“Alloh bu dunyoni ko‘r bilan cho‘loqqa qoldirganiga kulyapman”. Amir Temur Boyazidni qanday yer tishlatgan?

Foydali

image
0:00
0:00
download

“Menimcha, jahonda o‘tgan sarkardalarning eng ulug‘i Amir Temurdir. U hech qachon biror urushni ko‘r-ko‘rona, faqat harbiy omadga ishonib boshlamagan. U har bir harbiy yurishga jiddiy, puxta, aniq hisob kitob asosida uzoq yillar davomida hozirlik ko‘rgan. Masalan u Anqara jangida Boyazid ustidan qozongan g‘alabasiga aql bilan erishdi”.

Mustafo Kamol Otaturk
Turkiya Respublikasi asoschisi

XIV asrning ikkinchi yarmida ikki buyuk hukmdorning nomi dunyoga yoyildi. Birinchisi, Movarounnahr zaminidan mo‘g‘ullarni quvib, o‘zining jasurligi va zakiyligi bilan ulkan saltanat barpo etgan Sohibqiron Amir Temur bo‘lsa, ikkinchisi Kichik Osiyodagi (hozirgi Turkiya) barcha bekliklarni o‘ziga bo‘ysundirib, Bolqon yarim orolida joylashgan davlatlarni birin-ketin fath etayotgan, yashindek tez qozongan g‘alabalari bilan Yevropa mamlakatlarini zir titratgan, Usmoniylar imperiyasi sultoni Boyazid I Yildirim edi.

Lekin “ikkita qo‘chqorning kallasi bir qozonda qaynamaydi”, deganlaridek bu ikki turkiy qavm hukmdori o‘rtasidagi o‘zaro kelishmovchilik oxir-oqibatda urushni keltirib chiqardi. Ushbu maqolamizda Sohibqiron Amir Temur va Boyazid I Yildirim o‘rtasida vujudga kelgan o‘zaro ziddiyatlar va Anqara jangi haqida so‘z yuritamiz. 

Sohibqiron saltanati

Sohibqiron Amir Temur  Samarqandni 1370 yilda egallab, mustaqil davlat tuzadi. Shundan so‘ng, Amir Temur mamlakati sarhadlarini harbiy yurishlar orqali kengaytira boshlaydi. Sohibqiron 1381 yilda Hirotni egallab, 1386 yildan 1388 yilgacha Eronga qarshi “Uch yillik” yurish qiladi. 1382-1397 yillardagi bir nechta harbiy yurishlardan so‘ng, Ozarbayjon, Armaniston va Mozandaronni qo‘lga kiritadi. 1398 yildan 1402 yilga qadar Gurjiston (hozirgi Gruziya)ga besh marotaba yurish qilib, uni egallaydi. Shu tariqa Amir Temur saltanatining janubiy-g‘arbiy chegaralari Kichik Osiyoda sekin-asta kengayib borayotgan Usmoniylar imperiyasi sarhadlariga tutashadi.

Boyazid Yildirim

1389 yilda Usmoniylar imperiyasi sultoni Murod I Kosovo shahrida serblarga qarshi jang vaqtida halok bo‘ladi. Jang maydonining o‘zida taxtni sultonning 19 yoshli o‘g‘li Boyazid egallaydi va serblarga qarshi jangni davom ettiradi. Boyazid yosh bo‘lishiga qaramay, tez orada ko‘plab harbiy yurishlarda zafar quchadi. Xususan Dunay bo‘yi davlatlarini o‘ziga bo‘ysundirib, Makedoniya, Fessaliyani fath etib, Gretsiyaga bostirib kiradi. U 1396 yil Nikopol yaqinida Vengriya qiroli Siguzmund boshchiligidagi Yevropaning turli davlatlaridan yig‘ilgan otliq qo‘shinini tor-mor etib, Vizantiya imperiyasining poytaxti Konstantinopol shahrini qamal qiladi. Urushlarda tezkorlik bilan g‘alaba qozongani uchun Boyazidga “Yildirim” – chaqmoq laqabi beriladi.

Amir Temur va Boyazid o‘rtasidagi ilk munosabatlar

1395 yil mart oyining boshlarida, Amir Temur Oltin O‘rda xoni To‘xtamishxonga qarshi yurishi oldidan, Boyazid Yildirimga ilk maktubini yo‘llaydi. Sohibqiron o‘zining xatida Usmoniy sultonini sharqona odob-axloq qoidalariga ko‘ra, yuksaltirib, uni “Buyuk sulton, Xudoning dushmanlariga qarshi qilichi, musulmonlar manfaatlarining himoyachisi va Xudo tomonidan Islom chegaralarini qo‘riqlash uchun yuborilgan hukmdor”, deb ulug‘lagan.

Maktubda Amir Temur o‘g‘li Mironshoh Boyazidga do‘stlik taklifi bilan elchi yuborganligini eslatib, uni To‘xtamishxonga qarshi yurishda ittifoqchi bo‘lishga undaydi. Sohibqironning rejasiga binoan Usmonli sultoni Boyazid Bolqondan, Amir Temurning o‘zi esa Kavkazdan To‘xtamishxonga hujum qilishi kerak edi. Ammo Boyazidning asosiy maqsadi Yevropani zabd etish bo‘lgani uchun bu taklifni rad etadi.

Amir Temur va Boyazid o‘rtasidagi nizo

Amir Temur Hindiston yurishidan 1399 yilning boshida poytaxt Samarqand shahriga qaytib kelgach, saltanatining g‘arbiy chegaralaridagi vaziyatni o‘rganadi. Qora quyunli Turkman qabilasining hokimi Qora Yusuf va Ahmad Jaloyir Amir Temur Hindistonga ketganidan foydalanib, Armaniston, Iroq va Ozarbayjon hududlariga bir necha marta harbiy yurishlarni amalga oshirishgan edi. Lekin Qora Yusuf va Ahmad Jaloyir mag‘lubiyatga uchrab, Turk sultoni Boyazid Yildirim huzuriga boshpana so‘rab borishadi. Boyazid esa ularni o‘z himoyasiga olib, boshpana beradi. Bundan xabardor bo‘lgan Amir Temur o‘z elchisi orqali Boyazidga xat yozib, Qora Yusufni unga topshirishini talab qiladi.

Amir Temur va Boyazid o‘rtasidagi xat yozishmalar

Arab tarixchisi Ibn Arabshohning “Amir Temur tarixi” kitobida Amir Temurning Boyazid Yildirim bilan maktub yozishmalari keltiriladi.

“Yer-u ko‘kni yaratgan Tangri taologa cheksiz shukrlar bo‘lsinki, yetti iqlim mamlakatlarining ko‘pini mening farmonimga kirgizdi va olam sultonlari va hokimlari menga egilib, itoat qilish halqasini jon quloqlariga taqdilar. O‘z qadrini bilib, haddidan oshmay, jasorat oyoqlarini tiygan bandasini Tangri yorlaqasin. Sening nasli-nasabing, kim ekanligi jahon xalqi oldida ma’lumdir. Shunday ekan, holingga munosib ish tutib, jur’at oyog‘ini oldinga qo‘ymaki, ranj-u mehnat balchig‘iga botib, balo chuquriga yiqilgaysan. Iqbol eshigidan haydalgan bir to‘da ig‘vogar kishilar g‘arazli ishlarini bajarish uchun sening panohingdan joy olib, uxlab yotgan fitnani uyg‘otmishlar. Yana o‘shalarning ig‘vosi bilan ofat va balo eshigini davlatning yuziga ochmagil. Mazkur maktub yetishi bilan Qora Yusufni mening oldimga yuborgil. Yo‘q esa, taqdir pardasi ikki lashkar saflarini to‘qnashganida yuzingga ochilg‘usidir.”

Yildirim Boyazidning Amir Temurga yo‘lagan javobi:

“Ey, qari ko‘ppak! Sen zolim kofirlarning eng ashaddiysisan. Maktubingda bizni qo‘rqitib, hiyla bilan chuv tushirmoqchi bo‘libsan. Usmonli sultonlarini ajamlarning podshohlariga o‘xshata ko‘rma. Usmonli askarlari Qipchoq o‘lkasidagi tatarlar kabi nimjon, hindlar kabi bo‘shang, ahmoq va yalqov emasdirlar. Usmonli askarlari Iroq va Xuroson askarlariga o‘xshagan hamiyatsiz va parishon emas, balki nihoyatda g‘ururli askardirlar. Shuningdek, sen Usmonli askarlarini Shom va Halab (Mamluk) askarlariga ham o‘xshatma... 

Bu maktub qo‘lingga yetib borganidan keyin, kimda kim jang maydoniga kelmay, ortga chekinsa, uning xotini uch taloq bulg‘ay!”

Yevropaning urushga aloqasi

Angliya, Fransiya, Venetsiya va Genuya qirollari Amir Temur va Boyazid o‘rtasidagi nizodan foydalanib, har ikki tomonni bir-biriga qarshi qayrashar edi. Chunki, bu urush Yevropaga xavf solayotgan Yildirim Boyazidning ham, Amir Temurning ham qudratini anchayin zaiflashtirar edi. Shuning uchun Fransiya, Genuya, Venetsiya hukmdorlari Amir Temurga elchi yuborib, Boyazid bilan bo‘lib o‘tadigan bo‘lajak urushni tezroq boshlashga undashar edi. 

Amir Temurning g‘arb tomon yurishi

Sohibqiron sulton Boyaziddan bunday haqoratli xatni olganidan so‘ng, ikki turkiy hukmdorning to‘qnashishi muqarrar bo‘lib qoldi. Amir Temur g‘arb tomon bo‘ladigan yurishiga puxta tayyorgarlik ko‘ra boshlaydi. Yozma manbalarda, uzoq safarga otlanishi oldidan Sohibqiron o‘z askarlariga yetti yillik maoshni tarqatganligi qayd etiladi. Amir Temur 1399 yilda G‘arb tomon harbiy yurishni boshlaydi. Sohibqiron g‘arb tomon yurishida yo‘l-yo‘lakay gurjilar isyonini bostirib, qishni Qorabog‘da o‘tkazadi. 1400 yilning avgust oyida Kichik Osiyodagi muhim qal’a Sivasni bosib olsa-da, Boyazid bilan bo‘ladigan hal qiluvchi jangga shoshilmaydi. Iloji boricha bu urushning oldini olishga, uni tinch, siyosiy vositalar bilan hal qilishga urinib, Boyazid Yildirimga ikkinchi maktubini yozadi.

Amir Temurning Boyazid Yildirimga yozgan ikkinchi maktubida shunday deyiladi:

“Sen o‘zingni Alloh yo‘lidagi mujohid, bizlarni esa nohaqdan qon to‘kuvchi kofir hamda meni munkillab qolgan bir jangchi deb o‘ylaysan, chog‘i? Bilki, men o‘tgan umrimning qirq yilini Xudo uchun jihod qilishga sarflagan odamman. Faoliyatim davomida qanchadan-qancha qal’alar va o‘lkalarni fath qilib, yer yuzini chirkinlik va iflosliklardan tozalash bilan mashg‘ulman. Ammo shu onda o‘tgan kunlarimdan ko‘ra yanada qat’iyatli, yanada jiddiyroqman. Olib borilgan kurashlar asnosida qanchadan qanchasini itoat qildirganmiz, ko‘pchilik bu yo‘lda biz uchun jonlarini fido qildilar. Shunday ekan, nega sizlar bizga itoat qilishdan, bo‘ysunishdan bosh tortmoqdasiz? Ustiga-ustak, mening yoshim senikidan ko‘ra ulug‘roq.

Bugunga qadar qayerga yurish qilmayin, juda ham qisqa muddatda o‘sha yerni qo‘lga olganman. Sivasni ham qisqa muddatda bosib oldim. Sen esa Malatiyani qurshab olding, to‘rt oylab qamal qilding va lekin baribir bosib ololmasdan, chekinishga majbur bo‘lding. Ayni damda ham Sinop qal’asiga hujum qilib, hamon bosib ololmayapsan.

Ilk maktubingdagi kabi tahdid va g‘ururga berilma, aql olmas so‘zlarni ishlatishga jasorat qila ko‘rma. Vaholanki, Sivasda asir tushgan odamlaring orqali hozirgi ahvolingdan xabardorman. Qolaversa, musulmon musulmonni ranjitishi, xon va mollarini xarob qilishi joiz bo‘lmagan ishdir. Shunday ekan, to‘g‘ri javob yozishni fazilat bilib, o‘zingni va xalqingni xarob bo‘lishdan qutqarib qol.

Biz bilan sulh tuzib, ma’zuringni ifoda qilgan javob maktubi yozsang, sen bilan oramizda do‘stu birodarlik rishtalari bog‘lanadi. Natijada kofir Frankka qulay fursat bermagan bo‘lasan, biz ham Sivasni tark etib, orqaga qaytamiz. Bizning niyatimiz sizlarni kuchsiz holga solib, o‘zingiz bilan o‘zingizni ovora qilib, kofirning diniga yordam berish emas! Bizni ham, askarlarimizni ham kofir, dinsiz, buzuq e’tiqodli mazhab egalari va xunuk odatli insonlar deb xomtama bo‘lma! Askarlarimizning ota-bobolari musulmon bo‘lishgan, ular musulmonlarning farzandlaridir. Qanday qilib ular hidoyatda bo‘lmasliklari mumkin? Qolaversa, Usmonli askarlarining aksari kofirlardan tashkil topgani hech kimga sir emas.

Oliy maqsadimiz: Jahonni fath qilishdir. Saltanatimiz nomiga xutbalar o‘qilib, tangalar bosilayotir. Musulmonlarning eng buyuklari – Ulul-Amr ekanligimizga zarracha shak-shubha yo‘qdir! Bizning nasl-nasabimiz El Xoni Oli sha’nga (el xonlarining shonli oilasi) borib taqaladi. Agar samimiy salomingiz va go‘zal ifodalar aks etgan maktub yuborsangiz, har ikki tomonda ham biroz iliqlik va hurmat paydo bo‘ladi. Aks holda, qalamlar o‘z ishini qilichga topshiradi. Vassalom!”

Boyazid Yildirimning ikkinchi maktubga javobi:

Zamonasining jahon sultoni – Temur Ko‘ragoniy!

Sivasga kelib yerlashishingni, bizning Tabrizga qarab yo‘nalganimizga solishtirib, beo‘xshov qiyoslash qilibsan. Vaholanki, biz Kefedan Shirvonga borib, u o‘lkani bosib olsak, kim bizga qarshilik ko‘rsata olardi? Qipchoq xalqi sizdan bezigani uchun biz bilan istiqomat qilishni ma’qul ko‘rishmoqda.

Malatiya va Sinop borasidagi iddaolaringiz ham noto‘g‘ri. Urush ba’zi sabablar yuzasidan to‘xtatildi, bizning askarlarimiz ozligi, sizning askarlaringiz ko‘pligi sababli yengilganimiz yo‘q. Kastamon va Karaman hokimlarining xiyonatlari va o‘sha vaqtda fursatdan foydalanib, ba’zi viloyatlarimizga hujum uyushtirishlari, bizning Malatiya va Sinopdagi qamalimizni kechiktirib qo‘ydi.

Shuni yaxshi bilki, otam Ertug‘rul Xon uch yuzga yaqin askari bilan Hulagu Tatarlarining o‘n mingini yer tishlatgan va Olouddin Kayqubodning ustidan g‘olib bo‘lgan. Shundan keyin davlatni boshqarish sharafiga noil bo‘lgan, qirollik hirqasini kiygan. Allohning lutfi ila Saljuqiylar oilasi o‘rniga idorani o‘ziga olishi hech qanday isyon yoki to‘ntarishlar bilan yuzaga kelmagan.

Usmon Bey taxtga o‘tirishi bilanoq, yer yuzining to‘rt burchagidagi kofirlarga qarshi kecha-kunduz ikki yuz mingdan ortiq askari bilan jang qilgan.

Bugun saltanatimiz yulduzining to‘rtinchi halqasi yurtni boshqarmoqda. Shu kungacha biz fath qilgan qal’a va shaharlarning adadi bizdan oldin o‘tgan sultonlarning xayollariga ham kirmagan. Bizning nazarimizda, dunyo va undagi ne’matlar Alloh yo‘lida jihod qilish oldida somon cho‘pichalik qadrsizdir. Usmonlilar askariga Abdulloh o‘g‘li (ya’ni, musulmonzoda) deb xitob qilishdan g‘ururlanamiz. Chunki butun sahobayi kiromning otalari kofir bo‘lsalar-da o‘zlari musulmon bo‘ldilar. Bunday musulmonlar insofsiz musulmonzodalardan ming chandon ustundirlar.

Sizga Sivasni harob qilib, ahli Islomning izzat-obro‘sini poymol etganingizdan so‘ng, nima ham deyish mumkin? Siz o‘z ayblaringizni yopishga urinmoqdasiz. Arab va fors tillarida kelgan maktublaringizda achchiq po‘pisa, qo‘pollik, kibr va g‘ururdan boshqa hech narsa yo‘q. Usmonlilar oilasi hiyla bilan o‘lkalarni o‘zlariniki qilib olmaganlar.

Maktublarimiz oliy aqlli davlat arkonlarimiz bilan maslahatlashilgan holda bitildi”.

Amir Temurning jangga tayyorgarlik ko‘rishi

Bu maktubni o‘qigach, Sohibqiron Boyazid bilan bo‘ladigan hal qiluvchi jang taradudini ko‘ra boshladi. Amir Temur eng avvalo o‘z nigohini Shom (Suriya) hududlariga qaratadi. Chunki bu yerlar Boyazid bilan yaqin aloqada bo‘lgan Misr sultoni Farajga qarashli edi. Mabodo Sohibqiron Boyazidga qarshi yurish boshlasa Faraj Boyazidga yordamga kelishi mumkin edi. Shu sababli Amir Temur birinchi galda Misr sultonini tor-mor keltirib, uni chekinishga majbur etadi. Damashqni egallab, Bag‘dod tomonga qo‘shin tortadi. Garchi Bag‘dod Amir Temurga jangsiz taslim bo‘lsa-da, Sohibqiron shaharni ikki oy davomida qamal qilib egallaydi. Amir Temur Bag‘dodni egallashining sababi agar urushda Boyazidning qo‘li baland kelsa, Bag‘dod uning ittifoqchisiga aylanishi mumkin edi. Amir Temur sulton Boyazidga maktublar yozib, jangni kechiktirishga urinadi. Bu orqali Sohibqiron uch maqsadni ko‘zlagan edi.

Birinchidan, Amir Temur vaqtni cho‘zish orqali Boyazidning ittifoqchilarini birma-bir yo‘q qiladi. Ikkinchidan, o‘z raqibining kuchli va kuchsiz tamonlarini o‘rganadi. Uchinchidan, esa Amir Temur Movarounnahrdan amirzoda Muhammad va Sulton Bahodir boshchiligidagi kelayotgan yordamchi kuchlarni kutayotgan edi.

Amir Temurning Boyazidga yozgan so‘nggi maktubi

Sohibqiron har bir jang taqdirini avval aql bilan shundan keyingina qilich bilan hal qilishni ma’qul ko‘rar edi. Sohibqiron Boyazid bilan bo‘ladigan hal qiluvchi jang oldidan so‘nggi maktubni yo‘llab, Boyazidga beshta shart qo‘yadi. 

Birinchidan: Vassali bo‘lgan Arzijon amiriga tobe Kamax shahrini yana o‘z egasiga qaytarish va Kamaxni bosib olgan paytida asirga olingan Taxarton oilasini ozod qilish.

Ikkinchidan: Shahzodalardan birini o‘z huzuriga omonatga yuborish.

Uchinchidan: Tobelik belgisi bo‘lgan kamarni qabul qilish.

To‘rtinchidan: Onado‘li beklaridan tortib olingan yerlarni o‘z egalariga topshirish.

Beshinchidan: Qora quyunli raisi Qora Yusufni bandi qilib, huzuriga yuborishni so‘raydi. 

Amir Temurning bu talablarini eshitgan Boyazid Yildirim “Hali sharafimiz ham, kuchli qo‘shinimiz ham bor”, deb Amir Temurga maktub va armug‘onlar jo‘natadi. Maktubda sulton Boyazid o‘z ismini katta harfda yozdirib Amir Temurning ismini esa kichik harflarda yozdirib, Sohibqironni haqorat qiladi.

Bu haqoratga javoban Amir Temur 1402 yilning aprel oyida Quriya daryosini kechib o‘tib, birin-ketin Tartun, Kemox va Qaysariya shaharlarini egallab Turkiya bilan Suriya va Bag‘dod aloqalarini kesib qo‘yadi. Sohibqiron to‘rt kunda 120 chaqirim yo‘lni bosib o‘tib, Kir shahriga kirib keladi. Amir Temurning bu harakati aslida taktik tadbir bo‘lib, tajribali sarkardaning asosiy maqsadi Boyazidni asosiy kuchlarini shahar mudofaasiga tashlashga majbur etib, so‘ng unga qaqshatqich zarba berish edi. To‘qat shahri yonida asosiy harbiy kuchlari bilan turgan Boyazid Sohibqiron askarlarining Anqara shahrini qamal qilganligidan xabar topadi va qamaldagilarga ko‘mak berishga oshiqadi. 

Anqara jangi

Amir Temur va Boyazid Yildirim o‘rtasida kechgan jang tarixga “Anqara jangi” nomi bilan kirgan bo‘lib, bu voqea 1402 yilning 20 iyulida boshlangan. Tarixiy yozma manbalarda, ikki o‘rtadagi kuchlar nisbati to‘g‘risida turlicha ma’lumotlar uchraydi. Ba’zi tarixchilar, Amir Temurning g‘alabasini kamsitish maqsadida Sohibqironning lashkarlari sonini jami bo‘lib 800 ming, Boyazid Yildirimning qo‘shini sonini 200-250 ming deb ta’kidlashadi. 

Ko‘plab tarixiy adabiyotlarda esa “Anqara jangi”da har ikki tomondan 360 ming qo‘shin qatnashgani keltiriladi. Bu adabiyotlarda Amir Temur tomonida 200 minglik qo‘shin, Boyazid Yildirim tomonda esa 160 minglik cherik qatnashgani haqida ma’lumot beriladi.

Sohibqiron  har bir urush oldidan raqibini sinchiklab o‘rganib, aniq taktika asosida jang olib borgan. U Anqara jangida ham shunday qildi. Amir Temur hal qiluvchi jang oldidan  harbiy xiyla ishlatib, Boyazidning lashkari safidagi qora totor jangchilariga maxfiy tarzda maktub yozadi va ularni jang vaqtida o‘z tarafiga o‘tishini taklif etadi. Bu taklifga qora totor jangchilari rozi bo‘lishadi. 

Amir Temur qo‘shinning oldi qatoriga Hindistondan keltirilgan 32 ta jangovar fillarni joylashtirib, o‘ng qanotga o‘g‘li Mironshohni, chap qanotga esa Shoxruh Mirzoni mas’ul etib tayinlaydi. Sohibqironning o‘zi esa, sevimli nabirasi Muhammad Sulton bilan birgalikda markazda turib, qo‘shinga qo‘mondonlik qiladi.

Jangda Boyazid Yildirimning otliq qo‘shini Amir Temurning o‘ng qanotini markazdan ajratib qo‘yish maqsadida hujumga o‘tadi. Ammo bu hujumni Mironshoh qaytarishga muvaffaq bo‘ladi. Serbiyadan kelgan Boyazidning qaynisi knyaz Lazarevich otliq askarlar bilan Shoxruh Mirzo boshqarayotgan chap qanotga hujum qiladi. Shoxruh Mirzo harbiy xiyla ishlatib, o‘zini ortga chekinganday qilib, ortidan kelayotgan serblarni qurshab oladi. Shu vaqtda Amir Temur tarafiga o‘tib ketgan qora totorlar Boyazid Yildirimning chap qanotiga hujum qilib, qurshab olishadi. Yanicharlarning mardonavor jang olib borishi Boyazid qo‘shinining ahvolini biroz bo‘lsa-da yaxshilaydi. Ammo ikki qanotning qurshovga tushib qolishi sababli Boyazid qo‘shinining markazi ochilib qoladi. Shu vaqtda Amir Temur Hindistondan olib kelingan 32 ta filni jang markaziga tashlaydi. Bahaybat jangovar fillar markazdagi Boyazid qo‘shinini yanchib tashlab, jang masalasini hal etadi. Ahvol og‘irligini ko‘rgan Usmonli beklari Boyazidga chekinishni tavsiya qilishganida u bunga ko‘nmasdan yanicharlar bilan urushni davom ettiradi. Ammo otasining yengilayotganini ko‘rgan shahzoda Sulaymon Chalabiy otasini tashlab poytaxt Bursaga qochadi. Akasining ortidan shahzoda Muhammad va Iso Chalabiylar ham otalarini tashlab qochishadi. Urushda Boyazidning mag‘lubiyatga uchragani aniq bo‘lib ulgurgan edi. Faqatgina markazda Boyazid Yildirimning o‘zi yanicharlar bilan qattiq qarshilik qilib, taslim bo‘lishni istamas edi. Tez orada Amir Temur lashkarlari Boyazidni qurshab olib, yanicharlarni bitta qo‘ymay qirib tashlashdi.

Qo‘lga olingan Boyazidni Sohibqironning huzuriga olib kelishganida, Amir Temur Boyazidni o‘rnidan turib qarshi olar ekan, Boyazidga zimdan nazar solib kulib yuboradi. Ushbu kulgudan jahli chiqqan Boyazid Sohibqironga mag‘lubning ustidan kulish odobsizlik ekanligini aytganida, Amir Temur “Alloh bu dunyoni ko‘r bilan cho‘loqqa qoldirganligi uchun kulyapman”, deb javob beradi.

Shunday qilib “Anqara jangi” Sohibqironning g‘alabasi bilan tugadi. Bunday yorqin g‘alabadan so‘ng Amir Temur o‘zining azaliy odatiga ko‘ra o‘z jangchilariga  katta ziyofat berib, sovg‘a-salomlar va in’omlar ulashadi. Anqarada bir hafta turgach, Boyazidni olib Kyutaxya shahriga yo‘l oladi. Bu shaharda bir oy turgach, Amir Temur Boyazidning to‘ng‘ich o‘g‘li shahzoda Sulaymonga maktub yo‘llab, uni o‘z huzuriga chorlaydi. Shahzoda Sulaymon bu taklifiga rozi bo‘lib Sohibqironning huzuriga kelib, o‘z itoatini bildiradi. Amir Temur Onado‘luda sakkiz oy turib, bu orada Boyazid Yildirim egallay olmagan Izmir qalasini 15 kunda zabt etib, Boyazidni lol qoldiradi. Kutilmaganda Boyazid bot kasalligiga duchor bo‘lib qoladi. Sohibqiron sultonni Oq qal’aga davolanish uchun jo‘natib yuboradi. Ammo 1403 yil 8 mart kuni sulton Boyazid vafot etadi. Amir Temur shahzoda Musoni huzuriga chaqirib “Otangizning muqaddas xokini sultonlarga xos izzat-ikrom bilan Bursaga olib borib, tirikligida o‘zi qurdirib qo‘ygan imoratga dafn eting”, deb buyuradi. Boyazidning to‘ng‘ich o‘g‘li Sulaymon Chalabiyni esa turklarning Yevropadagi viloyatlariga hokim etib tayinlaydi. Shundan so‘ng Amir Temur 1404 yilning may oyida Samarqand tomon yo‘lga otlanib, iyulda poytaxtga yetib kelib, Xitoy safariga tayyorgarlik ko‘ra boshlaydi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1575

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing