AQSHni boy qilgan urush. Birinchi jahon urushining tugaganiga 103 to‘ldi (2-qism)
Bu qiziq
−
13 noyabr 2021
16280“Urush insoniyatga azob-uqubat keltirishi mumkin bo‘lgan eng katta ofatdir. U dinni, davlatlarni, oilalarni vayron qiladi. Har qanday musibat undan afzalroqdir”.
Nemis ilohiyotchisi Martin Lyuter
Urush shunday jarayonki, u ro‘y bergan joyda tinchlikni, to‘qlikni, halovatni, baxtni topib bo‘lmaydi. XX asrning boshlarida ochko‘z imperiyalar o‘rtasida dunyoni qayta bo‘lish istagi keng yoyildi. Buning natijasida dunyoni zir titratgan tarixdagi birinchi eng yirik harbiy to‘qnashuv kelib chiqdi. Tarixga “Birinchi jahon urushi” nomi bilan kirgan bu urushda dunyoning 38 ta mamlakati ishtirok etdi.
Kuni kecha e’lon qilingan “Dunyoning ikkiga bo‘linishi. Birinchi jahon urushining boshlanishi (1-qism)” nomli maqolamizda jahon urushining boshlanish sabablari va uning borishi haqida ma’lumot bergan edik. Mavzuni davom ettirgan holda bugun Birinchi jahon urushidagi qonli qirg‘inlar, AQSHning urushga qo‘shilishi, urushning Turkiston xalqlariga ta’siri hamda “Uchlar ittifoqi”ning mag‘lub bo‘lishi haqida so‘z yuritamiz.
Dengiz janglari
Quruqlikdagi urush harakatlarida har ikki tarafning kuchi tengligi kuzatildi. Lekin, dengizda “Antanta” ittifoqi so‘zsiz ustunlik qildi. 1914 yilda Germaniya harbiy-dengiz floti bir qator janglarda mag‘lubiyatga uchradi. Shimoliy dengizni Angliya floti egallab oldi. O‘rta Yer dengizi ham Fransiya va Buyuk Britaniyaning nazoratida edi.
Urush davomida harbiy qurollarning yangi turlaridan keng foydalanildi. Xususan dengiz janglarida yangi kashf etilgan suv osti kemalari muhim rol o‘ynadi. 1915 yilning fevral oyigacha nemis suv osti kemasi dushmanning bitta linkorin (katta kema), beshta kreyser (linkorindan kichikroq, tez yurar harbiy kema), avianosets (samolyotlar uchishi va ko‘nishi uchun moslashgan harbiy kema), kanonerka (kichik va yengil, tezyurar harbiy kema) va bitta suvosti kemasini ummon tubiga g‘arq qilgan.
1915 yilning fevral oyida Germaniya imperatori Vilgelm II ning farmoniga muvofiq La-Mansh bo‘g‘ozi “harbiy hudud” deb e’lon qilindi. 18 fevraldan boshlab bu hududdan suzib o‘tayotgan barcha kemalar ummon tubiga cho‘ktirildi. Nemis suvosti kemalari hech qanday ogohlantirishsiz betaraf davlatlarning kemalariga hujum qila boshladi. 1915 yil 7 may kuni nemis suv osti kemasi Angliyaning “Luzitaniya” kemasiga hujum qildi. Kema bortida 2 mingdan ortiq yo‘lovchi bo‘lib, hujum natijasida 1195 kishi halok bo‘ldi.
Italiyaning urushga qo‘shilishi
Urushning cho‘zilishi tomonlarni yangi ittifoqchilar izlashga majbur qildi. 1882 yilda “Uchlar ittifoqi”ga qo‘shilgan Italiya, urush boshlangan vaqtda betarafligini e’lon qildi. 1915 yilga kelib Italiya hukmron doiralari qaysi ittifoq tomonidan urushga kirishga ikkilanib qoldi. Ular ham “Antanta” davlatlari, ham “Uchlar ittifoqi” bilan savdolashdi. Shu vaqtda Germaniya va Avstriya-Vengriya qo‘shinlari Marna sohilida, Polsha hamda Galitsiyada mag‘lubiyatga uchradi. Bundan foydalangan Fransiya va Angliya Italiyaga katta-katta va’dalar berib, uning qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirdi. Puch va’dalarga ishongan Italiya 1915 yilning may oyida Avstriya-Vengriya va Germaniyaga urush e’lon qildi.
Buyuk chekinish
1915 yilning boshiga kelib Sharqiy front urushning asosiy jang maydoniga aylandi. Germaniya va Avstriya-Vengriya o‘z qurolli kuchlarining yarmiga yaqinini Sharqiy frontga olib kelib, hujumga o‘tdi. Rus armiyasi himoyalanishga majbur bo‘ldi. To‘qnashuvlar oqibatida Rossiya o‘zining 850 mingga yaqin soldat va zobitini yo‘qotdi. Bundan tashqari, 900 ming kishi asirga tushib qoldi.
1915 yilning yozida Germaniya bosh shtabi Rossiya armiyasiga o‘q dori va oziq-ovqat yetmasligidan xabar topdi va Sharqiy frontda yangi hujum boshladi. Og‘ir holatga tushib qolgan podshoh hukumati armiyani saqlab qolish uchun 1812 yilda Napoleonga qarshi qo‘llanilgan taktikani takrorlashga buyruq berdi. Unga ko‘ra, rus qo‘shinlari Polshani, Boltiqbo‘yi, G‘arbiy Belarus va G‘arbiy Ukrainani tashlab chiqishga majbur bo‘ldi. Bu chekinish Rossiyani muqarrar mag‘lubiyatdan saqlab qoldi va tarixga “Buyuk chekinish” nomi bilan kirdi.
Dardanel operatsiyasi
O‘sha vaqtda Angliya armiyasida xizmat qilayotgan yosh zobit Uinston Cherchillning tashabbusi bilan “Dardanel operatsiyasi” deb nomlangan hujum amalga oshirildi. Bu hujum 1915 yilning 19 fevralidan, 1916 yil 9 yanvargacha davom etdi. Bundan maqsad Usmoniylar imperiyasining poytaxti Konstantinopolni qo‘lga kiritib, turklarni urushdan chiqarish va Rossiya imperiyasiga yordam uchun dengiz yo‘lini ochish bo‘lgan. Biroq bu hujum muvaffaqiyatsiz yakunlandi.
Verden qirg‘ini
1916 yilga kelganda urishayotgan har ikki ittifoqchi mamlakatlarning sillasi qurib qoldi. 1915 yilda Sharqiy frontda Germaniya va Avstriya-Vengriya bir nechta hujumlar uyushtirdi. Biroq Rossiya taslim bo‘lmadi.
1916 yilda Germaniya e’tiborini yana G‘arbga qaratdi. “Uchlar ittifoqi” Fransiyani taslim etish uchun asosiy kuchlarini yana G‘arbiy frontga to‘pladi. Ittifoqchilar qo‘shini yangi reja asosida harakat qilib, Verden shahriga hujum qilish uchun qulay fursatni kutdi. Agar Verden qal’asi nemislar tomonidan egallansa, ular uchun Parijga yo‘l ochilar edi.
Verden qal’asi atrofida katta kuchni to‘plagan Germaniya va uning ittifoqchilari 1916 yil 21 fevral kuni o‘zlarining bor harbiy salohiyatlari bilan hujum boshladi. Nemislarning artilleriyasi fransuz-ingliz pozitsiyasini ayovsiz bombardimon qildi. Fransiya hukumati frontning boshqa qismidagi diviziyalarini Verdenga jo‘natishga majbur bo‘ldi. Qal’aga keladigan yo‘lni fransuz askarlari “Muqaddas yo‘l”, “Jannatga yo‘l” deb atadilar. Chunki bu yo‘ldan ketgan jangchilarning juda ozchiligi tirik qolgan. Hujumlar natijasida nemis armiyasi atigi yetti kilometr oldinga siljiy oldi. To‘qnashuvlar 10 oy davom etdi va har ikki tomondan bir million askar halok bo‘ldi. Shu sababli bu jang tarixga “Verden qirg‘ini” nomi bilan kirdi.
1916-1917 yillardagi urush harakatlari
Germaniya qo‘shinlari 1916 yilning fevral oyida G‘arbiy frontda hujumga o‘tgach, Fransiya yordam so‘rab yana Rossiyaga murojaat qildi. Bunga javoban general Brusilov qo‘mondonligidagi rus armiyasi may oyida Sharqiy frontda hujum boshladi. Avstriya-Vengriya qo‘shinlari og‘ir ahvolga tushib qoldi. O‘z ittfoqdoshini qutqarish uchun Germaniya G‘arbiy frontdagi 11 ta diviziyasini Sharqqa ko‘chirdi. Bu g‘arbdagi fransuz-ingliz armiyasiga hujumga o‘tish uchun imkoniyat yaratdi. 1916 yil 1 iyul kuni Somma daryosining bo‘yida fransuz-ingliz qo‘shinlari hujum boshlab, Germaniya mudofaa chizig‘ini yorib o‘tdi. Aynan shu jangda yangi qurol tank sinovdan o‘tkazildi. Somma jangi urush taqdiriga katta ta’sir ko‘rsatdi. Tarixiy hujjatlarda qayd etilishicha, bu to‘qnashuvda har ikki tomondan jami 1 million 300 ming kishi halok bo‘lgan.
AQSHning urushga qo‘shilishi
1917 yilning bahoriga kelib Germaniya va uning ittifoqchilari anchayin zaiflashib qoldi. Xatto, Germaniyada urushga qarshi namoyishlar boshlandi. Buni diqqat bilan kuzatib turgan AQSH “Antanta” tomonidan urushga qo‘shilishga qaror qildi. Bundan tashqari, Amerika Buyuk Britaniya va Fransiyaga katta miqdorda qarz bergan edi. Agar “Antanta” ittifoqi urushda mag‘lub bo‘lsa, olingan qarzlar qaytarilmasdi. Shunday qilib 1917 yil 6 aprel kuni AQSH “Uchlar ittifoqi” ga qarshi urush e’lon qildi va jahon urushiga kirdi.
Birinchi jahon urushining Turkistonga ta’siri
Boshlangan urush Rossiya iqtisodi og‘ir ahvolda ekanini ko‘rsatib qo‘ydi. Armiya jangovar holatga tayyor emasdi, o‘q-dorilar yetishmasligi sezilib turardi. Urush davomida qishloq xo‘jaligi vayron bo‘ldi, ekin maydonlari qisqarib ketdi, qishloqda ishchi kuchi yetishmas edi.
Talafotlar o‘rnini to‘ldirish va harbiy xarajatlar o‘sishini qoplash maqsadida qo‘shimcha mablag‘lar izlar ekan, Chor hukumati o‘zi uchun ancha odatiy va eng oson bo‘lgan yo‘ldan, ya’ni o‘z mustamlaka o‘lkalarini talash, urush olib borish uchun sarf-xarajatlarning katta qismini mustamlakalari, jumladan, Turkiston o‘lkasi gardaniga yuklash yo‘lidan bordi.
1916 yil 25 iyunda e’lon qilingan podshoh farmoniga muvofiq Turkistonda 19 dan 43 yoshgacha bo‘lgan mahalliy millatga mansub erkaklarni harakatdagi armiya mintaqalarida mudofaa inshootlari qurish, shuningdek, davlat mudofaasi uchun zarur bo‘lgan ishlarga jalb etildi. Xalqqa qilingan bu qadar zulm ortidan Rossiyada Bolsheviklar davlat to‘ntarishi o‘tkazdi. Podshoh hokimiyati ag‘darilib, sotsialistlar davlat tepasiga keldi.
Urushning tugashi va uning oqibatlari
1918 yilga kelib Amerika Yevropaga 2 millionga yaqin qo‘shin jo‘natdi. AQSH, Angliya va Fransiyaning birlashgan armiyasi G‘arbiy frontda shiddatli hujumlar uyushtirdi. Uzoq davom etgan urush Germaniya, Avstriya-Vengriya, Turkiya, Bolgariyaning tizzasini bukdi. 1918 yilning yozida nemis armiyasi G‘arbiy frontda keng miqyosli hujum tashkil qildi. Ammo bu hujum besamar yakunlandi. Buning oqibatida Germaniyada inqilobiy harakatlar avj oldi.
1918 yilning sentyabrida Bolgariya urushdan chiqdi. Avstriya-Vengriya imperiyasi bo‘linishni boshladi. 1918 yil 4 noyabr kuni Germaniyada inqilob boshlandi. Imperator Vilgelim II mamlakatdan qochib ketdi. 7 noyabr kuni nemis armiyasi oq bayroq ko‘tardi. 11 noyabr kuni Kompen o‘rmonida Germaniya taslim bo‘lganligi haqida shartnoma imzolandi. Shu tariqa Birinchi jahon urushi yakuniga yetdi. Bu urushda dunyoning 38 ta davlati qatnashdi. Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, urush boshlanganidan tugagunigacha 74 millionga yaqin inson frontga safarbar etilgan. Shulardan 10 millionga yaqini halok bo‘lgan. 20 milliondan ortiq inson mayib-majruh bo‘lib qolgan.
Birinchi jahon urushi insoniyat boshiga ko‘plab falokatlar keltirdi. Jahon urushi odamlarni Vatandan, oilasidan, halovatidan judo qildi. Ammo millionlab odamlarning yostig‘ini quritgan urushdan deyarli hech bir davlat to‘g‘ri xulosa chiqara olmadi. Bu esa birinchisidan ko‘ra dahshatliroq, qo‘rqinchliroq halokatga – Ikkinchi jahon urushiga sabab bo‘ldi.
LiveBarchasi