Alisher Usmonov YeIni sudga berdi
Olam
−
19 iyul 2022
8038Rossiyalik milliarder Alisher Usmonov Yevropa Ittifoqi tomonidan unga nisbatan qo‘llanilgan sanksiyalarni bekor qilish talabi bilan Yevropa sudiga murojaat qildi. Bu haqda “The Wall Street Journal” nashri xabar bergan.
Qayd etilishicha, Alisher Usmonov va uning singlisi Gulbahor Ismoilova ularga qarshi sanksiyalarni bekor qilishdan tashqari, YeIdan 20 ming dollar miqdoridagi sud xarajatlarini to‘lashni talab qilmoqda.
Shuningdek, Usmonov o‘z arizasini sudda ko‘rib chiqishni tezlashtirmoqchi. Milliarder buni sanksiyalar tufayli bir nechta tijorat shartnomalari bekor qilingani, natijada uning uchta kompaniyasi bankrotlik yoqasida qolgani bilan izohlagan. Ammo o‘tgan oy sud Usmonovning iltimosini rad etgan.
Britaniya Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyida sanksiyalar ro‘yxatiga tushganidan so‘ng Alisher Usmonov bir qator aktivlarini singlisi Gulbahor Ismoilovaga o‘tkazgan. Xususan, Ismoilova “Dilbar” yaxtasining yagona egasi hisoblanadi. Toshkentdagi Fedorovich nomidagi klinik sanatoriyning 82,1 foiz aksiyalari ham Gulbahor Ismoilovaga tegishli.
Ismoilovaning Buyuk Britaniyadagi barcha aktivlari muzlatilgan, unga mamlakatga kirish taqiqlangan.
Joriy yilning 8 aprel kuni Yevropa Ittifoqi kengashi Alisher Usmonovning yana bir singlisi Saodat Narziyevani sanksiyalar ro‘yxatiga kiritgandi. Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilikni o‘rganish markazi Narziyeva Shveysariya banklaridagi umumiy qiymati 2 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 27 dan ortiq bank hisob raqamlarining benefitsiari ekanligini yozgan.
Aytish joizki, Alisher Usmonov Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan Prezident Vladimir Putinga yaqin bo‘lgan, deb hisoblangan boshqa rossiyalik oligarxlar qatori Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan edi.
Sanksiyalar doirasida milliarderga Yevropa Ittifoqiga kirish taqiqlangan, uning aktivlari muzlatilgan. Mart oyi boshida Fransiya hukumati Alisher Usmonovga aloqador ikkita vertolyotni hibsga oldi. Shuningdek, Germaniya hukumati Gamburgdagi kemasozlik zavodida Alisher Usmonovning 600 million dollarlik “Dilbar” yaxtasi hibsga olindi. Italiya nashrlari milliarderning Sardiniyadagi villasi hibsga olingani haqida xabar berdi.
Eslatib o‘tamiz, Ukrainadagi urush tufayli Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga duchor bo‘lgan milliarder Roman Abramovich Yevropa rasmiylari unga yetkazilgan zararni qoplashi kerakligini aytgandi.
Bundan tashqari, milliarderlar Petr Aven va Mixail Fridman YeI sanksiyalarini sud orqali bekor qilishga intilmoqda.
LiveBarchasi