Akmal Saidov jurnalistlardan nega qochyapti?

Jamiyat

Biz jurnalistlarni nima qiynaydi? Katta davralarda Yangi O‘zbekiston, Konstitutsion islohotlar, so‘z erkinligi, ochiqlik siyosati, inson huquqlari haqida balandparvoz nutqlar so‘zlaydigan amaldorlarning OAV va jurnalistlar uchun yopiqligi. Ular jamoatchilik oldida otashin va’z o‘qishadi, javoban quloqni qomatga keltiradigan darajada qarsaklar chalinadi. Ammo, aniqroq savol bermoqchi bo‘lib mikrofon tutsang – qochadi! Fikr so‘rab ortidan yugurasan, odamlarni o‘ylantiradigan savollarga javob olishni istaysan, ular esa vaqti yo‘qligini ro‘kach qilib senga qo‘l siltaydi.

Gapning bir uchi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori Akmal Saidovga ham tegishli. 

Ayni paytda Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish ishlariga “bosh-qosh” bo‘lib turgan Saidovni har doim ham uchratavermaysiz.

Yaqinda Innovatsion rivojlanish vazirligiga “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” kitobining mobil ilovasini yaratish uchun 2,6 mlrd mablag‘ ajratishni so‘rab taklif kiritilgan edi. Bu loyiha esa aynan Akmal Saidov boshchiligida ishlab chiqilgan. Ijrochi tashkilot «Barqaror rivojlanish markazi» nodavlat-notijorat tashkiloti bo‘lgan. Lekin, vazir  Ibrohim Abdurahmonov esa bu taklifni keskin rad etgan. Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bu taklif bir emas, ikkinchi marta taqdim etilishidir. 

Xo‘sh, Saidov fikridan qaytdimi, yoki bu taklifni yana muhokamaga qo‘ymoqchimi? Mobil ilova uchun 2,6 mlrd ko‘p emasmi? 

24 avgust kuni Inson huquqlari va manfaatlarini ta’minlashda davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining hamkorligi mavzusida bo‘lib o‘tgan forumni ochib berish marosimida nutq so‘zlagan Akmal Saidovdan shu savollarga javob olmoqchi bo‘ldik.  

Biroq, Akmal Saidov vaqti yo‘qligini aytib, intervyu berishni xohlamadi. 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori uchun intervyu berishdan bosh tortish juda oson ekan. Biz uning ortidan mikrofon tutgancha ortidan yugurdik. Yo‘lak bo‘ylab shahdam qadam tashlab ketayotgan Saidov qayrilib ham qaramay, bir necha bor qo‘l siltadi, so‘ng xizmat avtomobiliga o‘tirib, ravona bo‘ldi. 

Xulosa sizdan...

Hulkar Murtazoyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

180

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing