AQSHda alsgeymer kasalligiga davo topildi

Salomatlik

image

AQSH oziq-ovqat va farmatsevtika idorasi bedavo hisoblangan alsgeymer kasalligini tuzatishda qo‘llash uchun yangi preparatni tasdiqladi.

Qayd etilishicha, Yangi preparat Yaponiyaning Eisai va Amerika Qo‘shma Shtatlarining Biogen kompaniyalarining qo‘shma mahsuloti bo‘lib, unga “Leqembi” deya nom berilgan. Preparat samaradorligi isbotlangani va aholi orasida talabning yuqoriligi uchun tezlashtirilgan asosda rasmiy idoralar tomonidan tasdiqlangan.

AQSH oziq-ovqat va farmatsevtika idorasiga ko‘ra, bu davolash usuli kasallik belgilari kuzatilganida uni to‘xtatishda samara bergan. Ammo preparat yorlig‘ida kasallikning erta yoki keyingi bosqichlarida davolanish boshlanganida xavfsizlik yoki samaradorlik haqida ma’lumot yo‘qligi ta’kidlangan.

Preparatning sinov jarayonlari, alsgeymer kasalligining  yengil buzilishlari aniqlangan 865 bemorda o‘tkazilgan va yangi preparatni iste’mol qilgan guruh, odatiy usulda davolangan guruhga qaraganda yaxshiroq natijaga erishgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, 2022 yilning iyun oyida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Jumadulla Rametov alsgeymer kasalligiga chalingani ma’lum bo‘lgan edi.

Alsgeymer kasalligi haqida

Alsgeymer kasalligi qadimgi shifokorlar tomonidan tasvirlangan. Ammo nemis psixiatri Alois Alsgeymer nihoyat uning sabablari, davri va alomatlarini 1901 yilda aniqlay olgan. Olti yil o‘tgach, u o‘z bemorlaridan birida ushbu kasallikning kechishini batafsil o‘rganib chiqdi. O‘shandan beri bu kasallik uning nomi bilan ataladi.

Odatda bu xastalik 65 yoshdan oshgan kishilarda kuzatiladi. Ammo erta al’sgeymer kasalligi ham mavjud bo‘lib, xastalikning bu shakli kam uchraydi. U 2006 yilda global kasalliklar qatoridan o‘rin olib, xastalikka chalinganlar soni 26,6 millionni tashkil etdi. 2050 yilga kelib ushbu raqam 4 baravarga oshishi mumkin. 

Odatda kasallik kichik alomatlar bilan boshlanib, vaqt o‘tgani sayin rivojlanib boradi. Birinchi alomatlar yakuniy tashxisdan bir necha yil oldin paydo bo‘ladi. Kasallikning ushbu davri “boshlang‘ich” deyiladi. Alsgeymer kasalligining sabablari va rivojlanishi haqida to‘liq ma’lumot hali olinmagan.  Uning boshlanishini qisqa muddatli xotiraning buzilishi va yangi ma’lumotlarni o‘zlashtirishda qiyinchiliklarda aks etadi. Shuningdek, diqqatni jamlash, o‘z faoliyatini rejalashtirishga qodir emaslik, mavhum va mantiqiy fikrlash bilan bog‘liq muammolar paydo bo‘lishi, ba’zi so‘zlarning ma’nosini unutish – kasallikning tashvishli signalidir. 

Ayrim hollarda xastalik uzoq muddat o‘zini yuzaga chiqarmaydi. Aniq tashxisdan keyin o‘rtacha umr ko‘rish muddati esa yetti yil. Bemorlarning kamida 3 foizi 14 yildan ko‘proq yashaydilar. 

Zamonaviy terapiya usullari simptomlarni biroz yengillashtiradi, ammo hozirgi kunga qadar ular kasallikning rivojlanishini to‘xtatish yoki susaytirishga imkon bermaydi. Terapiyaning ko‘plab istiqbolli usullari klinik sinovlar bosqichiga yetdi, ularning soni 2008 yilda besh yuzdan oshdi, ammo ularning samaradorligi isbotini topmagan. 

Alsgeymer kasalligining oldini olishning ko‘plab usullari mavjud, ammo ularning kasallikka ta’siri qayd etilmagan. Kasallikning oldini olish uchun ham, uni nazorat qilish uchun ham jismoniy mashqlar qilish, fikrlashni rag‘batlantirish va sog‘lom ovqatlanishga rioya qilish tavsiya etiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1

Reyting

2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing