“Al-Aqso”da yana nimalar bo‘lyapti?

Olam

image

Bugun, 18 iyul kuni mutaassib yahudiylar Isroil politsiyasi hamrohligida Islom dinining muqaddas qadamjolaridan sanalgan Quddusdagi Al-Aqso masjidi hududiga bostirib kirdi.

Quddusning Islom jamg‘armalari boshqarmasi xabariga ko‘ra, 1 210 nafar mutaassib “Al-Aqso” masjidining janubi-g‘arbidagi “Bob al-Mag‘rib” darvozasidan muqaddas qadamjoga kirgan.

Mutaassib kayfiyatdagi odamlar yahudiylar xalqining milliy motam kuni – To‘qqizinchi ava munosabati bilan ziyoratgoh hududiga bostirib kirishga chaqirgan. Yahudiylar shu kuni shoh Solomon maqbarasi vayron qilingan, deb biladi.

“Anadolu” agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Isroil politsiyasi “Al-Aqso”da falastinliklarga nisbatan kuch ishlatgan. Bir qancha falastinlik qo‘lga olingan.

Bundan tashqari, kuchishlatar tuzilma xodimlari “Al-Aqso” hududidagi Qibla masjidida plastik o‘q va ko‘zni yoshlantiruvchi gazdan foydalangan. Politsiya “Al-Aqso” masjidining barcha kirish joylarida to‘siqlar o‘rnatgan. Bundan tashqari, 40 yoshga to‘lmagan falastinliklar ziyoratgohga kiritilmayapti. “Al-Aqso” ziyoratgohi atrofidagi keskinlik saqlanib qolmoqda.

Falastin rahbariyati Isroilni “Al-Aqso” masjidiga nisbatan tashviqotni to‘xtatishga chaqirmoqda.

Falastinning rasmiy axborot agentligining xabar berishicha, Falastin ma’muriyati 1000 dan ortiq mutaassib yahudiylarning “Al-Aqso” masjidiga bostirib kirishini qoralagan va Tel-Avivdan ziyoratgoh atrofidagi ziddiyatlarga barham berishni talab qilgan.

Xabarda “Al-Aqso” masjidiga qarshi provokatsiyalar xavfsizlik va barqarorlikka tahdid solishi va falastinliklarning diniy hissiyotlarini tahqirlashi aytilgan. Muqaddas ziyoratgoh atrofidagi keskinlik uchun javobgarlik to‘liq Isroil hukumati zimmasida ekani ta’kidlangan.

Ma’lumot uchun, Quddusdagi “Al-Aqso” masjidi musulmonlarning birinchi qiblasi hisoblanadi.

Mutaassib yahudiylar ziyoratgoh shoh Sulaymon maqbarasi vayronalari o‘rnida barpo etilgan deb, masjid hududiga tez-tez bostirib kiradi.

Isroil va Iordaniya o‘rtasida 1994 yilda tuzilgan kelishuvga binoan “Al-Aqso” masjidi Quddus Islom jamg‘armalari boshqarmasi tomonidan boshqariladi.

Biroq, 2003 yildan beri yahudiylar ma’muriyat ruxsatini e’tiborga olmay, Isroilning bir tomonlama qarori bilan politsiya hamrohligida ziyoratga bostirib kirishni boshladi. Islom jamg‘armalari boshqarmasi bunday harakatlar musulmonlar suverenitetining buzilishi ekanini ta’kidlaydi.

Ma’lumot uchun, joriy yilning may oyida Isroil-Falastin mojarosi keskinlashib, to‘qnashuvlar boshlangandi. 7 may kuni boshlanib, 11 kun davom etgan o‘zaro havo hujumlari natijasida G‘azo sektorida yashovchi 232 nafar arab halok bo‘lgan va 1900 ga yaqini jarohat olgan. Isroilda esa 12 nafar inson vafot etgan, yuzlab odamlar yaralangan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

449

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing