Alisher Shodmonovga murojaat yo‘llagan bemor ahvoli og‘irlashgani, shifokorlar yolg‘on gapirayotgani aytmoqda
Jamiyat
−
02 Oktabr 2020
41760Avvalroq, Jizzax viloyati politexnika instituti yotoqxonasida tashkil etilgan koronavirusga chalingan bemorlarni davolash markazida qolayotgan bemor Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovga murojaat yo‘llagani, mazkur videomurojaatda bayon qilingan holatlar yuzasidan Jizzax viloyat prokuraturasi tomonidan o‘rganish boshlangani haqida xabar bergan edik.
Bugun, 2 oktyabr kuni bemor Qobiljon Abdusattorov navbatdagi videomurojaatini yo‘lladi. U 14 kunlik davolanish jarayonida sog‘ayish o‘rniga, ahvoli og‘irlashgani va o‘z ixtiyori bilan shifoxonanini tark etayotganini aytadi. U shifokorlarni yolg‘on bayonot berishda ayblagan.
“Men bugun o‘z xohishim bilan Jizzax viloyati politexnika instituti yotoqxonasida tashkil etilgan koronavirusga chalingan bemorlarni davolash markazini tark etyapman. Buning sababi ikkita. Birinchi sababi: men o‘sha kuni murojaat qilganimda juda sog‘lom edim. O‘sha kuni deyarli chiqishim kerak edi. Lekin ahvolim kundan kunga og‘irlashib, umuman bu (kislorod konsentratori)siz nafas ololmaydigan darajaga kelib qolyapman. Buning sababini bilmayman. Men o‘z xafsizligimni o‘ylab, bu yerni tezda tark etishga qaror qildim. Ikkinchidan, men, meni davolayotgan vrachning yolg‘onchiligini bilib qoldim”, deydi Qobiljon Abdusattorov.
Uning videomurojaatiga markaz shifokornining “Zamon” teledasturiga bergan intervyusi joylashtirilgan. Intervyuda shifokor bir-ikki soatgagina dorilarda uzilish bo‘lgani, bemorlarni dorilar bilan doimiy ravishda ta’minlanib kelinayotganini aytadi.
Bemor esa koronavirusni davolashda ishlatilayotgan dorilarni o‘zi sotib olganini isbotlashga harakat qiladi va ularning qutilarini ko‘rsatadi. Uning qayd etishicha, Bosh prokuratura bayonotidan keyin koronavirusga chalingan bemorlarni davolashga ixtisoslashgan ushbu markazda “tozalash” ishlari olib borilgan, shundan keyin birdan dorilar paydo bo‘lib qolgan, barcha bemorlardan o‘zlari bilan olib kelgan dorilarini sumkalariga solib qo‘yish so‘ralgan.
Qobiljon Abdusattorov Bosh prokuraturadan telekanalda yolg‘on intervyu bergan shifokorni javobgarlikka tortishni so‘raydi. Shuningdek, u “Zamon” dasturi jurnalistini vaziyatni xolis o‘rganmaslik, bemorlarning dorilarni sotib olayotganini so‘ramaganlikda ayblaydi.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr