Amerika harbiy kemasi Xitoy suvlariga ruxsatsiz kirdi
Olam
−
29 noyabr 2022
8248Amerikaning “Chancellorsville” raketa kreyseri Xitoy hukumatining ruxsatisiz Janubiy Xitoy dengizidagi Spratli orollariga tutash suvlarga kirdi. Bu haqda Xitoy Xalq Ozodlik Armiyasi janubiy zonasi jangovar qo‘mondonligi matbuot kotibi Tyan Szyunli ma’lum qildi, deb yozadi TASS nashri.
“AQSH harbiylarining harakatlari Xitoy suvereniteti va xavfsizligini jiddiy ravishda buzdi, bu esa AQSHning Janubiy Xitoy dengizida navigatsiya gegemonligi va militarizatsiyasiga intilishining yana bir inkor etib bo‘lmaydigan dalilidir”, deydi Tyan Szyunli.
Xabar qilinishicha, Xitoy Xalq Ozodlik Armiyasining dengiz va havo kuchlari Amerika kreyseridan kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni oldini olish va uni uzluksiz kuzatib borish choralarini ko‘rgan. Buning natijasida kema Nansha orollari yaqinidagi suvlarni tark etgan.
O‘z navbatida, AQSH Harbiy-dengiz kuchlari ham rasmiy bayonot berdi. Unda Xitoy bayonoti “noto‘g‘ri” ekani ta’kidlanib, buni “AQSHning qonuniy dengiz operatsiyalarini noto‘g‘ri ko‘rsatishga qaratilgan harakat” deb atadi.
“Chancellorsville” ushbu operatsiyani xalqaro qonunlarga muvofiq amalga oshirdi va keyin ochiq dengiz erkinliklari amal qiladigan suvlarda normal operatsiyalarni o‘tkazishni davom ettirdi. AQSH har bir davlatning xalqaro qonunlar ruxsat bergan joyda parvoz qilish va suzish huquqini himoya qiladi”, deyildi AQSH bayonotida.
Ma’lumot uchun, Pekin bir necha o‘n yillardan beri Bruney, Vetnam, Malayziya va Filippin kabi davlatlar bilan Janubiy Xitoy dengizidagi alohida orollarning kimga tegishliligi borasida bahslashib keladi. Buning sabablaridan biri orollarda uglevodorodlarning katta zaxiralari topilganligidir. Xisha arxipelagi (Parasel orollari), Nansha (Spratli) va Xuanyan orollari eng bahsli hududlar hisoblanadi. So‘nggi yillarda ko‘p tomonlama sa’y-harakatlar, jumladan, Xitoy-ASEAN formatidagi hamkorlik tufayli keskinlik biroz yumshadi. Biroq Xitoy hukumati hamisha Amerika Qo‘shma Shtatlarining yangi keskinlashuvga olib kelishi va mintaqadagi vaziyatga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan provokatsion harakatlaridan noroziligini bildiradi.
Alibek Beyjanov
LiveBarchasi