Aliyev va Pashinyan chegarani aniqlash jaryonini boshlashga kelishdi

Olam

image

Kecha, 22 may kuni Belgiya poytaxti Bryusselda Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Yevropa kengashi prezidenti Sharl Mishelning Qorabog‘dagi mojaroni tartibga solish bo‘yicha uchinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Armaniston hukumati saytida xabar berildi.

“Muhokama yakunida mintaqaviy kommunikatsiyalarni ochish ishlarning keyingi borishi hamda Demarkatsiya va chegara xavfsizligi bo‘yicha komissiya ishini boshlash yuzasidan kelishuvlarga erishildi”, deyiladi xabarda.

Tomonlar, shuningdek, “ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha muzokaralar jarayoniga tayyorgarlik ko‘rish” va gumanitar masalalarni muhokama qildi. Yangi uch tomonlama uchrashuv iyul yoki avgust oylarida rejalashtirildi.

Yevropa ittifoqi Kengashi tomonidan e’lon qilingan bayonotda, shuningdek, “yaqin kunlarda” chegarani delimitatsiya qilish masalasini muhokama qilish uchun chegara komissiyalarining birinchi qo‘shma yig‘ilishi o‘tkazilishi e’lon qilindi.

Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi Kengashi xabarida qayd etilishicha, tomonlar “chegara boshqaruvi, xavfsizlik, yer to‘lovlari, shuningdek, xalqaro tashishlar kontekstida bojxona to‘lovlari tamoyillari to‘g‘risida”gi kelishuvga erishdilar. Bu boradagi ishlarni vakolatli shaxslar davom ettiradi.

Ozarbayjon Prezidenti Matbuot xizmati faqat uchrashuv fakti haqida xabar berdi, erishilgan kelishuvlar haqida axborot keltirmadi.

Baku va Yerevan aprel oyi boshida bo‘lib o‘tgan avvalgi uch tomonlama muzokaralar chog‘ida delimitatsiya komissiyasini tuzishga kelishib olgan edi. Shu bilan birga, Ozarbayjon Armanistonga 2020 yilda mojaro tugaganidan keyin ham tuzilmagan tinchlik shartnomasi loyihasini taklif qildi va Armaniston bu hujjatga javob qaytardi. Loyihaning bandlaridan biri chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilishdir.

Bu orada Qorabog‘dagi vaziyat keskinlashdi. Mart oyida Ozarbayjon harbiylari Qorabog‘ning Rossiya tinchlikparvar kuchlari mas’uliyati zonasida joylashgan Parux (ozarb. Farux) qishlog‘iga harbiylar kiritdi.

Rossiya tinchlikparvar kuchlari 2020 yil kuzda bo‘lib o‘tgan so‘nggi harbiy mojaro tugaganidan keyin Qorabog‘ hududiga kiritilgan va besh yil shu yerda bo‘ladi.

Qorabog‘ urushi  

Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib olishdi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10-siga o‘tar tunda “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Shunisi aniqki, urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi.  

Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan Bayraktar uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.

 

Sevinch To‘xtaboyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

19

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing