Aliyev va Pashinyan Abu-Dabida 5 soat muzokara o‘tkazdi (video)
Olam
−
10 iyul 4800 2 daqiqa
Bugun, 10 iyul kuni Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Birlashgan Arab Amirliklari poytaxti Abu-Dabida o‘tgan muzokaralarda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda Ozarbayjon va Armaniston Tashqi ishlar vazirliklari qo‘shma bayonot e’lon qildi.
Unda aytilishicha, yetakchilar bevosita ikki tomonlama aloqalarni davom ettirishga kelishib olgan hamda chegarani belgilash bo‘yicha davlat komissiyalariga ishni davom ettirishni topshirgan.
“Tomonlar ikki tomonlama muzokaralar munosabatlarni normallashtirish jarayoniga oid barcha masalalarni hal qilish uchun eng samarali format ekanini tasdiqladi va shu asosda natijaga yo‘naltirilgan bunday muloqotni davom ettirish haqida kelishuvga erishildi”, deyiladi qo‘shma bayonotda.
Ma’lum bo‘lishicha, Ilhom Aliyev va Nikol Pashinyan o‘rtasidagi muzokaralar taxminan 5 soat davom etgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning mart oyida Armaniston va Ozarbayjon tinchlik shartnomasining barcha 15 moddasi bo‘yicha kelishuvga erishgan edi. Yerevan hujjatni imzolash joyi va sanasini muhokama qilishga tayyor ekanini bildirgan, biroq Baku bunga ikki shart qo‘ygan: 2022 yildan beri faoliyati to‘xtatilgan YXHT Minsk guruhining tugatilishi va Armaniston Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritilishi (undagi Tog‘li Qorabog‘ haqidagi Deklaratsiyaga ishora sababli).
Respublika Asosiy Qonunining 1-moddasida Armaniston Oliy Kengashi tomonidan 1990 yil 23 avgustda qabul qilingan mamlakat Mustaqillik Deklaratsiyasiga havola mavjud. Ushbu deklaratsiyaning boshida Armaniston SSR va Tog‘li Qorabog‘ning 1989 yildagi “Birlashtirish to‘g‘risida”gi qo‘shma qaroriga ishora qilingan.
Armanistonning “24News” nashri manbalariga ko‘ra, tinchlik bitimi AQSHda (sentyabrda) yoki BAAda (dekabrda) imzolanishi mumkin.
Live
Barchasi