AQSHdagi uchrashuv yakunlandi, muzokaralar davom etadi – Umarov
Olam
−
20 dekabr 3099 2 daqiqa
Mayamida AQSH va Yevropa Ittifoqi vakillari bilan uchrashuv yakunlandi. Keyingi muzokaralar AQSH va Rossiya o‘rtasida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi (MXMK) kotibi Rustam Umarov Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Uning aytishicha, uchrashuv kecha, 19 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan. U detallarni oshkor qilmagan, ammo uchrashuvda “Kiyevning Yevropadagi hamkorlari” ham ishtirok etganini qayd etgan.
“AQSH va Yevropa hamkorlarimiz bilan uchrashuvni yakunladik. Uchrashuv natijalarini Ukraina Prezidentiga ma’lum qildik. Amerikaning hamkorlari bilan kelgusidagi qadamlar va yaqin kelajakda birgalikdagi ishlarni davom ettirishga kelishdik”, deya yozgan Umarov.
Mayamiga bormasdan oldin Umarov ta’kidlaganidek, uchrashuvda 23 noyabr kuni Jenevada Ukraina va AQSH delegatsiyalari o‘rtasida muhokama qilingan masalalar ko‘rib chiqilgan. Ushbu masalalar, o‘z navbatida, “Trampning Ukraina bo‘yicha rejasiga” asoslangan edi.
Bugun, 20 va ertaga, 21 dekabr kunlari Mayamida Rossiya delegatsiyasi, Prezident vakili Kirill Dmitriyev boshchiligida muzokaralarda ishtirok etadi. U AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Kushner bilan uchrashadi.
14–15 dekabr kunlari Berlin uchrashuvida Umarov bilan birga Prezident Vladimir Zelenskiy ishtirok etgan. Uchrashuv yakunida AQSH tomoni Ukrainaga Rossiya bilan urush tugagach xavfsizlik kafolatlarini ta’minlashni va’da qilgan.
Shu bilan birga, Tramp rejasidagi asosiy bahsli nuqta – Rossiyaga Donetsk va Lugansk viloyatlarining hali egallanmagan hududlarini faktik ravishda berish masalasi. Berlin uchrashuvida Moskva tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Kushner va Uitkoff bu talabni ilgari surgan.
Kreml tomoni esa bu masala bo‘yicha talablarni ochiq va tez-tez takrorlamoqda. Prezident Vladimir Putin agar Kiyev uning xohishini bajarmasa, Ukrainaning ayrim hududlarini kuch bilan egallash bilan tahdid qilmoqda.
Live
Barchasi