Amaldorlar uchun ayrim jarimalarni oshirish rejalashtirilyapti

Jamiyat

image

Davlat hokimiyati va mansabdor shaxslar tomonidan monopoliyaga qarshi kurashish organi faoliyatiga aralashganlik hamda unga to‘sqinlik qilish uchun ma’muriy javobgarlik belgilanishi mumkin. Bu haqda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida belgilangan.

Ma’lumki, amaldagi kodeksda davlat hokimiyati va mansabdor shaxslar tomonidan sodir etilgan ayrim noqonuniy harakatlar uchun, monopoliyaga qarshi kurashish organi faoliyatiga aralashganlik hamda unga to‘sqinlik qilish uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmagan. Xususan, qonun loyihasida quyidagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarliklar belgilanishi ko‘zda tutilgan:

•  Monopoliyaga qarshi organning qoidabuzarliklarni tugatish, bartaraf etish to‘g‘risidagi ogohlantirishlarini bajarishdan asossiz bo‘yin tovlash, o‘z vaqtida yoki lozim darajada bajarmaslik uchun - fuqarolarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 30 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima;

•  Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, litsenziyalash, ro‘yxatga olish, akkreditatsiyadan o‘tkazish va ruxsat berish vakolati berilgan davlat unitar korxonalari yoki muassasalari, yuridik shaxslar birlashmalari mansabdor shaxsi yoki xizmatchisi tomonidan raqobatni cheklaydigan qarorlar qabul qilish, xomashyo, tovarlar va xizmatlarning erkin harakatlanishi va realizatsiya qilinishini noqonuniy cheklaganlik uchun - BHMning 200 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima;

•  Monopoliyaga qarshi organ faoliyatiga noqonuniy aralashish hamda uning xodimlariga ularga yuklatilgan vazifa va funksiyalarni qonuniy bajarishlariga to‘sqinlik qilish maqsadida har qanday shaklda ta’sir o‘tkazish, davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari hamda elektron ma’lumotlar bazalariga monopoliyaga qarshi organning ulanishi va elektron tarzda ma’lumotlarni erkin olishiga to‘sqinlik qilganlik uchun - mansabdor shaxslarga BHMning 30 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima.

Ba’zi huquqbuzarliklarga ham “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunda sanksiyalar belgilangani, ham Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda  jarimalar belgilangan. Bir harakat uchun ikkita javobgarlikka tortmaslik maqsadida quyidagi huquqbuzarliklar uchun kodeksda ma’muriy javobgarliklar bekor qilinmoqda:

•  xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni qo‘shib yuborishda, qo‘shib olishda hamda aksiyalarni (ulushlarni) va boshqa mulkiy huquqlarni olish bo‘yicha bitimlar tuzishda monopoliyaga qarshi talablarni buzish;

•  raqobatni cheklashga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlarni kelishib olingan holda sodir etish va bitimlarni tuzish, shuningdek tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni suiiste’mol qilish, xuddi shuningdek tanlov (tender) yoki birja savdolariga doir monopoliyaga qarshi talablarni buzish bilan bog‘liq bo‘lgan huquqbuzarliklar.

Loyihaga ko‘ra, ba’zi huquqbuzarliklar uchun jarimalar miqdori oshirilishi ham rejalashtirilyapti. Xususan, monopoliyaga qarshi organga va iste’molchilarning huquqlarini himoya qiluvchi organlarga axborot taqdim etmaslik yoki o‘z vaqtida taqdim etmaslik yoxud ularga bila turib haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlarni taqdim etganlik uchun jarimalar – fuqarolarga BHMning 3 baravaridan 10 baravarigacha (hozir BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha), mansabdor shaxslarga 30 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda (hozir BHMning 3 baravardan 5 baravargacha) oshirish nazarda tutilgan.

Shuningdek, qonun loyihasida raqobat to‘g‘risidagi qonunchilikni buzishga doir ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi ishlarni monopoliyaga qarshi kurashish organi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rib chiqish maqsadida ayrim o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritilishi ham ko‘zda tutilgan.

Qonun loyihasi muhokamasi 1 iyunga qadar davom etadi.

Abbos Lapasov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

22

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing