Aliyev va Erdo‘g‘an armanlardan ozod qilingan Fuzulida yangi xalqaro aeroportni ochib berdi
Olam
−
26 Oktabr 2021
5075Bugun, 26 oktyabr kuni Qorabog‘ning Fuzuli shahrida yangi aeroport ishga tushirildi. Havo bandargohini Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ochib berdi.
Ahamiyatlisi Erdo‘g‘anning samolyoti Bakuga emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri Qorabog‘ga qo‘ndi. Shu tariqa Turkiya yetakchisi Fuzul aeroportiga borgan ilk davlat rahbari bo‘ldi.
Aliyev va Erdo‘g‘an tasmani kesib, aeroportni ochib berdi. Ularga Fuzuli xalqaro aeroportining ramziy kalitlari topshirildi.
Shundan so‘ng, Ozarbayjon va Turkiya Prezidentlari aeroportdagi sharoitlar bilan tanishdi.
Ma’lumot uchun, Fuzuli xalqaro aeroportining tamal toshi 2021 yil 14 yanvarda qo‘yilgandi. Ilk sinov parvozi joriy yilning 22 avgust kuni amalga oshirilgan. Terminal soatiga 200 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsata oladi.
Qorabog‘ mojarosi
2020 yilning 27 sentyabr kuni Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi Qorabog‘ urushi qayta olovlandi.
Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari 2020 yilning 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi.
Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytdi. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qilib, Armaniston chegarasidagi tinch aholi vakillarini chegara hududlaridan chetga chiqishlarini so‘radi.
Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.
Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi. Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi. Shuningdek, Aliyev 28 sentyabr kuni qisman safarbarlik e’lon qilish haqidagi hujjatni imzoladi.
Noyabr oyiga kelib Ozarbayjon Qurolli Kuchlari Tog‘li Qorabog‘dagi muhim hududlarni, jumladan strategik jihatdan ahamiyatli bo‘lgan Shusha shahrini o‘z nazorati ostiga oldi. Ushbu harbiy harakatlar 2020 yilning 9 noyabr kuni Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon Respublikasi Prezidentlari Vladimir Putin, Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan o‘rtasida imzolangan qo‘shma bayonot bilan o‘z yakuniga yetdi. Sulh bitimiga ko‘ra, 10 noyabr soat 00:00 dan boshlab Qorabog‘da harbiy harakatlar butunlay to‘xtatildi, Armaniston Tog‘li Qorabog‘dagi 3 ta hududni Ozarbayjonga qaytarish majburiyatini oldi.
LiveBarchasi