Aksiyadorlik jamiyatlari to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirish kiritildi

Jamiyat

image

“Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Norma nashri xabar tarqatdi.

Birinchidan, AJda chet ellik investorlarning ulushi (kamida 15%) bo‘lishi lozimligi haqidagi talab bekor qilindi.
 
Ikkinchidan, jamiyat aksiyalarni va aksiyalarga ayirboshlanadigan, haqi pul mablag‘lari bilan to‘lanadigan emissiyaviy qimmatli qog‘ozlarni joylashtirganda ovoz beruvchi aksiyalarning egalari bo‘lgan aksiyadorlar ularni imtiyozli ravishda olish huquqiga ega. Ilgari aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishi ovoz beruvchi aksiyalar egalarining ko‘pchilik ovozi bilan bir yildan ortiq bo‘lmagan muddatda ushbu imtiyozli huquqni qo‘llamaslik to‘g‘risida qaror qabul qilinishi mumkin edi. Ushbu norma ham chiqarib tashlandi.
 
Uchinchidan, majburiy auditorlik tekshiruvini o‘tkazish uchun auditorlik tashkilotini belgilash, uning xizmatlariga to‘lanadigan eng ko‘p haq miqdori va u bilan shartnoma tuzish (uni bekor qilish) to‘g‘risida endi aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi tomonidan qaror qabul qilinadi. Kuzatuv kengashi faqat tashabbus tarzida o‘tkaziladigan auditorlik tekshiruvlari qismida ushbu vakolatni saqlab qoldi.
 
To‘rtinchidan, aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishini o‘tkazish to‘g‘risida axborot berish tartibiga tuzatish kiritildi. Endi bu haqdagi xabarni Korporativ axborotning yagona portalida ham e’lon qilish zarur. Umumiy yig‘ilish o‘tkaziladigan sanadan kamida 21 kundan (ilgari – 7 kundan) kechiktirmay xabar berilishi kerak.
 
Beshinchidan, aksiyalari fond birjasining birja kotirovkasi varag‘iga kiritilgan AJga nisbatan qo‘shimcha talablar belgilandi:
 
a) faqat kuzatuv kengashining a’zolaridan tarkib topgan audit qo‘mitasi tashkil etilishi shart. Jamiyatning ichki audit xizmati (u mavjud bo‘lsa) o‘z faoliyatida ushbu qo‘mitaga hisobdordir;
 
b) kuzatuv kengashida kamida bir nafar mustaqil, har yili qayta saylanadigan a’zo bo‘lishi kerak;
 
Ma’lumot uchun: quyidagi shaxs kuzatuv kengashining mustaqil a’zosi deb e’tirof etiladi:

• so‘nggi uch yil mobaynida jamiyatda va (yoki) uning affillangan shaxslarida ishlamagan;
• jamiyatning aksiyadori va (yoki) uning affillangan shaxsining ta’sischisi (aksiyadori, ishtirokchisi) bo‘lmagan;
• jamiyatning va (yoki) uning affillangan shaxsining yirik mijozi va (yoki) yirik yetkazib beruvchisi (ya’ni ular bilan EKIHning 2 000 baravaridan ko‘p bo‘lgan summaga teng amaldagi shartnoma mavjud bo‘lgan shaxslar) bilan fuqarolik-huquqiy munosabatlarda bo‘lmagan;
• jamiyat va (yoki) uning affillangan shaxslari bilan biror-bir kelishuvga ega bo‘lmagan, bundan kuzatuv kengashi a’zosining vazifalari va funksiyalari bajarilishini ta’minlash bilan bog‘liq bo‘lgan hollar mustasno;
• jamiyatning boshqaruv va ichki nazorat organlarining va (yoki) uning affillangan shaxslarining a’zosi bo‘lgan shaxsning yoki so‘nggi uch yil ichida ularga a’zo bo‘lgan shaxsning eri (xotini), ota-onasi (farzandlikka oluvchisi), farzandi (farzandlikka olingan bolasi), tug‘ishgan va o‘gay akasi (ukasi) hamda opasi (singlisi) bo‘lmagan;
• davlat boshqaruvi organining yoki davlat korxonasining xodimi bo‘lmagan.
 
v) Korporativ axborotning yagona portalida va jamiyatning rasmiy veb-saytida boshqa yuridik shaxslarning 5 va undan ortiq foiz aksiyalariga (ulushlariga, paylariga) egalik qilish to‘g‘risidagi axborotni e’lon qilish shart. Axborot aksiyalar (ulushlar, paylar) olingan paytdan e’tiboran 72 soat ichida e’lon qilinishi kerak.
 
Oltinchidan, sud jamiyatning kuzatuv kengashi a’zosini, direktorini yoki boshqaruvi a’zosini jamiyatga mulkiy zarar yetkazganlikda aybdor deb topgan taqdirda, uning vakolatlari sudning qaroriga ko‘ra, ularning xo‘jalik jamiyatlarida rahbarlik lavozimini egallashi taqiqlangan holda, 1 yildan kam bo‘lmagan muddatga tugatilishi mumkin.
 
Ko‘rsatilgan shaxslar, shuningdek ishonchli boshqaruvchi jamiyatga chalg‘ituvchi axborot yoki bila turib yolg‘on axborot taqdim etganligi yoxud o‘zlari yoki o‘z affillangan shaxslari tomonidan foyda (daromad) olish maqsadida yirik bitim tuzishni va (yoki) yirik bitim tuzish va (yoki) affillangan shaxslar bilan bitimlar tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilishni taklif etganligi natijasida yetkazilgan zarar uchun javobgarlikka tortilishi mumkin.

Yettinchidan, aksiyadorlar yirik bitimni yoki affillangan shaxs bilan tuzilgan bitimni haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi da’vo arizasini sudda ko‘rib chiqish chog‘ida jamiyatdan va guvohlardan sud tomonidan ko‘rib chiqilayotgan ishga taalluqli bo‘lishi mumkin bo‘lgan barcha hujjatlarni olishga haqli, bundan davlat sirini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirini tashkil etuvchi hujjatlar mustasno.
 
Shuningdek, qonunga ustav fondining eng kam miqdorini undan chiqarib tashlash bilan bog‘liq bir qator tuzatishlar ham kiritildi.
 
Qonun bir qator nashrlarda chop etildi va 21.03.2019 yildan rasman kuchga kirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Aktsiyadorlik jamiyati

Baholaganlar

13

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar