Amerikalik va rossiyalik olimlar kimyo bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi
Olam
−
04 Oktabr 2023
57692023 yil uchun kimyo bo‘yicha Nobel mukofotini amerikalik uch olim – Mungi Bavendi (Massachusets texnologiya instituti), Lui Bryus (Kolumbiya universiteti) va Aleksey Yekimov (Nanocrystals Technology Inc) qo‘lga kiritdi. Mukofot ularga kvant nuqtalarini kashf etgani va sintez qilgani uchun berildi. Nobel qo‘mitasi o‘z qarorini bugun, 4 oktyabr kuni e’lon qildi.
Nobel laureatlaridan biri 78 yoshli olim Aleksey Yekimov Rossiyada tug‘ilgan. Leningrad davlat universiteti bitiruvchisi bo‘lgan Yekimov 1999 yildan buyon AQSHda yashab, ishlab kelmoqda. Uning ishi kvant nuqtalari deb nomlanuvchi yarimo‘tkazgichli nanokristallar bo‘yicha dunyo tadqiqotlariga asos bo‘lgan.
Qiziq tomoni shundagi, bu galgi Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan uchala olim ham fizika bilan shug‘ullangan. Fiziklar nanozarrachalarda nazariy jihatdan o‘lchamga bog‘liq kvant effektlari paydo bo‘lishi mumkinligini uzoq vaqtdan beri bilgan, ammo o‘sha paytda ularni yaratish deyarli imkonsiz edi. Shuning uchun ham bu bilimlar amaliy qo‘llanilishiga juda kam odam ishongan.
Biroq, 1980 yillarning boshlarida Aleksey Yekimov rangli shishada o‘lchamga bog‘liq kvant effektlarini yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Rang mis xlorid nanozarralaridan olingan va Yekimov zarrachalar hajmi kvant effektlari orqali shisha rangiga ta’sir qilishini ko‘rsatdi.
Bir necha yil o‘tgach, Lui Bryus suyuqlikda erkin suzuvchi zarrachalarda o‘lchamga bog‘liq kvant effektlarini ko‘rsatgan dunyodagi birinchi olim bo‘ldi. 1993 yilda Mungi Bavendi kvant nuqtalarining kimyoviy izolyatsiyasida inqilob qildi, natijada deyarli mukammal zarrachalar paydo bo‘ldi. Sifat shunchalik yuqori ediki, nuqtalarni sanoat miqyosida ishlatish mumkin edi.
Kvant nuqtalari endilikda QLED texnologiyasiga asoslangan kompyuter monitorlari va televizor ekranlarini yoritadi. Shuningdek, ular ba’zi LED lampalar nuriga nuancye qo‘shadi, shuningdek, biokimyogarlar va shifokorlar biologik to‘qimalarni o‘rganish uchun ulardan foydalanadi.
Kelajakda tadqiqotchilar egiluvchan elektronika, mayda sensorlar, yupqa quyosh hujayralari va shifrlangan kvant aloqalariga hissa qo‘shishi mumkinligiga ishonishadi.
“Biz endigina bu mayda zarrachalarning imkoniyatlarini o‘rganishni boshladik”, deydi olimlar.
Ma’lumot uchun, 1901 yildan beri kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti 115 marta, 190 kishiga berilgan. 2022 yilda amerikaliklar Karolin Bertotssi va Barri Sharpless, shuningdek, daniyalik Morten Meldal kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti laureatlari bo‘lgan. Mukofot ularga "klik kimyosi va bioortogonal kimyo usullarini rivojlantirgani uchun" berilgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 3 oktyabr kuni fizika bo‘yicha 2023 yilgi Nobel mukofoti sovrindorlari e’lon qilingandi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr