Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxona ish vaqti 23:00gacha uzaytiriladi

Jamiyat

image

Kecha, 22 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida respublikadagi axborot-kutubxona muassasalarining bugungi holati, mavjud muammolar, sohaga oid me’yoriy-huquqiy hujjatlarning ijrosi va xalqaro tajribalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Tadbir “Central Asia – 2019: Fan, ta’lim, madaniyat va biznesda internet va axborot-kutubxona resurslari” XIII Xalqaro anjumani doirasida tashkil etildi. Unda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi rahbar va mutaxassislari, hamkor davlat tashkilotlari vakillari hamda OAV xodimlari ishtirok etdi.

Muloqot davomida qishloq aholisining barcha qatlamlarini kutubxona xizmati bilan qamrab olish, uzoq hududlarda istiqomat qiladigan aholi uchun ko‘chma kutubxonalar tashkil etish, hujjatlarni elektron yetkazib berish, axborot-kutubxona resurslaridan masofadan turib foydalanishni rivojlantirish kabi masalalar muhokama qilindi. Yakka va guruhli hamda ommaviy kitobxonlikni tizimli ravishda tashkil qilish, foydalanuvchilar o‘rtasida mutolaa madaniyatini oshirish mavzularida ma’ruzalar tinglandi. Shuningdek, axborot-kutubxona muassasalari va mutaxassislarining imidjini yaxshilash yuzasidan takliflar bildirildi.

“Oxirgi 2-3 yil ichida aholi o‘rtasida kutubxona ish vaqtini cho‘zish bo‘yicha murojaatlar ko‘paydi. Xorijiy mamlakatlarda 24 soat davomida ishlaydigan kutubxonalar ham bor, odatda u yerda soat 00:00 dan keyin navbatchilar, mutaxassislar qoladi. Chunki ularning ishlari to‘liq elektron shaklga o‘tib bo‘lgan. Bizning kutubxonamiz avval Vazirlar Mahkamasiga qarashli edi, 2017 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga o‘tdi. Rahbariyat bilan birgalikda kutubxona ish vaqtini 23:00 ga qadar uzaytirish ko‘rib chiqilayapti. Kechki vaqt ishlaydigan xodimlarga amaldagi qonunchilik bo‘yicha ish haqi to‘lash masalasi o‘rganilmoqda. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi 23:00 ga qadar ishlashi uchun fondni saqlash, xizmat ko‘rsatish kabi bo‘limlarda 36 ta qo‘shimcha ish o‘rni yaratilishi talab etilar ekan. Bu masalalar ustida hozir ish olib borilmoqda. Mazkur tajriba samara bersa, boshqa kutubxonalarga ham tatbiq qilinadi”, deydi Milliy kutubxona direktori Umida Teshaboyeva.

Tadbirda 24-26 aprel kunlari Xorazm viloyatining Urganch shahrida bo‘lib o‘tadigan Xalqaro anjumanning ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tildi.

“Xalqaro anjuman mohiyati Prezident Shavkat Mirziyoyev ilgari surgan besh tashabbusning to‘rtinchisiga, ya’ni aholi, ayniqsa, yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish g‘oyasiga hamohangdir. Fan, ta’lim, madaniyat, biznes sohalarida elektron axborot resurslarni qo‘llash va bunda axborot-kutubxona muassasalari, o‘quv yurtlari, arxivlar, muzeylar hamda boshqa tashkilotlarning hamkorligini kengaytirish lozim. Shu nuqtai nazardan, kutubxonalar ishining muammolari, ularning innovatsion rivojlanish yo‘llarini izlash bugungi kunda dolzarb ahamiyat kasb etadi”, deydi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Kitob savdosi va axborot-kutubxona resurslari bo‘limi rahbari V.Hamidov.

Toshkent shahar “Bilim” axborot-kutubxona markazi direktori H.Karimova, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi fundamental kutubxonasi direktori Z.Berdiyeva 400 dan ziyod mutaxassis qatnashadigan ushbu Xalqaro tadbirning tajriba almashish uchun katta maydon bo‘lishi, respublika miqyosida soha rivojiga amaliy ta’sir ko‘rsatishini e’tirof etdi.

Matbuot anjumanida AQSH Oregon shtati Portlend shahri kutubxona jamg‘armasi ijrochi direktori Merris Sumrall, Qozog‘iston Milliy kutubxonasi Nodir kitoblar va qo‘lyozmalar xizmati rahbari Tolkыn Zamzayevalar ishtirok etdi va istiqboldagi hamkorlik rejalari muhokama qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Xalqaro anjuman

Baholaganlar

174

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar