Sobiq davlat rahbariga ochilgan jinoyat ishlari: u nimada ayblangandi?
Tahlil
−
20 iyun 7722 10 daqiqa
Qirg‘izistonda mamlakatni bugungi kungacha umumiy hisobda 6 ta prezident boshqargan. Bular Askar Akayev, Kurmanbek Bakiyev, Roza Otunbayeva, Almazbek Atamboyev, Sooronbay Jeenbekov va amaldagi davlat rahbari Sadir Japarov. Bularning bari hokimiyat tepasida bo‘lgan yillari mamlakat uchun tarix yozib ketdi. Bu tarixning ayrimlari shunday yozilganki, uni har qanaqasiga ham o‘chirishning imkoni yo‘q. Mamlakat aholisining ayrimlari ular qoldirgan tarixni bilsa, yana ayrimlari unutgan, yoki unuttirilgan.
O‘zbekistonga yondosh qo‘shni bo‘lgan Qirg‘izistonda shu paytgacha ancha noroziliklar, ziddiyatlar yuzaga keldi. Xususan, O‘sh hamda Qo‘y-Tosh voqealari gapimizning isboti. Bugun biz ana shu ikki voqeada asosiy figurant sifatida ko‘rilgan Atamboyev ishiga to‘xtalamiz.
Atamboyev prezidentlikka qanday kelgandi?
2010 yilning iyun oyida ro‘y bergan O‘sh voqealaridan so‘ng 1 yil o‘tib, 2011 yilda hokimiyat tepasiga kelgan Atamboyev mamlakatni 6 yil boshqardi. Atamboyev birinchi to‘liq prezidentlikdan keyin o‘z xohishi bilan lavozimni tark etgan birinchi prezident bo‘lgan. Qirg‘izistondagi eng yirik parlamentdagi sotsial-demokratlar partiyasining rahbari Atamboyev hokimiyatni 2017 yildagi prezidentlik saylovi yakunlariga ko‘ra eng yaqin ittifoqchisi Sooronbay Jeenbekovga topshirdi. Ammo ko‘p o‘tmay, sobiq davlat rahbari jamoasi a’zolariga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Atamboyev sobiq Prezident maqomidan mahrum qilindi hamda og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarda ayblandi. 2019 yilning avgust oyida Qirg‘izistonning Chuy viloyati Qo‘y-Tosh qishlog‘ida mamlakatning sobiq Prezidenti Almazbek Atamboyevni qo‘lga olish bo‘yicha operatsiya boshlandi. Atamboyevning uyiga maxsus bo‘linma kuch bilan kirib, voqea joyida o‘q ovozi ham eshitilgan. Sobiq prezidentning tarafdorlari toshlar bilan himoyalangan, vaziyat juda jiddiy tus olgan edi.
Qirg‘iziston parlamenti o‘sha yilning 20 iyun kuni Atamboyevning daxlsizligini bekor qilish bo‘yicha qaror qabul qilib, uni mamlakat Bosh prokuraturasiga yuborgandi.
Prokuratura Atamboyevni Issiq-ko‘l viloyatida yer uchastkalarini qayta profillash, Bishkek issiqlik elektr stansiyasi va mamlakat poytaxtidagi Tarix muzeyi rekonstruksiyasida korrupsiyaga qo‘l urganlikda, jinoiy “avtoritet” Aziz Batukayevni jazoni o‘tash joyidan noqonuniy ozod qilishga aloqador bo‘lishi mumkinligi haqida xulosa chiqardi. Agar sud uni aybdor deb topsa, Atamboyev butun umrga qamalishi mumkin edi.
Atamboyevning o‘zi parlament a’zolarining ayblovini “mavhum” deb, xalq oldida vijdoni toza ekani va Prezidentligidagi barcha harakatlari uchun javob berishga tayyor ekanini ta’kidladi. U maxsus operatsiyadan keyin rasmiy bayonot bilan chiqdi va ushbu fikrni bildirdi:
“Sizlarga alam bilan murojaat qilaman. Bugun hukumat kuchlari noqonuniy ravishda, Konstitutsiyani buzgan holda, meni qo‘lga olish uchun, Atamboyevning og‘zini yopish uchun, qurol bilan keldi va o‘z xalqini o‘qqa tutdi. Avvaliga rezinali o‘qlar bilan, oxirida – haqiqiy o‘qlar bilan. Bu sharmandali va alamli. Atamboyev — terrorchi emas. Uning atrofida yig‘ilgan insonlar – terrorchilar emas. Soat 19:30 da odamlar odatdagidek kelib, men bilan selfi tushishayotgandi. Begunoh odamlar jabrlandi.
Albatta, oxir-oqibat ular maxsus topshiriqli guruh vakillarini surib tashlashdi, ularning ayrimlari nasibasini olishdi. Bilasiz, bu xalqning g‘azabi qanday.
Men bir necha marta aytganman, Batukayev ishi bo‘yicha xat ko‘rinishida javob berishga tayyorman. Rasman javob berishni, buni gazetalarda e’lon qilishni taklif qilganman. Hukumat esa Atamboyevning og‘zini berkitish uchun o‘z xalqini o‘qqa tutishdan qaytmadi. Bu sharmandalik. Hukumatga yana bir bor aytaman: To‘xtating!”.
2019 yilning 8 avgust kuni Qirg‘izistonning o‘sha paytdagi rahbari Sooronbay Jeenbekov Xavfsizlik kengashining yig‘ilishini o‘tkazdi va unda Atamboyevning qonun doirasidagi tergov tadbirlarini o‘tkazishga qarshilik ko‘rsatib, Qirg‘iziston Konstitutsiyasi va qonunlarini qo‘pol tarzda buzganini ta’kidladi.
Qirg‘izistondagi spektakl davom ettirildi va Atamboyev huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan hibsga olindi. Unga qarshi qo‘yilgan barcha ayblovlarni bir necha bor rad etgan sobiq davlat rahbarining tarafdorlari qarshilik ko‘rsatishdi, yuqoridagi operatsiya davomida maxsus kuchlarning bir ofitseri o‘ldirildi. 98 kishi jarohatlandi.
O‘sha paytda Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha markaz rahbariga ko‘ra, hibsga olingan Atamboyev ikki o‘rinli kamerada saqlangan. Siyosatchi izolyator xodimlari harakatlariga hech qanday e’tiroz bildirmagan. U har kuni kuniga uch martadan tibbiy ko‘rikdan o‘tgan.
“Shifokorlar uning qon bosimini o‘lchab bormoqda, kerakli dorilar mavjud. Advokatlik yordami ko‘rsatilmoqda”.
Atamboyev ikkita masala hal qilinishi uchun yordam so‘ragan: kechasi chiroqni o‘chirish va eshikni yopishga ruxsat olish. Oktyabr oyida u ayblanuvchi sifatida qonundagi o‘g‘ri Aziz Batukayevning noqonuniy ravishda ozod qilinishi haqidagi ish bo‘yicha sud majlisiga kelishni rad etdi. Oktyabr oyi oxirida Atamboyev ishtirokisiz o‘tkazilgan sud majlisida uning hibs muddati yana 2 oyga uzaytirildi.
Atamboyev hibsda bo‘lgan paytida Qo‘y-Tosh qishlog‘ida sodir bo‘lgan voqealar haqida xalqqa ochiq murojaat bilan chiqdi.
“Aziz vatandoshlar! 2019 yil 7 avgust kuni uyimga Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi maxsus kuchlarining noqonuniy qurolli hujumi va Qirg‘iziston sobiq prezidenti bilan an’anaviy uchrashuvga yig‘ilgan tinch aholining o‘qqa tutilganiga uch oy bo‘ldi.
G‘azablangan mahalliy aholi va otishma haqida OAVdan xabar topgan boshqa fuqarolar Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi hamda IIVning noqonuniy xatti-harakatlari tufayli mening uyim va unga yaqin atrofda to‘plandi. Odamlarning g‘azabiga qaramay, xavfsizlik kuchlari o‘zlarining noqonuniy harakatlarini davom ettirdi va oqibatda to‘qnashuvlar yuz berdi. Ko‘plab odamlar jarohat oldi, bir kishi halok bo‘ldi.
Usonbek Niyozbekovning vafoti munosabati bilan oilasiga yana bir bor hamdardlik bildiraman. Yo‘qotishni hech nima bilan qoplab bo‘lmaydi. Umid qilamanki, adolat g‘alaba qilgandan keyin uning oilasiga yordam ko‘rsatish imkoniyatim bo‘ladi”, deydi Atamboyev.
Sobiq prezident hokimiyatning bunday harakatlari mamlakat manfaatlariga zid kelishi, bu shaxsan Prezident Sooronbay Jeenbekovning tashabbusi ekani hamda faqat bitta maqsadni ko‘zlashi aytiladi, ya’ni Atamboyevning obro‘yini to‘kish, uni ruhan yo‘q qilish.
“Men prezident sifatida halol ishladim va sizning yordamingiz bilan biz Qirg‘izistonni rivojlantirish, milliy ruhni ko‘tarish uchun ko‘p ishlarni amalga oshirdik. Xatolarim bor edi, men buni ochiqchasiga tan oldim va Qirg‘iziston xalqidan uzr so‘radim. Ba’zi do‘stlarim va yordamchilarimga juda ishongandim, xavfsizlik kuchlariga qattiq tayanib yubordim. Ammo men Qirg‘iziston xalqi manfaati, mamlakat nomi va xalqi uchun vijdonan ishladim.
Bugungi hukumat siyosatchilarni qo‘rqitdi va fuqarolarga ob’ektiv hamda xolis ma’lumot olish imkonini yopib qo‘ydi. Bunday vaziyatda ko‘pchilik, A.Soljenitsinning so‘zlari bilan aytganda, “yolg‘onni mavjudlik shakli kabi” va “sotqinlikni mavjudlik shakli sifatida” tanladilar.
Biroq faqat qo‘rquv va xiyonat, razolat va yolg‘onga asoslangan hokimiyat hech qachon mustahkam bo‘lmaydi. Vaqt hamma narsani o‘z o‘rniga qo‘yishiga ishonaman. Erkinlikni sevuvchi Qirg‘iziston xalqi mag‘rurlik va injiqlik qayerda-yu, prinsiplar qayerda ekanini o‘zi aniqlab oladi. Kimlar poraxo‘r amaldorlar va oilaviy klanlarning manfaatlarini ko‘zlab ishlagani, kimlar esa Qirg‘iziston Respublikasining milliy manfaatlarini o‘ylagani hali oshkor bo‘ladi. Kim haqiqatan ham xalq birligini mustahkamlash uchun ishlagani, kimlar esa faqat quruq so‘z bilan cheklangani fosh bo‘ladi. Vaqt hamma narsani o‘z o‘rniga qo‘yib qo‘yadi!” deb yozgan Atamboyev.
2020 yilda Atamboyev jinoiy avtoritet Aziz Batukayevni noqonuniy ravishda ozod qilganlikda ayblanib, 11 yil 2 oy qamoq jazosiga hukm qilindi. Unga berilgan davlat mukofotlari va mulki tortib olindi. O‘zini yomon his qilayotganidan shikoyat qilgach, u 1 hafta o‘tar-o‘tmas tergov izolyatoridan shifoxonaga o‘tkazildi. U “qonundagi o‘g‘ri” Aziz Batukayev jinoiy ishi bo‘yicha bayonot ham berdi. Atamboyev Batukayevning ozodlikka chiqarilishi 2010 yil 7 aprelda namoyishchilarga o‘q uzishda ayblangan Janish Bakiyevni Qirg‘izistonga ekstraditsiya qilish rejasining bir qismi bo‘lganini ma’lum qildi.
“2011 yildan men, Qirg‘iziston Prezidenti sifatida jinoyatchi Janish Bakiyevni mamlakatga ekstraditsiya qilish uchun barcha choralarni ko‘rdim. Batukayev ishining mohiyati shundaki, 2012 yilda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) operatsiyasi natijasida Janish Bakiyev Qirg‘izistonga keltirilishi kerak edi. Bu operatsiyani boshqarishni uning tashabbuskori bo‘lgan MXDQning o‘sha vaqtdagi raisiga topshirgandim. Afsuski, xavfsizlik qo‘mitasi operatsiyasi muvaffaqiyatsizlikka uchradi”, degan Atamboyev.
Sobiq Prezident na jinoiy ish materialida, na guvohlar ko‘rsatmasida u tomonidan yo‘l qo‘yilgan korrupsiya holati yoki boshqa jinoiy harakat haqida birorta fakt yo‘qligi, shuning uchun, sud ishi yopiq tarzda ko‘rilgan va barcha haqiqatlar maxfiylashtirilgan deya fikr bildirdi.
“Men qonxo‘r jinoyatchining Qirg‘izistonga olib kelinishi va javob berishi uchun MXDQ operatsiyasiga rozilik berganim ortidan 11 yilga qamalgan bo‘lib qolyapman”, deydi Atamboyev.
O‘sha paytda Ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Kursan Asanovga berilgan topshiriqqa ko‘ra, Atamboyev Qo‘y-Tosh qishlog‘idagi rezidensiyasida yuz bergan tartibsizliklar vaqtida o‘lishi kerakligini aytgan.
“Hukumat bergan vazifani bajarishda bitta kamchilikka yo‘l qo‘ydim: men “xato” qildim – Atamboyevni tirik qo‘lga oldim. Bor gap shu. Boshqa hech narsa deyishni xohlamayman”, degan Asanov.
2021 yilning yozida Atamboyev boshqa bir jinoiy ish bo‘yicha sudlanuvchiga aylanishi mumkinligi haqida ma’lumotlar tarqala boshladi. Negaki Bishkek Ichki ishlar bosh boshqarmasi 2016 yilda Turkiya fuqarolariga Qirg‘iziston pasportlarini noqonuniy ravishda berish faktlarini tekshirishga kirishdi. Fuqarolikni berish to‘g‘risidagi qaror Farid Niyozov boshchiligidagi Qirg‘iziston Prezidenti huzuridagi Fuqarolik masalalari bo‘yicha komissiya raisligi ostida qabul qilingan va farmon Atamboyev tomonidan imzolangan. Buning ortidan o‘n nafar Turkiya fuqarosi Qirg‘iziston pasportiga ega bo‘lgan. Sal o‘tib huquq-tartibot idoralari Atamboyevga nisbatan Bishkekda tartibsizliklar uyushtirish va 2020 yilning oktyabr oyi boshlarida hokimiyatni zo‘rlik bilan egallab olishga urinish bo‘yicha yana ikkita ayblov qo‘ydi. Keyinchalik u oqlandi.
Sud qarori bilan 2023 yil 14 fevralda 3,5 yil tartibli koloniyada o‘tirganidan so‘ng ozodlikka chiqdi va respublikani tark etdi. Joriy yilning 3 iyun kuni esa Bishkekning Pervomay tuman sudi Qo‘y-Tosh voqealari bo‘yicha hukm chiqardi. Sobiq prezident Almazbek Atamboyev mol-mulki musodara qilinib, davlat mukofotlaridan mahrum qilingan holda 11 yil 3 oyga ozodlikdan mahrum etildi. Ishdagi boshqa ayblanuvchilarga ham turli muddatlar berildi. Ammo oradan bir qancha vaqt o‘tib, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov sobiq davlat rahbari Almazbek Atamboyevga nisbatan chiqarilgan sud qaroriga izoh berdi va uni afv etishga tayyorligini aytdi.
“Agar u ariza bersa, uni afv etishim mumkin. Qo‘y-Tosh voqealaridan beri olti yil o‘tdi. Ehtiroslar allaqachon so‘ndi. Menimcha, sudlar unchalik qattiqqo‘l bo‘lmagan bo‘lardi. Albatta, bu mening sudlarga yuklayotgan fikrim emas, balki mening shaxsiy, fuqarolik fikrim. Menimcha, ular faqat sinov muddati yoki jarima bilan cheklansa yaxshi bo‘lardi”, deydi Japarov.
Atamboyev esa o‘ziga qo‘yilgan ayblar yuzasidan xalqaro sud oldida javob berishga tayyorligini ma’lum qildi.
“Prezident Sadir Japarov sobiq hukumat Qo‘y-Tosh voqeasi bo‘yicha ochiq suddan qo‘rqadi, deb aytdi. U meni korrupsiyadan tortib to qotillikkacha bo‘lgan bir qancha jinoyatlarda aybladi. Shu bois men hokimiyatga aniq taklif bilan murojaat qilaman – Bosh prokuraturaga Gaagadagi Xalqaro jinoiy sudga murojaat qilishni topshiring. Men shaxsan o‘sha sudga chiqishga va o‘zimga qo‘yilgan barcha – siyosiydan tortib jinoiygacha ayblar bo‘yicha javob berishga tayyorman”, deya yozgan u o‘z sahifasida.
“Mamlakat rahbariyatiga murojaat qilaman: bu darajada pastlashmang, pastkashlik qilmang – Qo‘y-Tosh ishi va boshqa soxta jinoiy ishlar bo‘yicha noqonuniy tarzda qamoqda yoki probatsiyada saqlanayotgan begunoh insonlarni ozod qiling. Bu odamlar faqat o‘z huquqlarini himoya qilganlari va adolatli Qirg‘iziston haqidagi orzulari uchun ozodligidan mahrum bo‘ldi. Ularning qamoqda qolishi – davlat va uning rahbariyati uchun isnoddir. Agar hokimiyat haqiqatdan adolatga asoslangan bo‘lsa, xalqaro tribunal oldida javob berishdan qo‘rqmasligi kerak. Agar Gaaga sudi meni aybdor deb topsa, har qanday jazoni o‘tashga tayyorman”, degan Atamboyev.
Sobiq prezident ozodlikka chiqqanidan keyin davolanish uchun Ispaniyaga ketgan edi. Hozirda ham u Qirg‘izistondan tashqarida. Hali sobiq rahbar haqidagi gaplar bori shu. Qolganini birgalikda kuzatamiz.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr