Aka-ukalar o‘rtasida parchalangan saltanat yoxud Amir Temurning so‘nggi vasiyati qanday edi?

Bu qiziq

image

“G‘alaba uchun yillar davomida harakat qilish lozim, ammo mag‘lubiyatga birgina g‘aflatning o‘zi kifoya”.

Tarix shunday fanki, o‘tmishda o‘tgan xalqlar va millatlarning rivoji hamda tanazzuli haqida bizga batafsil so‘zlab beradi. Katta imperiyani barpo etish uchun ulkan kuch-qudrat va ko‘p vaqt zarur. Ammo, tarix shuni ko‘rsatadiki, mashaqqat bilan ulkan saltanat qurgan hukmdor to‘satdan vafot etib qolsa, shu ondayoq shahzodalar o‘rtasida toj-u taxt uchun kurash avj olgan. Bu esa o‘z navbatida mamlakatning inqiroziga, oxir-oqibat tanazzuliga olib kelgan. Bugungi maqolamizda Amir Temurning 35 yil mobaynida qurgan ulkan imperiyasining parchalanishi haqida so‘z yuritamiz.

Amir Temurning Rum safaridan Samarqandga qaytishi

Sohibqiron Amir Temur 1399 yilda Usmoniylar sultoni Boyazid Yildirim ustiga qilgan yurishidan 1404 yil 10 iyun kuni poytaxt Samarqandga qaytib keladi. Sohibqironni kutib olish uchun shahar aholisi, asilzodalar, Xo‘ja Yusuf, amirzodalardan Pirmuhammad va Mirzo Qaydu peshvoz chiqishadi. 

Ertasi kuni Amir Temur o‘zida biroz charchoqni his qiladi. Ammo buni hech kimga bildirishni istamaydi. Sohibqironning xastalanganligini sezib qolgan tabiblar, Amir Temurga bir muddat el-yurt va saltanat tashvishlaridan forig‘ bo‘lib, dam olish zarurligini maslahat berishadi. Mavlono Mir Ali Tabriziy agar bu dardning oldi olinmasa, dard zo‘rayib ketishini dalillar bilan isbotlab berganidan so‘ng, Amir Temur bir muddat hordiq chiqarishga qaror qiladi. Bu fursatdan foydalanib Sohibqiron ko‘pdan beri o‘ylab yurgan rejasini pishitib oladi.

Xitoyga qarshi yurish rejasi

Sohibqiron Amir Temur Chin yurtiga yurish qilishni ko‘pdan beri reja qilib yurgandi. Buning uchun asos ham bor bo‘lib, asos bo‘lganda ham qonuniy edi. Yetti asr avval, Xitoy podshohlari Turk xoqonligining o‘g‘illarini kuyov qilib ola boshladilar. Bu bilan turklar orasida o‘zlarining odamlarini ko‘paytirdilar. Xitoy hukmdorlari turli xiyla-nayrang yo‘li bilan buyuk Turk xoqonligini tanazzulga uchratib, turklarning ko‘plab yerlarini o‘zlashtirib oldilar. Va hatto, Yettisuv va Farg‘ona vodiysiga ham bostirib kirib, Amir Temurdan o‘lpon talab eta boshladilar.

Sohibqiron 1404 yilning kuzida nabirasi Mirzo Ulug‘bekning to‘yini o‘tkazish bahonasida o‘z qo‘l ostidagi oqillar, viloyat hukmdorlarini, qo‘shin boshliqlarini, to‘ra va barcha amaldorlarni Samarqandga taklif qilib, harbiy qurultoy chaqiradi. Unda Chin yurtiga harbiy yurish masalasi muhokama qilinadi. Qurultoyda Xitoyga qarshi qilinadigan urush islom dinini tarqatish bayrog‘i ostida olib borilishi hisobga olinib, bu yurish muqaddas, deb e’lon qilinadi. Rejaga ko‘ra, qishning bir qismini Oqsulot qal’asida, qolgan qismini O‘trorda o‘tkazib, 1405 yil 3 mart kuni Xitoy tomon yurish boshlashga azmu qaror qilinadi.

Amir Temurning Chin yurti tomon yurishi

Sohibqiron Amir Temur 1405 yilning 8 yanvarida 200 ming kishilik lashkar bilan Xitoy sari otlandi. O‘sha yili qish qattiq kelgan edi. Shunga qaramay, Sohibqiron qo‘shinga to‘xtovsiz harakat qilishni buyuradi. Amir Temur muzlab qolgan Sayhun (Sirdaryo) daryosidan o‘tayotganida, qishning sovuqligi shu darajada kuchli bo‘lganki, tarixchi Sharofiddin Al-Yazdiyning yozishicha, daryo ustidagi muzning qalinligi 2-3 tirsakka teng edi. Sovuqdan ko‘plab askarlarning quloq-yuz va burunlarini sovuq urib ketadi, ko‘plari esa sovuqdan halok bo‘ladilar. Amir Temur izg‘irinli sovuqda qo‘shiniga ruhiy dalda berish uchun sochini oldirib ustidan suv quyadi. Bu esa oxir-oqibat Sohibqironing qattiq shamollashiga olib keladi.

Amir Temurning so‘nggi vasiyati

1405 yil 14 yanvar kuni Sohibqiron O‘tror shahriga yetib keladi va kutilmaganda betob bo‘lib, to‘shakda yotib qoldi. O‘limi yaqinlashayotganini sezgan Sohibqiron lashkar boshilarni va sultonlarni huzuriga chorlab shunday deydi. 

“Anglab turibmanki, ruh qushi qalb qafasidan parvoz qilmoqchi. Tangri taoloning dargohiga jonimni baxsh etyotibman. Sizlarni uning lutf-u marhamatiga topshirdim. Obi diyda qilib o‘tirmanglar, oh-u nola chekmanglar, chunki bundan foyda yo‘q. Ruhimni fotiha va takbir bilan shod etinglar”. 

1992 yil nashr etilgan “Amir Temur o‘gitlari” to‘plamida Sohibqironing so‘nggi vasiyati keltiriladi.

“Alhamdulilloh, Tangri taoloning yordamila ma’murayi olamni shunday zabt etdimki, bugun tamoman Eron-u Turonda biron kishining boshqalarning ishiga aralashish yoki jabr-u bepok qo‘lini bechoralarga ozor berish uchun ko‘tarishga majoli yo‘qdir. Gunohim qancha ko‘p bo‘lsa ham kechiringlar. Tangri taoloning mulkini beqiyos saxiylik bilan qo‘riqladim, zolimlarning taaruzli qo‘lini mazlumlarning hayot etagidan yulub tashladim. Saltanat qurib o‘ltirganimda, zo‘ravonning zaif ustidan zo‘ravonlik qilishiga yo‘l qo‘ymadim.

Shunday bo‘lsa-da, dunyo menga vafo qilmadi, sizlarga ham vafo qilmaydi. Lekin zo‘ravonlikka monelik qilish, ishini kechiktirish mamlakatni xavf-u g‘avg‘o ostida qoldiradi, jumlayi xaloyiqning huzur-halovatini buzib, maslag-u tariqatning buzulishiga olib keladi. Qiyomat kuni buni bizdan so‘raydilar, surishtiradilar.

Shu kundan e’tiboran farzandim Muhammad Jahongir Mirzoning o‘g‘li Pirmuhammadni o‘zimga valiahd va toj-u taxt vorisi etib tayinladikkim, Samarqand taxti uning amr-farmonida bulg‘ay. Tamkinlik va istiqlol bilan mulk-u millat, lashkar va raiyatning muhim yumushlari bilan mashg‘ul bo‘lsin. Sizlar esa unga tobe’lik va bo‘ysunish marosimini o‘rniga qo‘yinglar, uni birgalikda qo‘llab-qo‘ltiqlanglar, toki olam buzilmasin.            

O‘g‘illarim! Millatning ulug‘ martabasini, saodatini saqlamoq uchun sizlarga qoldirayotgan vasiyat va tuzuklarimni yaxshi o‘qing, aslo unutmang va tatbiq eting. Millatning dardlariga darmon bo‘lmoq vazifangizdir. Zaifalarni va yo‘qsillarni zolimlar zulmiga tashlamang. Adolat va ozodlik rahbaringiz bo‘lsin. Men kabi uzun saltanat surmak istasangiz, qilichingizni o‘ylab chekingiz. Bir daf’a chekgandan so‘ngra, uni ustalik ila qo‘llangiz. Orangizga nifoq tuxumlari ekilmasligi uchun ko‘p diqqatli bo‘ling. Ba’zi nodimlaringiz va dushmanlaringiz nifoq tuxumlarini sochib, bundan foydalanmakka shoshilajakdurlar. Faqat vasiyatimda sizga idora shaklini, uning ilkurlarini ko‘rsatdim. Bularga sodiq qolsangiz tosh boshingizga tushmas. Mendan so‘ng xoqon Pirmuhammad bo‘lajakdur. Onga, menga itoat etar kabi itoat etingiz”. 

Saroyda hozir bo‘lganlar nomidan amir Shohmalik va Shayx Nuriddin ulug‘ Amir Temurni so‘nggi oxirat yo‘liga jo‘natish oldidan uning vasiyatlarini so‘zsiz bajarish va unga amal qilishga va’da beradilar. 1405 yil 18 fevral kuni kechqurun buyuk saltanat sohibi Amir Temurning yuragi urushdan to‘xtaydi. Uning jasadi Samarqandga olib kelinib, o‘z vasiyatnomasiga ko‘ra pir-u ustozi Shayx Said Baraka xokining oyoq tomoniga dafn etiladi.

Amir Temur barpo etgan ulkan saltanat

Shunday qilib, Sohibqiron Amir Temur Ko‘ragoniy 35 yil mobaynida Samarqand taxtini boshqardi. Shu davr mobaynida 30 dan ortiq harbiy yurishlar uyushtirib, 27 mamlakatni egalladi. Sohibqiron tuzgan saltanat sarhadlari janubda Arabiston yarimorolidan shimolda to Moskva knyazligiga qadar, sharqda esa Xitoy hududlaridan g‘arbda O‘rta yer dengizi va Misr davlatlari yerlarigacha cho‘zilib ketgan edi.

Amir Temur Farg‘onani hisobga olmaganda Movarounnahrda o‘zi hukmronlik qilib, qolgan hududlarni to‘rt qism — mulkka bo‘lgan. Tarixchi Bo‘riboy Ahmedovning yozishicha, Xuroson, Jurjo, Mozondoran, Seiston, (markazi Hirot) hududlari Shohrux Mirzoga, G‘arbiy Eron, Ozarbayjon, Iroq va Armaniston (markazi Tabriz) Mironshohga, Eronning janubiy qismi (markazi Sheroz) Umarshayxga, Afg‘oniston va Shimoliy Hindiston (markazi G‘azna keyinchalik Balx) nabirasi Pirmuhammadga suyurg‘ol (in’om) qilib bo‘lib berilgan edi. Bu ulus mulklar markaziy hokimiyatga bo‘ysunib, oliy hukmdorning farmoni bilan avloddan avlodga o‘tavergan. Bu hol esa ulkan saltanatning Amir Temur vafotidan so‘ng bo‘laklarga bo‘linib ketishining asosiy sabab bo‘ldi. 

Sohibqiron qurgan saltanatning parchalanishi

Amir Temurning vasiyatiga sodiq qolishga qasamyod qilgan shahzodalar hali ulug‘ Amirning jasadi so‘vimasdanoq bergan va’dalaridan yuz o‘girib, toj-u taxt uchun kurash boshlab yubordilar. Sarkardalar va saroy amaldorlari esa guruhbozlikni avjiga chiqarib, amirzodalarni qo‘lladilar. Natijada ne-ne zahmatlar ila Amir Temur tomonidan bunyod etilgan ulkan saltanat chok-chokidan so‘kilib, tanazzul tomon yuz tuta boshladi. Fosih Havofiy Amir Temurdan so‘ng, tirik qolgan uning o‘g‘il va nabiralarini sanab, jami ularning soni 36 taga yetishini ta’kidlagan. 

Qobul va shimoliy Hind mulklarning hokimi bo‘lmish Pirmuhammadni ko‘pchilik taxt egasi sifatida ko‘rishni xohlamas edi. Buning ustiga u ancha uzoqda bo‘lib, Samarqandga tezlik bilan etib kelishi uchun imkon ham yo‘q edi. Amir Temur vafotidan so‘ng, Movarounnahr, Xuroson, Eron, Ozarbayjon, Iroq va boshqa yerlarda notinchlik boshlanib, g‘alayonli vaziyatlar yuzaga kela boshladi.

Ko‘plab saroy mulozimlari taxt egaligiga ko‘proq Shohruhni ma’qul ko‘rib, uning insoniy sifatlariga yuqori baho berishgan. Shohruh Mirzo taxt egasi bo‘lishidan avvalroq ham o‘zining oqillik va ilmlilik, zukkolik va taqvodorlik sifatlari bilan hurmat qozongan edi. Shuningdek, bu vaqtda Amir Temurning boshqa bir o‘g‘li Mironshoh (1366-1408) ham hayot bo‘lib, u ham asosiy taxt da’vogarlaridan biri hisoblanardi.

Temuriy shahzodalar o‘rtasidagi Samarqand taxti uchun kurash

Toj-u taxt uchun kurashishni birinchi bo‘lib Mironshoh Mirzoning 22 yoshli o‘g‘li shimoliy yerlar (Toshkent, Sayram, Turkiston) hokimi Halil Sulton Mirzo boshlab beradi. O‘zboshimcha Halil Sulton 1405 yil 18 mart kuni Samarqand taxtini egallab, o‘zini Movarounnahrning oliy hukmdori deb e’lon qiladi. Hatto, u Pirmuhammadga tegishli Amudaryoning o‘ng tarafidagi yerlarni ham o‘z tasarrufida, deb e’lon qiladi. Avval, boshdan uni qo‘llagan Movarounnahr amirlari, harbiy sarkardalar ko‘p o‘tmay undan ixloslari qayta boshlaydi. Halil Sulton va ayniqsa uning xotini Shodimulk poytaxtda ko‘plab nojoiz ishlarga izn berishadi. Temur davrida nufuzli bo‘lgan ba’zi amaldor va zodagonlarning mulkini tortib olish boshlanadi. Davlat xazinasi o‘z holicha sovuriladi, hokimiyatga ko‘plab nomaqbul amaldorlar kela boshlaydi. Shohruh bilan birinchi o‘zaro nizodan so‘ng, Halil Sulton garchi uning oliy hukmdorlik huquqini tan olsa-da, Movarounnahr uning ixtiyorida qolajagini ma’lum qiladi. Halil Sultonni Iroq tomondan boshqa bir kuch otasi Mironshoh Mirzo ham qo‘llab-quvvatlaydi.

Movarounnahr hokimi Halil Sultonning o‘z holicha ish tutishi, temuriy zodagon amirlarning kamsitilishi, musulmon ulamolari, jumladan naqshbandiya tariqatining taniqli shayxi Muhammad Porsoning tahqirlanishi muxolif kuchlarning dushmanligini kuchaytirib yuboradi. Avval, Farg‘ona hokimi Amir Xudoydod, O‘tror hokimi Berdibek keyinchalik, Halil Sultonning o‘z ukasi Mirzo Sulton Husayin Amudaryo bo‘ylarida o‘z akasiga qarshi bosh ko‘taradi.

1407 yilninig 22 fevralida taxt valiahdi hisoblangan Pirmuhammad o‘zining vaziri Pirali Toz tomonidan suiqasd natijasida o‘ldiriladi. Keyinchalik, o‘zini Pirmuhammadning “qasoskori” deb e’lon qilgan Shohruh Pirali Tozni Hirotda qatl ettiradi. 1408 yilning 22 aprelida esa qoraqo‘yunli turkmanlar bilan jangda hokimiyat uchun boshqa bir da’vogar Mironshoh Qora Yusuf tomonidan o‘ldiriladi. Natijada, Ozarbayjon va Iroq hududlari temuriylar tasarrufidan chiqadi.

Shohruh Mirzoning Samarqand taxtini egallashi

1409 yilning boshida Movorounnahrda siyosiy vaziyat yanada keskinlashdi. Amir Xudoydod shu vaqtda Halil Sultonni Samarqand yaqinidagi Sheroz qishlog‘ida mag‘lubiyatga uchratib, uning o‘zini asirlikka oldi. Xuroson hokimi Shohruh esa o‘ziga qarashli bo‘lgan Mozandaron va Mashhadni, so‘ngra uning mulkiga o‘tgan Seyiston va Kirmonda o‘z hokimiyatini mustahkamlab, butun e’tiborini Movarounnahrga qaratadi. Sheroz jangidan bir oz avval, Shohruh Halil Sultonga Movarounnahr taxti uchun jang qilish xususida xat yuborgan edi. Maktubda Shohruh saltanat markazidagi bedodliklarga bundan buyon befarq bo‘la olmasligini bildirib o‘tadi. 

1409 yil 25 aprel kuni Shohrux Mirzo Amudaryodan o‘tib Samarqand tomon lashkar tortadi.Tez orada, Amir Xudoydod qo‘shinlarini Shohruh yuborgan harbiy qism tor-mor etib, Halil Sultonni asirlikdan ozod qiladi. Olijanob insoniylik sifatlariga ega bo‘lgan temuriy Shohruh Mirzo o‘zaro gina-qudratlarni unutib, Halil Sultonni yaxshi kutib oladi. Amir Xudoydod esa mamlakatdan qochib ketadi. 1409 yilning dekabriga qadar Shohruh Mirzo Movarounnahrda tinchlik osoyishtalikni o‘rnatib, Halil Sulton va boshqa temuriy shahzodalar tarafdorlariga qarshi keskin choralar ko‘radi. Izdan chiqqan xo‘jalik hayotni, savdo-sotiqni tiklaydi. Shohruh Sohibqiron davlatining o‘zagini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lib, 40 yil barqaror hukmronlik qiladi.

Shunday qilib, Sohibqiron vafotidan so‘ng, amaldorlarning tarafkashliklari, malikalarning o‘zboshimchalik bilan ish tutishi va temuriy shahzodalar o‘rtasida boshlangan adovatli kurash, oxir-oqibat ulkan saltanatning zaiflashuviga olib keldi.

Sardor Ali Nurmat


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

512

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing