Amerikalik kinoyulduz Samarqanddagi shifoxonaga tushib qoldi
Madaniyat-san’at
−
05 Oktabr 2023
10809Amerikalik taniqli kinoyulduz Kevin Speysi Samarqandda 15-Toshkent xalqaro kinofestivalida ishtirok etayotganida o‘zini yomon his qildi. Aktyor yurak xuruji ehtimoli bilan shifoxonaga yotqizilgan, biroq uni tekshirgan shifokorlar xavotirlanishga asos yo‘qligini bildirgan. Bu haqda “The Sun” nashri xabar berdi.
2 oktyabr kuni festivalning yopilish marosimida so‘zlagan Speysi tomoshabinlarga chap qo‘li “taxminan sakkiz soniya” qotib qolganidan keyin yarim kunni tibbiy markazda o‘tkazganini aytgan.
“Xodimlar menga yaxshi g‘amxo‘rlik qilishdi, hatto MRT qilishdi. Hammasi butunlay yaxshi bo‘lib chiqdi va jiddiy kasallik yo‘qligidan xursandman. Bu voqea meni inson hayoti, har birimizning hayotimiz qanchalik nozik ekanligi haqida o‘ylashga majbur qildi”, degan aktyor.
Shuningdek, Speysi kino sanoatini yoshlar orasida ommalashtirish muhimligini ta’kidladi. Uning o‘zi buyuk aktyorlardan, ayniqsa uni kino, musiqa va teatr san’ati bilan tanishtirgan onasidan ilhomlanib ulg‘ayganini ma’lum qilgan.
“Bolaligim mashaqqatli o‘tdi. Dramatik maktabga kelganimda, men boshqa odam bo‘lishim mumkinligini angladim, bu mening hayotimga aylandi, omadim keldi. Agar kimnidir ilhomlantira olsam, bu men uchun katta sharafdir”, degan aktyor.
Voqeadan bir kun oldin, Kevin Speysi Toshkentdaligida olti yil davom etgan majburiy tanaffusdan so‘ng kinoga qaytishini e’lon qilgan. U “eng yaxshi rollari hali oldinda” ekaniga ishonch bildirgan.
Ma’lumot uchun, Samarqand shahri yaqinidagi “Boqiy shahar” tarixiy-etnografik bog‘ida XV Toshkent xalqaro kinofestivali bo‘lib o‘tdi. Namoyishda Speysidan tashqari boshqa taniqli kino arboblari – serbiyalik rejissyor Emir Kusturitsa, uning rossiyalik hamkasblari Aleksey Uchitel va Aleksandr Sokurov, “Taksi” filmi yulduzi Sami Naseri va aktrisa Natalya Varley ham ishtirok etdi.
LiveBarchasi