Aliyev Ozarbayjon Armaniston bilan muzokara boshlashga tayyorligini aytdi
Olam
−
06 Oktabr 2021
3440Ozarbayjon Armaniston bilan munosabatlarni normallashtirish uchun muzokaralarni boshlashga tayyor. Jarayon Yevropa Ittifoqining faol ishtirokida o‘tishi kerak. Bu haqda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev YeIning mamlakatdagi yangi elchisi Peter Mixalkodan ishonch yorlig‘ini qabul qilish marosimida aytib o‘tdi.
“Hozir asosiy masala urushdan keyin mintaqada xavfsizlik va tinchlikni ta’minlash. Biz bu sahifani o‘tkazishni xohlaymiz, bizning siyosatimiz shu. Biz qo‘shnimiz Armaniston bilan munosabatlarni yaxshilashni xohlaymiz. Biz Armaniston bilan tinchlik shartnomasini imzolash, chegaralarni delimitatsiya qilish bo‘yicha muzokaralarni boshlashga tayyormiz. Bu jarayon qisman boshlandi”, degan Ilhom Aliyev.
Ozarbayjon Prezidenti Yevropa Ittifoqi ham bu jarayonda faol ishtirok etishi mumkinligiga to‘xtalib, bu ko‘plab sohalarda muammolarni hal qilishga yordam berishini ta’kidlagan.
Davlat rahbariga ko‘ra, bu yo‘nalishda katta ko‘lamdagi ishlarni bajarish kerak.
Qorabog‘ mojarosi
2020 yilning 27 sentyabr kuni Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi Qorabog‘ urushi qayta olovlandi.
Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari 2020 yilning 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi.
Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytdi. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qilib, Armaniston chegarasidagi tinch aholi vakillarini chegara hududlaridan chetga chiqishlarini so‘radi.
Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.
Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi. Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi. Shuningdek, Aliyev 28 sentyabr kuni qisman safarbarlik e’lon qilish haqidagi hujjatni imzoladi.
Noyabr oyiga kelib Ozarbayjon Qurolli Kuchlari Tog‘li Qorabog‘dagi muhim hududlarni, jumladan strategik jihatdan ahamiyatli bo‘lgan Shusha shahrini o‘z nazorati ostiga oldi. Ushbu harbiy harakatlar 2020 yilning 9 noyabr kuni Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon Respublikasi Prezidentlari Vladimir Putin, Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan o‘rtasida imzolangan qo‘shma bayonot bilan o‘z yakuniga yetdi. Sulh bitimiga ko‘ra, 10 noyabr soat 00:00 dan boshlab Qorabog‘da harbiy harakatlar butunlay to‘xtatildi, Armaniston Tog‘li Qorabog‘dagi 3 ta hududni Ozarbayjonga qaytarish majburiyatini oldi.
LiveBarchasi