Amerikaga sayohat: AQSHdan nimani o‘rganish kerak?

Bu qiziq

So‘nggi yillarda O‘zbekiston energiya inqirozini boshdan kechirayotgani sabab uning qayta tiklanadigan energiya manbalariga bo‘lgan ehtiyoji tobora ortmoqda. Bunday ehtiyoj ayniqsa 2023 yil va uning anomal qishi davomida yaqqol ko‘zga tashlandi. Hademay yoz kelishi bilan mamlakatning boshqa bir muammosi – iqlim o‘zgarishi sabab suv tanqisligining yuzaga chiqishi ham uning oldiga muammolarni tezroq hal etish vazifasini ko‘ndalang qo‘yadi.

Bunday vaziyatda qishloq xo‘jaligida intensiv yo‘nalishlardan keng foydalanish muammoning yagona yechimi bo‘lishi mumkin. Albatta, bunda xorij tajribalarini o‘rganish muhim ahamiyatga ega.

Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekistonning mazkur muammolarni bartaraf etishida o‘z tajribasi bilan bo‘lishdi.

Bunda AQSH Davlat departamenti qoshidagi Xorij matbuot markazi va AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi mamlakatimizning qator sohalari vakillari uchun Vashingtondagi Meridian xalqaro markazi bilan hamkorlikda dastur tashkillashtirdi.

Muammolarimiz bir xil, yechimchi?

Dasturda ishtirok etgan o‘zbekistonlik bir guruh jurnalistlar qatorida QALAMPIR.UZ muxbiri ham qatnashib, AQSHning Kaliforniya shtatida bo‘ldi.

Ular dastur davomida ekologiya, suv muammolari, shamol energetikasidan foydalanish xamda qishloq xo‘jaligidagi ilg‘or tajribalar bilan tanishish imkoniga ega bo‘lishdi. Shuningdek, qatnashchilar bu borada nodavlat-notijorat tashkilotlari xamda volontyorlik guruhlari vakillari bilan ham uchrashib, ularning jamoatchilik nazoratini tashkil etgan holda mavjud ekologik va ijtimoiy muammolarga mahalliy hukumat e’tiborini qaratish, shu orqali muammolarni amaliy hal etish yuzasidan faoliyatlarini o‘rgandi.

Amerikalik mutaxassislar O‘zbekistonga qurg‘oqchilik davrida yerosti suvlarining kamayishi oqibatida yerusti tabiiy florasi bo‘lgan o‘simliklarning qurib qolishining oldini olish maqsadida yerosti suvlari burg‘ulanishini imkon qadar kamaytirishni tavsiya qildi.

Shuningdek, ular yomg‘ir suvlarini o‘zida jamlovchi zamonaviy texnologiyalar O‘zbekistonda yetishmasligini aytib, bunday qurilmalar mamlakat uchun o‘ta zarur ekanini urg‘uladi. Qaloversa, tomchilatib sug‘orishning murakkab tuzilmasi to‘liq ishga tushirilmagani, bu esa suvning isrof bo‘lishiga olib kelayotgani aytildi.

Muammolarga qarshi faqat davlat emas, butun jamiyat kurashadi!

Amerika aholisi garchi turli millatlardan tashkil topgan bo‘lsa-da ular Qo‘shma Shtatlarning umumiy muammolariga befarq emas. O‘zbekistondan farqli ravishda Amerikada jamiyatning har bir a’zosi iqlimiy va ekologik muammolarga yechim topish ustida bosh qotiradi. Hatto mamlakatda ko‘ngillilardan iborat ko‘plab atrof-muhitni himoya qilish tashkilotlari faoliyat yuritadi.

Ana shunday tashkilotlaridan biri Climate Reality Los-Angeles jamiyati. Ushbu jamiyat 2017 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bugunga qadar 100 ga yaqin loyihalarni ilgari surib keladi. Tashkilot a’zolari soni 700 dan ortiq bo‘lib, o‘qituvchilar, olimlar, faol fuqarolar, rassomlar, hikoyachilar - barcha ko‘ngillilardan iborat. Jamiyat iqlim muammolari haqida insonlarga ma’lumot berish, kichik va o‘rta biznes sohasi vakillarini atrof-muhit himoyasiga jalb etish borasida tadbirlar tashkil etadi. Qizig‘i, shuncha jarayonni tashkil etuvchi jamoa a’zolari qilgan ishlari uchun haq olishmaydi.

Yong‘in xavf emas – yangi hayot!

Safar davomida o‘zbekistonliklar Kaliforniya shtatidagi taniqli maskanlardan biri bo‘lgan “Descanco” bog‘iga bordi. Bog‘ nomi ispan tilidan tarjima qilganda “hordiq olaman” degan ma’noni bildiradi. Bog‘ning o‘ziga xos jihati shundaki, maskan mahalliy Kaliforniya florasini o‘z ichiga qamrab olgan.

Amerika Qo‘shma Shtatlarining eng katta muammolaridan biri bu – o‘rmon yong‘inlari bilan ham mashhur. “Descanco” bog‘i ham o‘rmon yong‘inlari tufayli bir necha bor zaralangan. Ammo botanika va biologiya fanlari nomzodi, mutaxxasis Endryu Ellis bildirgan fikrga ko‘ra, yong‘inlar Amerika o‘rmonlarini vayron qilmaydi ,balki unga yangi hayot olib keladi. Olov o‘simliklarni kul qilishi bilan birga, yangi nihollarning jadal o‘sishi uchun ham zamin yaratadi.

Faqat bunday falokatlardan so‘ng o‘simliklarga jiddiy e’tibor qaratish kerak bo‘ladi.

“Bu yerdagi daraxtlar qurg‘oqchilikka bardosh berish uchun qalin barglar shakllantiradi. Bu barglar suvni saqlaydi. Ammo havo issiq bo‘lganida ushbu barglar va butun muhit tez yonuvchan shaklga kiradi. Go‘yoki, o‘rmon yong‘inga tayyorgarlik ko‘radi. Keyin yong‘in bo‘ladi. Yangi hayot boshlanadi”, dedi Endryu.
Shavqatsiz kurashlar faqat kinoda aks etavermaydi!

Santa-Monika tog‘lari uzra ko‘rinib turgan Gollivud Amerikaning ramzlaridan biriga aylanib ulgurgan. AQSH va shuningdek butun dunyo kino sanoatining markazi bo‘lmish bu maskan har yili eng kassabop qator filmlarni namoyish etib boradi. Ular orasida tabiat haqidagi, uning fojealari va muammolari aks etgan fil’mlar ham bor, albatta.

Lekin tabiatni saqlash borasidagi keskin qarama-qarshiliklar faqat Amerika kinolarida emas, uning real hayotida ham kuzatiladi.

Ana shunday shaxslardan biri – Bahrom Foziliy. U asli eronlik bo‘lib, atrof-muhit muammolarini hal qiluvchi mahalliy tashkilotlardan birining rahbari. Uning aytishicha, atrof-muhit himoyasi bu oson ish emas. Bu yo‘lda mutasaddi tashkilotlar yirik korxonalar bilan sudlashishgacha borishadi.

Tashkilotlar har qancha qudratli bo‘lmasin, Amerikada ularni qonuniy yo‘l bilan yengib chiqish tajribasi ko‘p kuzatilgan.

“Biz homiylardan, a’zolarimizdan, turdosh tashkilotlardan mablag‘ olamiz. Ushbu sohadagi faoliyatimizni moliyalash uchun hukumat bilan hamkorlik qilamiz. Biz kurashadigan korxonalar juda kuchli. Ularni to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirish, aholi uchun himoya vositalarini ta’minlashga ko‘ndirish oson ish emas.

To‘g‘ri, biz har doim ham yutavermaymiz, lekin voz kechib ham ketmaymiz”, dedi Foziliy.

Xuddi shunday tashkilotlardan biri – Los Anjelesdagi Sierra klubi. Ushbu tashkilot ko‘plab tashabbuslar bilan chiqmoqda. Xususan, jamiyat a’zolari Kaliforniya shtatini yadro energiyasidan xoli shtatga aylantirish yoki AESlar xavfini maksimal darajada kamaytirish uchun kurashmoqda.

“Biz qayta tiklanuvchi energiya manbalariga e’tiborni qaratish uchun harakat qilyapmiz. Ya’niki yadroviy energiyaga qaramlikdan xoli bo‘lgan, masalan, quyosh energiyasi, energiya saqlash tuzilmalarini rivojlantirish, shamol energiyasidan foydalanish. Chunki biz bilamizki, yadro energiyasidan foydalanishning qiyinchiliklari bor, yadroviy chiqindilar, ular foydalanib bo‘linganidan keyin xavfga aylanadi. Ularni saqlaydigan joy yo‘q. Bu esa insoniyatga, mavjudligimizga katta xavfdir. Shuning uchun biz xavfsizligi isbotlangan energiya resurslariga o‘tish uchun harakat qilyapmiz- quyosh energiyasi, energiya hosil qiluvchi xavfsiz texnologiyalar. Energiya avvalo xavfsiz bo‘lishi kerak hamda uni yaratish katta mablag‘ talab etmasligi kerak”, Sierra Club rahbari Aura Vaskez.

Amerikaga qilingan safarning ilk kuni Santa Monika sohiliga sayohat bilan yakunlandi.O‘z mamlakati bag‘rida qurigan Orol dengizidan boshqa yirikroq biron dengiz, okean ko‘rmagan o‘zbekistonliklarning Tinch okeanini ko‘rishi azaliy orzu – O‘zbekistonning okeanga chiqish orzusini yanada alangalatib yubordi, deyish mumkin.

O‘zbek xalqining dono bir naqli bor: “Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q!” Lekin bu maqol amerikaliklarga tegishli emas. Ularning Tinch okeanidek ulkan okeani bor bo‘lsa-da bir tomchi suvning ham isrof bo‘lmasligi uchun mamlakat ahli har kuni, har daqiqada kurashishda davom etadi.

Shu bois Amerikaning hali O‘zbekistonliklarga o‘rgatadiganlari ko‘p. QALAMPIR.UZ’ni kuzatishda davom eting.
 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing