Al-Xorazmiy maktabida imtihonlar adolatli o‘tyaptimi?
Jamiyat
−
13 avgust 2021
12846Mingga yaqin o‘quvchilar, shovqinli atmosfera va biroz issiq havo. Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan maktabda besh kundan buyon aynan shunday muhitda maktab o‘quvchiligiga talabgorlar orasida test sinovlari bo‘lib o‘tdi.
Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan mazkur maktab hududida joriy yilning 7-12 avgust kunlari test sinovlari o‘tkazilishi aytilgandi. Bundan tashqari, Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga imtihonlar 7 avgust, Mirzo Ulug‘bek nomidagi fizika, matematika, astronomiya va informatika fanlariga ixtisoslashtirilgan maktabiga esa 8-9 avgust kunlari test sinovlari bo‘lib o‘tgan. Imtihonlar 3 smenada: soat 08:00, 12:00, 16:00 da o‘tkazilmoqda.
Mazkur ixtisoslashtirilgan maktabning 5 va 10-sinfida o‘qish istagini bildirgan talabgorlar anchaginani tashkil etadi. Sayt orqali 8 mingdan ortiq hujjat qabul qilingani esa so‘zimizning isbotidir. Test sinovlarida 5-sinfga ariza topshirgan nomzodlar uchun matematika va ingliz tilidan umumiy 40 ta test, 10-sinfga ariza topshirgan nomzodlar uchun esa matematika informatika, fizika va ingliz tili fanlaridan umumiy 40 ta test topshiriqlari beriladi. Berilgan topshiriqlarni bajarish uchun esa 2 soat vaqt ajratilgan.
Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: besh kun davomida bo‘lib o‘tgan test jarayonlarida o‘quvchilar tomonidan shpargalkadan foydalanish yoki uni ichkariga olib kirishga urinish kabi holatlar kuzatildimi? Mazkur savol bilan Prezident ta’lim muassasalari agentligi xodimi Sevara Shokirovaga mikrafon tutdik.
“Test sinovlariga kiritilayotgan talabgorlardan shu paytga qadar telefon, shpargalka yoki boshqa hisoblash moslamalari topilgan holat mavjud emas. O‘quvchilar birinchi tekshiruv postidayoq o‘z shaxsiy buyumlarini, telefon yoki shunga o‘xshash qurilmalarini topshirib kirishmoqda. Ularning buyumlarini saqlash uchun bir martalik maxsus idishlar mavjud va ular raqamlangan holda ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Imtihon yakunlangandan so‘ng esa bemalol o‘z raqamlari bilan shaxsiy buyumlarini olishlari mumkin.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan maktabimizda ayni damda 5-10-sinflar uchun imtihon jarayonlari ketyapti. Matematika va informatika fanidan har bir to‘g‘ri javob uchun 3.1 ball, fizika uchun 2.1 ball, ingliz tili uchun esa 1.1 ball beriladi. Umumiy hisobda 120 nafar o‘quvchi uchun kvota ajratilgan
Talabgorlar aynan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishi kerak. Qaysi viloyatdanligi esa ahamiyatsiz”, deydi mas’ul xodim.
Ma’lum bo‘lishicha, testga kiritilayotganlar orasida shu paytga qadar SOVID-19 alomatlari mavjud o‘quvchilar aniqlanmagan. Maktab hududida tez yordam xizmati va tibbiy punkt ham tashkil etilgan bo‘lib, test jarayonlarida o‘zini yomon his qilgan o‘quvchilarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatiladi. Shuningdek, farzandlari bilan birga kelgan ota-onalar uchun maxsus kutish hududlari tashkil etilgan bo‘lib, u yerda o‘rindiqlar, chodir va soyabonlar o‘rnatilgan.
Barcha fanlardan test topshiriqlari kompyuterda topshirildi. Maktabda o‘qish istagini bildirgan talabgorlar soni katta bo‘lgani uchun kompyuter bilan ta’minlash masalasi boshqa tashkilotlar yordamida hal etilgan. Ya’ni, imtihon jarayonlaridagi kompyuterlarning 80 foizi maktabga tegishli bo‘lsa, qolgan 20 fozi boshqa muassasalardan keltirilgan.
Topshiriqlarni bajarib bo‘lgan o‘quvchining test natijalari ball ko‘rinishida o‘sha vaqtning o‘zidayoq monitorda ko‘rinadi. O‘quvchilarning mazkur ixtisoslashtirilgan maktabga qabul qilingani yoki qilinmagani esa barcha test natijalari umumlashtirilgandan so‘ng, ma’lum qilinadi.
LiveBarchasi