O‘zbekistonliklar Koreyaga soxta COVID-19 ma’lumotnomalari bilan ketayotgani aniqlandi
Jamiyat
−
28 Sentabr 2020
8432O‘zbekiston Respublikasidan Janubiy Koreyaga borayotgan fuqarolarda COVID-19 testi bilan bog‘liq soxta ma’lumotnomalar aniqlanmoqda. Hujjatlarda koronavirus yo‘qligi tasdiqlangan, lekin tashrif buyurganlarning ba’zilarida COVID-19 qayd etilgan. Shu sababli, Janubiy Koreya elchixonasi test natijalari ustidan konsullik nazorati tizimini joriy etdi.
Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi 24 sentyabrdan koronavirusga PZR-test ma’lumotnomalarini tasdiqlash uchun konsullik tekshiruvi tizimini joriy etib, laboratoriyalar ro‘yxatini yangiladi. Bu haqda elchixona Matbuot xizmati xabar berdi.
Endilikda O‘zbekistondan Koreya Respublikasiga borishni rejalashtirgan fuqarolar, Koreyaga qo‘nishi bilan PZR uslubida o‘tkazilgan va elchixona klinikasidan tasdiqlangan COVID-19 testi manfiy bo‘lgan ma’lumotnomani taqdim etishlari lozim. Test parvozdan 48 soat oldin bo‘lgan vaqt ichida o‘tkazilgan bo‘lishi kerak.
Ayni vaqtda Toshkentdan parvoz qilayotgan charter reyslarga faqatgina Koreya Respublikasi fuqarolari va ularning oila a’zolari qabul qilinmoqda. Biroq, amaldagi vizalarga ega bo‘lgan ko‘plab o‘zbek fuqarolari uchinchi davlatlar orqali Koreya Respublikasiga kirib kelmoqda.
Elchixona ma’lumotlariga ko‘ra, Koreya Respublikasiga uchinchi davlatlar orqali kirib kelayotgan o‘zbekistonliklar qo‘lida PZR-test natijasi manfiy bo‘lgan ma’lumotnoma bor. Lekin, ulardan olingan namunalar bo‘yicha COVID-19 testi natijalari ijobiy chiqmoqda. Janubiy Koreya ommaviy axborot vositalarining xabar qilishicha, O‘zbekistondan uchib kelgan 421 nafar chet el fuqarosining 52 nafarida (12,4 foiz) koronavirus tasdiqlangan.
"Bu shuni ko‘rsatadiki, ba’zi odamlar PZR-testining salbiy natijasi haqidagi ma’lumotnomalarni soxtalashtirmoqda yoki salbiy test natijasini olish uchun shifoxonada qasddan noto‘g‘ri test o‘tkazilishiga erishishmoqda yoxud uchinchi davlat tranzit hududida kasallikni yuqtirib olishmoqda. Shu sababli Koreya Respublikasiga kelganida, COVID-19 testi ijobiy chiqqan ko‘plab holatlar aniqlandi", deyiladi elchixona bayonotida.
Elchixona PZR-testining salbiy natijasi haqidagi ma’lumotnomani soxtalashtirish yoki nohalol yo‘l bilan Koreya Respublikasiga kirish uchun sertifikat olish jinoiy javobgarlik (1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki 10 million vongacha — 8,500 dollarga jarima), shuningdek, majburiy deportatsiya (kirishga taqiq bilan birga) kabi choralar qo‘llanilishiga olib kelishidan ogohlantirdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistondan Koreya Respublikasiga kelayotganlar orasida COVID-19 muntazam aniqlangan taqdirda, mamlakatga O‘zbekistondan kirishga to‘liq taqiq qo‘yilishiga qadar qat’iy choralar ko‘rilishi ehtimoli mavjud.
Ma’lumot uchun, 24 sentyabrdan elchixona tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatdan Swiss Lab laboratoriyasi chiqarib tashlandi. Ayni vaqtda Korea №1 Laboratory tomonidan o‘tkazilayotgan testlar tan olinmoqda.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr