tarilishi uning dasturi asosidagi narxlar masalasiga e’tibor bilan bog‘liq bo‘ldi – bu masala demokratlar o‘tgan yilgi prezidentlik saylovi davrida yechishga qiynalgan eng dolzarb muammolardan biri edi.

Uning saylov shtabi saytiga ko‘ra, Mamdani quyidagi asosiy tashabbuslarni va’da qilgan:

  • Ijara narxlarini muzlatish 
  • Nyu-York avtobuslarida yo‘l haqini bekor qilish
  • 6 haftalik chaqaloqlardan to 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun bola parvarishi  xizmatini mutlaqo bepul qilish, shu bilan birga soha xodimlarining ish haqini oshirish
  • Shahar mulki bo‘lgan oziq-ovqat do‘konlari tarmog‘ini yaratish va bu orqali narxlarni mijozlar uchun arzonlashtirish.

Xo‘sh, u buning barchasini qanday moliyalashtiradi?

Mamdani korporativ soliq stavkasini 11,5% gacha oshirishini, bu esa 5 milliard dollar daromad keltirishini aytgan. Shuningdek, u yiliga 1 million dollardan ko‘proq topadigan eng boy nyu-yorkliklardan 2% miqdorida soliq undirishni taklif qilgan.

115 millirad dollar byudjetga, 8 milliondan ortiq aholiga ega shaharning yangi yetakchisi xalqaro maydonda ham o‘z o‘rniga ega bo‘ladi.

Mamdani Falastinni qat’iy qo‘llab-quvvatlash va Isroilni keskin tanqid qilishda Demokratik partiya rahbariyatining aksariyatidan ham o‘zib ketadi.

Assambleya a’zosi sifatida u xalqaro inson huquqlari qonunlarini buzuvchi Isroil mustamlakalari bilan bog‘liq ayrim Nyu-York xayriya jamg‘armalarining soliqdan ozod bo‘lish maqomini bekor qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ilgari surgan.

Mamdanining ta’kidlashicha, Isroil G‘azoda genotsid sodir etgan, bu davlat aparteid tizimiga asoslangan va Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu hibsga olinishi kerak. Isroil esa genotsid va aparteid haqidagi ayblovlarni keskin rad etadi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh N'yu-York Zohran Mamdani musulmon mer

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing